Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jalaquduqqa 6 oy hokimlik qilgan Buzrukov ishdan ketgani aytilmoqda

Jalaquduqqa 6 oy hokimlik qilgan Buzrukov ishdan ketgani aytilmoqda

Jalaquduq tumani hokimi Furqat Buzrukov ishdan ketgani aytilmoqda. Katta-kichik davralarda (viloyat miqyosidagi) uning o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etishni so‘rab ariza yozganligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, hozirgacha rasmiy ma’lumot berilmadi. Tumanni esa salkam bir oydirki, Andijon viloyati hokimligining qishloq xo‘jaligi kotibiyati mudiri Ulug‘bek Rahimov vaqtincha boshqarib kelmoqda.

Albatta, hokim – jamoatchilik e’tiboridagi shaxs. Shu ma’noda Buzrukovning qay bir sababga ko‘ra hokimlikdan bo‘shaganligi, xususan, ayni lavozimda iqtidorga kelib, ortidan tayinli bir iz qoldirib ulgurmay - yarim yil o‘tar-o‘tmasdanoq nima uchun ishdan ketganligi ko‘plarni qiziqtirishi turgan gap.

Hozircha, yuqorida qayd etilganidek, rasmiy izoh berilmadi.

Xalq orasida esa duv-duv gap yuribdi:

- Hokim salomatligini tiklash uchun 10-15 kunga ruxsat so‘rabdimi?

- Yo‘g‘-e, unday bo‘lsa, vaqtincha boshqaruvga qator o‘rinbosarlari turganda, viloyatdan vakil jo‘natilarmidi? Bu yerda boshqa gap bor-ov... Qattiqqo‘llik o‘z yo‘liga, ammo eshitishimcha, Buzrukov ko‘p yig‘ilishlarda yuzing-ko‘zing demay, odamlarni behurmat qivorayotgan ekan!

- Majlislarda fermerlarning bloknotini bir-birma ko‘rib, imlo xatolarini ham tekshiryapti, deb gapirishyapti. “Nima, dehqon o‘qituvchimidi? Xato yozadi-da! Undan ko‘ra qishloq xo‘jaligi yumushlarini so‘ramaydimi bizdan?” deya fermerlar qattiq e’tiroz bildirishibdi-da!

- Tuman tashkilotlari rahbarlarini to‘plab, “Ko‘zinglarni ochinglar, hududdan biror gap viloyatga chiqsa, boshqacha gaplashaman. Men bu yerga lavozimda o‘sish, karera qilish uchun kelganman”, deb bir aytmabdi, ikki aytmabdi... Bu gaplar tepaga yetib bormaydi, deb o‘ylaysizmi?

-Yo‘g‘-e?!

- Ha-de!

Albatta, bular odamlar og‘zidagi mish-mish. Ammo shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, degan gap ham bor-da. Ayniqsa, “karera” masalasida. Eshiting.

Furqat Buzrukov endigina 35 yoshga kirgan bo‘lishiga qaramay, bir qator lavozimlarni ko‘rib ulgurgan kam sonli amaldorlardan.

Jumladan, Andijon viloyati hokimligida ham ishlagan Buzrukov Andijon pedagogika kolleji direktori, viloyat madaniyat va sport boshqarmasi rahbari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi hamda xalq ta’limi boshqarmalari boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Bu orada o‘tgan yili o‘n kuncha Andijon tumaniga hokimlik ham qildi. Shuuuncha mas’uliyatli rutbayu maqomlardan oshinib, o‘tgan yilgi deputatlik saylovlarida viloyat saylov komissiyasiga raislik qilishga ham ulgurdi. Qoyilmisiz?

Ana shunday mas’uliyatli mansablar ishonib topshirilayotgan ekan, lavozim pillapoyalaridan o‘sishni kim xohlamaydi? Shundan kelib chiqilsa, ehtimol, tag‘in biror vazifaga mo‘ljallanayotgandir? Yana kim bilsin...

Mayli, “Xizr nazar qilmasa, eshak bozorga dallol ham bo‘lmaysan”, degan hikmat bekorga aytilmagan. Avvalo, har kimning omadini bersin. Ammo hokimlar ortidan hududda biror iz qolishi kerak-ku. Buzrukov davrida Jalaquduqda nima o‘zgarishlar bo‘ldi?

Ko‘plar tomonidan berilayotgan bu nozik va haqli savolga hozircha jalaquduqliklardan tayinli bir gap chiqmayapti.

Furqat Buzrukov esa oxirgi sakkiz oy ichida ikki bor – avvaliga asakalik bloger Otabek Nuriddinov “ishi”da jabrlanuvchilardan biri sifatida, keyingi gal yurtimizda karantin tartibi avji kuchayayotgan kunlarda “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida chol va kampirlarni saflantirib piyoda sayr qildirgani ortidan ommaviy axborot vositalari e’tiboriga tushdi. Hozircha bor gap shu.

Nurillo No‘’monov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring