Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hoş geldiniz!» – Osiyo bilan Yevropani bog‘lovchi mamlakatga sayohat (foto)

«Hoş geldiniz!» – Osiyo bilan Yevropani bog‘lovchi mamlakatga sayohat (foto)

Foto: Xabar.uz

Avval xabar berganimizdek, o‘zbekistonlik bir guruh jurnalist va blogerlar Turkiya madaniyat va turizm agentligi tomonidan tashkil etilgan «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi bilan tanishish maqsadida ushbu mamlakatda bo‘lib turishibdi. Ular orasida «Xabar.uz» muxbiri ham bor.

Ikkinchi kun

Safarning ikkinchi kuni Istanbulning Eski shahar qismida turizm yo‘nalishida qilingan ishlar bilan tanishildi. 16 millionlik aholiga ega va sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi Istanbul ko‘chalari juda keng bo‘lmasa-da, transport vositalari tartib bilan harakatlanadi.

Eski shahar qismida eng katta ikkita – Sulton Ahmad va Ayo Sofiya jome masjidlari joylashgan. Shu atrofda hammom, bozor, saroy, otchopar maydon – Ippodrom o‘rin olgan bo‘lib, ular bir kompleksni tashkil qiladi.  

Ippodromda sultonlar tomonidan chavondozlarning musobaqalari o‘tkazib kelingan. Aytishlaricha, bu tomoshalarni ko‘rish uchun yuz ming tomoshabinga mo‘ljallangan maydon tashkil qilingan. Maydon atrofida dastlabki suv inshooti, ya’ni «vodoprovod»ni nemis mutaxassislari qurib berishgan.

Pandemiya sharoitiga qaramasdan, bu yerga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ko‘p. Sayyohlar, albatta, masofa saqlashi, niqobda bo‘lishlari, qo‘lni tez-tez antiseptik suyuqlik bilan yuvish haqida belgilar har bir ob’yektda ko‘rinarli qilib joylashtirilgan. Tana harorati albatta o‘lchanadi. Sulton Ahmad jome masjidida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Albatta, bu ishlar ibodatga keluvchilar va ziyoratchilarga xalaqit berilmagan holatda qilinyapti.

Bozorlar hamisha odamlarni o‘ziga chorlab turadi. Istanbulning eski shahar qismida ikkita yirik – Grand va ziravorlar bozori bor. Sotuvchilarning kulib tavoze bilan «Hoş geldiniz!» deb chorlab turishi, maxsus idishda choy ulashib yurganlarni ko‘rib beixtiyor kayfiyattingiz ko‘tarilib ketadi. Turk shirinliklarini ta’riflash ortiqcha. Ta’miyu turli ranglarda tayyorlanishi, xushbo‘y hidi hamisha xaridorlarni o‘ziga ohanrabodek tortadi.

Turk qardoshlarmizning eski shahar bilan yangi shaharni bog‘lovchi ko‘prik ustida qarmoq tashlab baliq ovlashi, «bardak» deb nomlangan choy idishda choy ichib gurunglashib o‘tirishi odatga aylangan. Bosfor bo‘g‘ozi uzra harakatlanayotgan kemayu qayiqlar, chag‘alaylarning parvozi ajib manzarani aks etadi.

Safarimizning keyingi manzili Antaliya shahri. Sayyohlarning eng sevimli shahri haqidagi taassurotlarni navbatdagi fotoreportaj orqali yetkazamiz. Bizni kuzatib boring!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring