Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Bu millatga juda qimmatga tushadi

Bu millatga juda qimmatga tushadi

Foto: «UzNews.uz»

Vazirliklar, hokimliklar inkor qilaveradi, ko‘chalarda esa o‘t yulayotgan, supurayotgan, oqlayotgan, gul ekayotgan o‘qituvchilarni, tibbiyot xodimlarini ko‘raveramiz.

Yaqinda poytaxtdagi 8-oilaviy poliklinika shifokorlari va hamshiralari hududlarni tozalashga chiqarilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, Toshkent shahar hokimligi buni darhol inkor qildi.

Qizig‘i, aynan shu raddiya berilgan kun arafasida 13-poliklinikaning ko‘cha bo‘yidagi hududida oppoq xalatdagi hamshiralarning gul ekayotgani, atrofni tozalayotganiga shaxsan guvoh bo‘ldim. Siz ham tez-tez bunga duch kelasiz. O‘sha hokimliklarda ishlaydiganlar ham ko‘rishadi, bilishadi buni. Lekin tan olishmaydi negadir.

«Poliklinikaning o‘zining hududi, uni obodonlashtirib, chiroyli qilib qo‘ysa nimasi yomon?» deguvchilar topiladi. Ha, har bir ishxona, tashkilot hududi obod bo‘lganiga nima yetsin. Lekin bu hamshiraning vazifasiga kirmaydi-ku? Poliklinikalardagi bog‘bon shtati nima uchun ochilgan? Tushunaman, shtat jadvali vazirliklar tasdig‘idan o‘tib keladi. Bog‘bonlarni yollash, munosibroq maosh belgilash tibbiyot muassasalarining ixtiyorida emasdir. Lekin bu qachongacha davom etadi?

Yodingizda bo‘lsa, bir necha yil avval poliklinikalar hovlisi, hududidagi daraxtlarning har biriga qaysidir shifokorning ismini taxtachaga yozib, biriktirib qo‘yish tajribasi ommalashgandi. Hatto 30-40 yillik daraxtlarga ham. Bu keksa daraxtlarni shifokor qanday parvarishlashini bema’ni topshiriqni berganlarning o‘zlariyam tushunishmagan bo‘lsa kerak. Ko‘zbo‘yamachilikning antiqa ko‘rinishidan bo‘lak narsa emas bu. Shifokor poliklinika yoki shifoxona hovlisidagi o‘zi tengi daraxtni emas, muassasaga najot istab kelgan bemorni parvarishlasin, kuchini, bilimini shunga sarflasin. Hovlidagi daraxt va gullarni bitta bog‘bon ham juda yaxshi eplay oladi.

Hozir bunaqa «egali» daraxtlar va hududni obodonlashtirish «tajribasi» yo‘qolib ketgandir, lekin u boshqacha ko‘rinishlarda paydo bo‘laveradi.

Ikki-uch yilcha avval Namanganda ham antiqa manzaraga duch kelgandim (hozir bormi-yo‘qmi bilmayman). Shaharga kiraverishda yo‘li chetida xokkey shaybasidek keladigan toshchalar bir necha kilometrga terib chiqilgan va ular bittalab oqlanib, o‘ziga xos «chiziq manzarasi» hosil qilingan (yana qaysidir aqllining «innovatsiya»si). Bu ishga ham aynan o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari majburlanganini o‘shanda so‘rab bilgandik. Eng achinarlisi, ularning kunlab sarflagan mantiqsiz mehnatini bir-ikkita shum bola yoki yo‘l bo‘yidan haydab o‘tilgan mol, qo‘y bir zumda chippakka chiqarishi mumkin. Chunki toshlar hech narsaga qotirilmagan, shunchaki terib chiqilgan.

Kattaqo‘rg‘ondagi fojia haqida ko‘p gapirildi. Avvaliga o‘qituvchilarning ixtiyoriy-majburiy mehnatga olib chiqilgani inkor etildi, bunaqasi bo‘lmagan ham, bo‘lmaydiyam deyishdi. Kimlardir uni umumxalq hasharidagi baxtsiz hodisa deb atadi (aslida hashardan bir hafta oldin sodir bo‘lgandi u hodisa). Keyin baribir o‘qituvchilar obodonlashtirish ishlariga jalb qilingani tan olindi. Aytilishicha, bu fojiaga yo‘l qo‘ygani uchun tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri va maktab direktori ishdan olingan. Ish shu nuqtada yopilib ketsa kerakdir ehtimol. Ikki aybdor jazolandi-ku. Lekin umumiy muammo-chi? Muammoning ildizi-chi? O‘sha ildiz qayerda? Mudir va direktor o‘z ixtiyori bilan ko‘cha tozalashga olib chiqarishmagandir o‘qituvchilarni?

Bu ildiz faqatgina qaysidir bir kabinetdagi kreslo egasiga borib taqalmaydi, albatta. Bu ancha kengaygan, tizimli muammo. Hatto bitta hokimlik yoki vazirlikning o‘zi hal qilolmas balki. Go‘yoki bu ishlarga umuman aloqasiz tuyulgan, deylik, moliya vazirligigayam ko‘p narsa bog‘liqdir?! Tizimli muammolarning ildiziyam keng yoyilgan bo‘ladi. Bir kunda yoki bir kishi hal qila olmaydi buni.

Bu muammoni to‘g‘ri qarorlar, vaziyatga yangicha qarashlar, yondashuvlar o‘zgartiradi. Illatning ildizi yo‘q qilinmasa, qayerdandir uning «niholi» bir kun unib chiqaveradi.

  • Qachon obodonlashtirish xodimlari yo‘l bo‘ylaridagi ajriqlarni qo‘lda yulishni, oddiy o‘roq bilan o‘rishni (ajriqni o‘roqda o‘rib ko‘rganmisiz), yo‘l bo‘yidagi kilometrlab to‘siqlarni oddiy cho‘tkada qo‘lda oqlashni bas qilishsa, shularning o‘rnini ishni unumliroq va sifatliroq bajaradigan texnika va texnologiyalar to‘liq egallasa muammolar ariy boshlar balki.
  • Qachon obodonlashtirish ishlariga falon ming kishi jalb qilindi deb hisobot topshirilganida emas, ko‘chalarimiz shu soha professionallari qo‘lida (normal ish haqi evaziga) haqiqatan obod, chiroyli ko‘rinish olsa, o‘shanda o‘qituvchi va shifokorlar tinch qo‘yilar balki.
  • Qachon...

Men yaxshi eslaydigan o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida «universitet professori» deyilsa, baland cho‘qqiga qaralgandek tuyulardi. Maktab o‘qituvchilari dalada ketmon ko‘tarib yoki mol-qo‘y yetaklab yurmasdi. Bo‘lmasa, ro‘zg‘or tebratish hozirgidan ancha og‘ir edi u paytlarda. O‘qituvchilar buni o‘ziga ep ko‘rmasdi. O‘quvchilar ham bunday manzarani hazm qila olmasdi. Bugun o‘sha o‘qituvchiga ko‘cha bo‘yida toshcha terdirilayaptimi? Mahallada odamlarning tovug‘i sanatilayaptimi?.. Kim bilsin, balki o‘sha g‘urur ko‘plab erkak o‘qituvchilarni maktablarni tashlab ketishga majbur qilgandir.

Xalq o‘z farzandlari kelajagi va kamolini muallimlarga ishonib topshiradi, sog‘lig‘ini esa shifokorlarga. Millatning aqliy va jismoniy barkamolligi shu ikki toifa zimmasida. Shunday yuk, mas’uliyat ularning gardanida tursayu, biz ularni ko‘cha ishiga haydaymizmi?! Kelajagi porloq bo‘lishi uchun o‘sha jamiyat muallimlarida g‘urur va obro‘, shifokorlarida esa bilim va malaka baland bo‘lishi shart! Hech bo‘lmaganda shu fazilatlar qaytsa va toptalmasaydi.

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring