Hayot yo‘lingizdagi sehrli so‘zlar

Muvaffaqiyatga erishgan ko‘plab erkak va ayollarning tasdiqlashicha, ular o‘zi kuchi bilan yuksak darajaga yetgan emish. Aslida esa haqiqat shundaki, hech kim baland cho‘qqilarni boshqalarning yordamisiz egallashi mumkin emas. Siz muvaffaqiyatga erishish yo‘lida ilk qadam bosib, maqsad sari yo‘l oldingizmi, kutilmagan manbalardan yordam olayotganingizni payqab qolasiz. Ana shunda odamlar tomonidan va ilohiy madad uchun ham minnatdorchilik bildirishingiz kerak bo‘ladi.
Minnatdorchilik ─ bag‘oyat chiroyli so‘z bo‘lib, o‘zida chuqur ma’naviy ma’noni jamlagan ong holatidir. U inson shaxsiyatiga ohanrabodek maftunkorlik bag‘ishlaydi va Buyuk Aqlning sehrli kuchlariga eshik ochadi. Minnatdochilik bildirish qobiliyati xuddi boshqa yaxshi xislatning belgilari kabi kundalik odatiy masalalar bo‘lib, ongning holati hisoblanadi. Siz izhor etadigan minnatdorchilik samimiy bo‘lmas ekan, so‘zlaringiz puch, ma’nosiz va yasama ko‘rinadi. Bu namoyon etmoqchi bo‘lgan his-tuyg‘ularingizga ham bog‘liq.
Minnatdorchilik, yaxshilik qilish va ezgulik ─ bular bir-biriga nihoyatda yaqin tushunchalardir. Siz o‘zingizda minnatdorchilik tuyg‘usini ongli ravishda rivojlantira borib, shaxsiyatingizni yanada yuksaklik va ezgulik darajasiga yetkazasiz. Har kuni dasturxondagi va boshqa noz-ne’matlar uchun minnatdorchilik bildiring. Buning uchun bir necha daqiqani ajratasiz, xols.
Unutmang, minnatdorchilik bildirish, bu ham taqqoslash bilan bog‘liq masala. Siz shart-sharoitingiz va hayotiy voqealarni solishtiring: ular qanday bo‘lishi kerak edi? Ana shunda noxush vaziyatlar bundan ham badtar bo‘lishi mumkinligiga ishonch hosil qilasiz. Sizda bu holat yuz bermagani uchun minnatdorchilik bildirasiz.
Bizning kundalik lug‘at boyligimizdagi uchta ibora eng ko‘p ishlatilmog‘i kerak: «rahmat», «minnatdorman», «tashakkurimni qabul qiling». Bu tom ma’noda sehrli so‘zlardir. Kashfiyotchi bo‘ling: minnatdorchiligingizni bildirishning yangi va o‘ziga xos usullarini o‘ylab toping, ular moddiy narsalar bo‘lishi shart emas.
Minnatdorchilik bildirish uchun ketgan vaqt yanada yuqori baholanadi va munosib mukofotga loyiq ko‘riladi.
Siz o‘z minnatdorchiligingizga yaratuvchanlik xususiyatini bering. Uni o‘zingiz uchun ishlashga majbur qiling. Aytaylik, miyangizga bir fikr keldi. Boshlig‘ingizga minnatdorchilik bildirmoqchisiz, chunki ishingizni juda yaxshi ko‘rasiz va sizga imkoniyat yaratib bergani uchun shefingizga nimadir demoqchi bo‘lyapsiz. Bunday minnatdorchilikning yaratuvchanlik kuchi shundaki, u boshlig‘ingizni sizga e’tibor berishga majbur etadi. Balki bu xizmat pillapoyalaridan yuqori ko‘tarilishga olib kelar.
Qanchalik bema’ni jaranglamasin, minnatdorchilik yuqumlidir. Sizning shefingiz uning g‘oyalaridan «zararlanishi» va xizmatingiz uchun minnatdorchilik izhor etish yo‘llarini axtarishga majbur bo‘ladi.
Yaqin insonlaringizga ham doimiy ravishda minnatdorchilik bildirishni yoddan chiqarmang. Siz rafiqangiz va boshqa qarindosh-urug‘larga, kim bo‘lmasin, har kuni uchrashadigan odamlarga, balki ular tasavvur etganidan ko‘ra ko‘proq burchlidirsiz.
Agar minnatdorchilik ovoz chiqarib aytilsa, hayotda yangicha kuch va yangicha ma’no kashf etadi. Ehtimol, oila a’zolaringiz sizga ishongani uchun minnatdordirsiz, bu haqda ularga aytib turing! Ko‘rasiz, uyingiz yangi hayot ruhi bilan limmo-lim to‘lib ketayotgandek bo‘ladi.
Yodingizda bo‘lsin, minnatdorchilik bildirish uchun sabablar hamisha mavjud. Hatto mijoz hech narsa sotib olmaslikka qaror qilganida ham, sotuvchi unga vaqtini ketkazib, eshitgani uchun minnatdorchilik bildirishi kerak. Kelgusi safar xaridor albatta nimadir sotib oladi.
Minnatdorchilik aslida arzimasday ko‘rinadi, ammo u kelajakka poydevor qo‘yish uchun bebahodir!
Yuqoridagi fikrlarni o‘qiganingiz uchun rahmat! Minnatdorman! Tashakkurimni qabul qiling!
(Napoleon Xill kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter