Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Komil Allamjonov «o‘ldiradigan» qonunlarga munosabat bildirdi

Komil Allamjonov «o‘ldiradigan» qonunlarga munosabat bildirdi

Foto: https://t.me/allamjonov_ki

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinishiga munosabat bildirdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari birinchi o‘qishda matbuotga jiddiy moliyaviy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qilibdi.

Eng qizig‘i, bizdan ham bu borada taklif so‘rashgan edi. Lekin tushunishimizcha, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bizning takliflarni kiritmagan yoki yana boshqa sabab bor. Hozircha bizga bu qorong‘u. Vaholanki, Bosh vazirimiz boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masala muhokama qilinib, matbuot sohasidagi qonun loyihasi, albatta, matbuotchilar bilan kelishilgan holda, ularni «o‘ldirish» emas, balki moliyaviy rivojlanishiga omil bo‘ladigan ko‘rinishda kiritilishi kerakligi ta’kidlangan edi.

Bundan tashqari, deputatlarimiz nima hujjat kirsa ham, tugmani bosib o‘tirmasdan uni qabul qilishdan oldin, sal mas’uliyatni his qilib, o‘sha qonunlar oqibatini ham o‘ylasalar yaxshi bo‘lardi. Tuppa-tuzuk ishlab turgan tizimni buzishning kimga keragi bor? Ushbu hujjat 98,4% ovoz bilan birinchi o‘qishda qabul qilinibdi. Bu degani deyarli hech kim qarshi bo‘lmagan bu cheklovlarga. Maqsadingiz tushunarsiz.

Mana personallashtirish haqida qabul qilgan qonuningiz ham umuman ishlamayapti. Unga asosan hozirda barcha gigant IT-kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Google Facebook, Instagram, TikTok, YouTube va Yandex dengi kabi bank to‘lov tizimlari kabilar o‘z serverlarini respublikamiz hududiga o‘rnatishlari aks xolda jarimaga tortilishi va ishlay olmasligi kerak. Vaholanki, Facebook, Google va boshqa ijtimoiy tarmoq va platformalar nafaqat jarima, balki vazirliklar so‘roviga javob ham bermayapti. Shartimizga gigantlar ko‘nmasa, ertaga nima bo‘ladi? Yana o‘chirib qo‘yamizmi? Balki, Shimoliy Koreyaga xavas qilayotgandirsiz?Albatta, bu boshqa masala.

Hurmatli deputatlar, agar mahalliy matbuot o‘lsa, ertaga, hatto, o‘z saylov kampaniyangizni ham chet el matbuoti orqali yalinib, yolvorib amalga oshirishingizga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Undan tashqari, o‘zi shundoq ham oson bo‘lmagan kunlarni boshidan o‘tkazayotgan davlat budjetiga ham sezilarli zarar keltiradi bu hujjat.

Xususiy telekanallar budjet puliga emas, faqatgina reklama orqali kun ko‘radi va rivojlanadi. Agar reklamaga o‘ylab, o‘ylamay to‘siqlar qo‘yilsa, yana hamma kabel telekanallari, Rossiya va xorij kanallarini ko‘rishga o‘tadi, ular g‘oyasi bilan boqiladi. Yoki shumi maqsad?

Mass-media fondi ushbu qonun loyihasiga mutlaqo qarshi. Biz barcha matbuotchilar nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatdan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, uning rivojiga g‘ov bo‘ladigan, uni moliyaviy jihatdan «o‘ldiradigan» qonunlar qabul qilish va ma’qullashning oldini olishni so‘rab qolamiz, deb yozadi Komil Allamjonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring