Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Butun dunyoga «dong‘i ketgan» zo‘ravon kuyov va o‘zbek to‘yi

Butun dunyoga «dong‘i ketgan» zo‘ravon kuyov va o‘zbek to‘yi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir voqea qizg‘in muhokama bo‘lmoqda, faqat o‘zbek segmentida emas, butun dunyoda! Nima deysizmi? O‘zbekning to‘yi! Maqtalayaptimi deysizmi? Yo‘q. Ya’ni kuni kecha allaqanday konkursda kelin g‘olib bo‘lgani va bunga chidolmagan kuyov kelinning boshiga bir musht tushirgani. Butun dunyo nafaqat bu videoni tomosha qilyapti, balki hayratlanyapti, balki shokda! Bir kunda million martalab ko‘rilgan videolar, yangiliklar ostida, albatta, o‘nlab g‘azablangan izohlar mavjud. Va, albatta, bir xil savol — nega kuyov bunday qildi?

Kecha rus madaniyati vakillarining ushbu holatga nisbatan nafratga to‘la munosabatlarini e’lon qilgandik.

Xorijlik Morena Morana ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi o‘z mulohazalarini bildiryapti: «Kontekst – an’analar, jamiyatning munosabati, ma’lum bir guruhdagi oilaviy zo‘ravonlikka munosabatni hisobga olmasdan turib, bu savolga javob berib bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Shuning uchun, bir nechta fikrlarga aniqlik kiritmoqchiman:

O‘zbekistonda turmush qurish qarorini hamon ota-onalar qabul qiladi. Erkakning qachon uylanishi, unga qaysi xotin to‘g‘ri kelishi va hokazolarni kattalar hal qilishadi. Ya’ni, to‘yni ikki kishigina o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqori nuqtasi emas. O‘zbeklarda to‘y — bu qarindoshlar uchun katta shou va katta avlodlarning xohish-irodasi bilan. Demak, kuyov kelinni sevishi shart emas. Ba’zi joylarda kelinning narxi bor. O‘zbekistonda jismoniy zo‘ravonlik kamdan-kam hollarda ajralishga sabab bo‘ladi. Men statistikada bunday sababni topa olmadim, vaholanki, boshqa sabablar ham ko‘p, jumladan, tomonlardan birining farzand ko‘rishni istamasligi. Sotsiologik so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, 10,3% ayol o‘z xatti-harakati bilan erini kuch ishlatishga undagan hollarda zo‘ravonlik qo‘llash mumkinligini tan oladi. Ayollarning 43 foizi esa hayoti davomida oilada jismoniy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining 87 foizi oiladagi zo‘ravonliklarga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda ajralishlar kam – 15 foiz. Parchalangan oilalarning 2/3 qismi haqida nolishni sevuvchilarimiz ko‘pincha ajralish darajasi sezilarli darajada past bo‘lgan jamiyatni misol qilib keltirishni yaxshi ko‘radilar. Lekin har doim ham ayollar u yerda baxtli emas va video buning isbotlaridan biridir.

Ma’lum bo‘lishicha, savolga javob juda oddiy — kuyov kelinni qo‘lidan kelgani uchun urgan. Chunki u shu paytgacha hech qanday ommaviy tanqidni uchratmagan va uchratmaydi ham. Chunki jamiyatning bunday xatti-harakatlarga bag‘rikenglik darajasi yuqori».

Bu video nafaqat Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiyada, balki Koreya, Amerika, sharqiy davlatlar YouTube kanallari va rasmiy nashrlarida mashhur bo‘ldi. Masalan, Seulning yangiliklar kanaliga kirsangiz, Britaniyaning Daily Mail nashrining xabar berishicha, deb boshlanadi xabar. Now news’ga kirsangiz, Qirg‘izistonning «Sputnik Kirgizistan» nashri xabar berishicha, deb boshlanadi. YouTube’da esa «Groom punches bride at their wyedding», «Uzbekistan: Groom slaps wife at wyedding because he lost game». Ya’ni o‘zbek to‘yida kuyov kelinni musht bilan tushirdi, deb bong urib yotibdi.

Ushbu mavzuni qidirishga bersangiz, har xil tillarda o‘zbekcha to‘y, kuyov kelinni bir musht tushirdi, to‘ydan keyin nima bo‘ldi, davomi, degan videolar chiqib keladi. Va ko‘pchilik shokda va hayratda. Biz-chi biz, biz o‘zbeklar uchun zo‘ravonlik oddiy holga aylanib bo‘lganmi? Kichkinagina musobaqada yutqazib g‘azabini jilovlay olmagan kuyov oila degan musobaqaga tayyormi, ro‘zg‘orning mushtiga-chi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring