Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikki taniqli deputat tortishib qolishdi

Ikki taniqli deputat tortishib qolishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ikki taniqli deputat – Alisher Qodirov va Rasul Kusherbayev tortishib qolishdi.

«Ayrim payt poylab yurgan ayirmachi va «moy sepuvchi»larga qo‘l kelmasligi uchun aytib qo‘ymoqchi edim: Alisher aka Qodirov bilan mening o‘rtamizda bo‘lgan noqulay bahs sababi til masalasida emas, «snos» bilan bog‘liq edi», – deya vaziyatni qisqacha izohladi Kusherbayev.

Alisher Qodirov esa holatga batafsilroq to‘xtaldi.

«Bugungi yalpi majlisda men bilan Rasul Kusherbayev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tortishuv juda ham normal holat», – dedi u.

Tortishuv mavzusi davlat hokimiyati organlarining noqonuniy qurilishlarni buzish bo‘yicha qarorlarini sudga berishda davlat bojini to‘lash yoki to‘lamaslik haqida bo‘lgan.

«Menga qolsa sudga murojaat uchun umuman to‘lovlarni har qanday shakli bekor qilinishi kerak, adolatni izlash tortishuvlari faqat va faqat sudda bo‘lsin. Sud hamma uchun oson ochiladigan eshik bo‘lsin. Rasul esa bu norma hokimiyatlarni noqonuniy buzish ishlarini yanada rag‘batlantiradi, degan xulosada. Tortishuv shu nuqtada bo‘ldi.

Davlat soliq qo‘mitasi bilan Rasul o‘rtasidagi nizodan xabarim yo‘q edi, asabiy bo‘lishga asosi bor. Tortishuvimizdagi keskin so‘zlari uchun men ham Odob komissiyasiga murojaat qilganim rost. Lekin bu chaqiruvimni qaytib olaman. Qiyin paytda Rasulni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hamkasbimizni sudga jalb qilinishiga rozilik bermoqchi emasmiz.

Bugun Hukumat hisobotini eshitdik. Murakkab sharoitda Hukumat ham noan’anaviy ishlashni o‘rganayapti. Parlament ham erkin muhitda ishlashni endi o‘rganayapdi. Qo‘polroq gapirgani uchun parlament a’zosining javobgarlikka tortilishi demokratik islohotlarimizning ruhiga mos emas.

Qancha tortishsak ham maqsadimiz bitta – O‘zbekistonimiz rivojlanishi kerak!», deya qayd etdi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi Rasul Kusherbayevni sudga bergani ma’lum bo‘lgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring