Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Dom»da turadigan Abdurahmonov, metroda qatnaydigan Ortiqxo‘jayev...

«Dom»da turadigan Abdurahmonov, metroda qatnaydigan Ortiqxo‘jayev...

Illyustrativ foto

Yevropada eng iqtisodi gurkiragan davlat – Germaniyaning kansleri Angela Merkel o‘z lavozimidan ketishi haqida aytganda, xalq unga hurmati va mehrini bildirdi.

Angela Markel bosh vazir bo‘lishiga qaramay, oddiy hayot kechirishi, ikki xonali uyda yashashi, xizmatkorlari yo‘qligi, bir kiygan kiyimini qayta kiyib odamlarga ko‘rinish berishi tahsinga loyiq.

Undan oldinroq qaysidir bir xorijlik vazirning velosipedda ishga borib kelishi, yana bir vazirning hamma qatori tushlik uchun navbatga turgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Shunday kamtar, oddiy hayot kechiradigan, o‘zi kir yuvadigan, o‘zi bozor qiladigan, ishga qimmat xizmat mashinasida emas, velosipedda qatnaydigan, hamma qatori navbatga turadigan amaldorni biz ham istashimiz, orzulashimiz bor gap.

Xo‘sh bizda birorta amaldor, ya’ni vazir, hokim, rais xuddi shunaqa hayot kechirsa, shunday ochiq va halol bo‘lsa, jamiyat qanday baholaydi, qanday kutib oladi? Birinchi o‘rinda u qarindoshlarining, tanishlarining nazaridan qoladi. Keyin yon atrofidagi hamkasblarining...

Xo‘sh, aytingchi, oddiygina misol – bazmlarga bir ko‘ylagini 2-3 marta kiyib borgan ayolning orqasidan gapirmaganmisiz, yoki amaldor bo‘la turib, mashinasi yo‘q bo‘lgan odamga hayratlanib qaramaganmisiz? Katta lavozimda o‘tirib dabdabali to‘y qilganlarga havaslanmaganmisiz? Birorta amaldor oddiyroq oila bilan quda bo‘lsa, ustidan kulmaganmisiz?

Teng-tengi bilan, degan gap ham bizdan chiqqanku. Tasavvur qildim, birorta vazirimizning bir umr ikki xonali uyda yashab o‘tishini, odmigina kiyinishini va o‘zi bozor o‘char qilib yurishini.

Xo‘sh, shunday hayotni tanlasa kim hurmat qiladi uni? Birinchi o‘rinda yaqinlari mensimay qo‘yadi. «Yurishini qara, vazir bo‘p turib bitta xizmatkori yo‘q, ishning ko‘zini bilmaydi», deb gapiradiganlar ham o‘sha Angela Markelni og‘zining suvi qochib maqtayotganlar.

Aslida amaldorlarni shu darajaga yetkazishda biz – oddiy xalqning ham hissasi bor. Ularni amaldorligi uchun, uy-joyi, boyligi, tanish-bilishlari ko‘pligi uchun hurmatini joyiga qo‘yganimiz, ko‘klarga ko‘targanimiz, yetti bukilib salom berganimiz uchun dabdabaga, hashamatga intiladi ular. Biladi, agar qimmat mashinasi, qo‘sha-qo‘sha uy joyi bo‘lmasa va shu boyligining ortidan viqor bilan yurmasa, hurmat topolmaydi.

Bizning jamiyat, bizning xalq halol va yaxshi, kamtar, oddiy odam bo‘lish kerakligini uqtiradi, hurmatlaydi, go‘yoki yaxshi odam deb tan oladi, lekin qo‘sha-qo‘sha mashinasi, qo‘sha-qo‘sha qasrli uyi bor, tanish-bilishi bisyor, qayoqqa qo‘li cho‘zsa yetadigan amaldorni to‘rga chiqaradi, havas qiladi. Aytingchi, kimga yoqmaydi doimo to‘rda o‘tirish?!

Balki bizning oramizda ham kamtarona yashayotgan amaldorlar bordiru, biz qadriga yetmayotgandirmiz. Jamiyat, odamlar nazaridan qolgani, o‘sha kamtarligini hurmatlamaganimiz uchun, jamiyatga sig‘dirmaganimiz uchun ayni paytda hafsalasi pir bo‘lgandir.

Angela Markelni shu oddiyligi, kamtarligi uchun yaxshi ko‘radigan, qadrlaydigan xalqi bor. Uning oddiy turmush tarzini yoqlaydigan aynan oddiyligi uchun mana shunday mashhurlik darajasiga yetkazgan xalqi bor.

Biz tayyormizmi shunday kamtarona yashaydigan amaldorlarni, vazirlarni, hokimlarni tan olishga? Uyimizning to‘riga, tadbirlarimizning asosiy qahramoniga aylantira olamizmi? Yoki birinchi o‘rinda uning kiygan kiyimiga, mashinasining qimmat yoki arzonligiga e’tibor qaratamizmi?

Tasavvur qiling, sizning uyingizga vazir qarindoshingiz velosipedda kirib keldi yoki masalan aytaylik, senat raisi Tanzila Norboyeva hamma qatori tushlikka navbatga turibdi, Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov oddiy «dom»da yashaydi, ishga piyoda qatnaydi... Metroda ketayapsiz, keyingi bekatda Jahongir Ortiqxo‘jayev papkasini qo‘ltiqlab chiqdi. Ekopartiya raisi Narzullo Oblomurodov ko‘chada kasal bo‘lib yotgan mushuknimi yoki itnimi ko‘rib qoldi va mashinasidan tushib uni vetklinikaga olib ketdi yoki o‘zi turadigan hududga daraxt ekib yuribdi.  

Ming chiranmang, tasavvur qilolmaysiz, aniqrog‘i hazm qilolmaysiz. Lekin aniq bilaman, barchamiz navbatda turgan bo‘lsak, o‘sha zahoti navbatimizni bo‘shatib beramiz, metroda bir vagon odam o‘sha zahoti turib shahar hokimiga joy berishga oshiqadi va bilamanki, hammamizning qo‘limiz ko‘ksimizda.

Aniq bilaman, mashinadan tushib (tasavvur qilolmayapman) biror hayvonni vetklinikaga olib ketayotgan raisni ko‘rgan tanishlari, «g‘alati ekan-a» deydi yoki daraxt ekdirishga qo‘ymay, darrov o‘zlari yer kovlashga tushib ketadi.

Aniq bilaman, Angela Markel ketayotganda xalq qarsak chalib  kuzatadigan reaksiya bo‘lmaydi bizda... Hech kim ularga qarsak chalmaydi, balki hayratlanadi va ichida kuladiyam ustidan. Bu vaziyatda o‘zini noqulay sezgan amaldorlarimiz esa, albatta, och qulog‘im tinch, deb xalqni balandroqdan turib kuzatadi.

Unutmang, xalq qanday bo‘lsa, amaldorlar shunday. «Teng-tengi bilan», degan gap ham aynan bizga tegishli, bizning gapimiz va biz haqimizda...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring