Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Bosh prokuraturaga ochiq xat!

Bosh prokuraturaga ochiq xat!

Foto: «UzDaily.com»

Qiziq davrda yashayapmiz-da. Bu davr shunisi bilan qiziqki, yangi Prezident sharofati bilan erkinlik va oshkoralik avj olmoqda. Bu zamon shunisi bilan ajablanarliki, hukumat eski qonun va qarorlarni o‘zgartiryapti, qo‘shimcha kirityapti. Bular hammasi xalq manfaati uchun va yaxshilikka, albatta.

Kechagina O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirovning hibsga olingani haqidagi xabarlar bir zumda internet olamini bosib ketdi. Eng birinchi ma’lumot xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Ularda «Bosh prokuraturadagi mulozimlardan birining ma’lum qilishicha» deya manba ko‘rsatilgan. Bu birinchi masala, quyida qaytamiz bunga.

Biz ham o‘z manbalarimiz orqali mazkur xabarga oydinlik kiritishga urindik. Biroq Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bilan bog‘lanishga urinishlarimiz zoye ketdi. Ammo boshqa manbalar bu ma’lumotni tasdiqlagani bois 22-fevraldan 23-fevralga o‘tar kechasi sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov hibsga olingani aytilayotgani, ammo uning ayni paytda qayerda saqlanayotgani va nimada ayblanayotgani rasman ma’lum qilinmagani haqida xabar bergan edik.

23-fevral kuni O‘zbekiston saytlari Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bergan ma’lumotga asosan mazkur xabarni rad etishdi. Tabiiyki, biz ham ular bilan bog‘landik. Bo‘lim boshlig‘i Gulnoza Rahimova ma’lumot berishni istamadi shekilli, kun bo‘yi qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Nihoyat Bosh prokuraturadagi xizmat telefonini bir erkak kishi oldi va sobiq bosh prokuror hibsga olingani haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz ekanini aytib, xabarni qat’iy rad etdi. Bu ikkinchi masala.

Endi birinchi masalaga qaytsak. O‘sha «Ozodlik» radiosi birinchi bo‘lib bu xabarni tarqatdi. Nega? Uning manbasi kim degan tabiiy savol tug‘iladi. «Ozodlik» ishongan «Bosh prokuraturadagi mulozim» kim? Ikkinchi savol: o‘sha mulozim O‘zbekistondagi OAV orqali shu xabarni tarqatsa bo‘lmasmidi? U «mulozim» bor odammi o‘zi yoki yo‘q? Uyog‘iga o‘tmay qo‘ya qolaylik...

Ikkinchi masalaga kelsak. Nega birinchi kuni Bosh prokuratura tomonidan qat’iy rad etilgan «asossiz xabarimiz» ikkinchi kuni rasman tasdiqlandi?! Bosh prokuraturadagilar nima ish qilib qo‘yganini o‘zlari bilib turishibdimikan hozir? O‘zbekistonni qo‘ying, dunyoga kulgi bo‘lmaymizmi axir? Xabar tasdiqlanar ekan, «hozircha ma’lumot berolmaymiz, kutinglar» deyish mumkin edi-ku! Bitta brifing tashkil qilib, barcha savollarga ochiq muloqot tarzida javob berish yo‘liga o‘tish payti kelmadimikan?

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ommaviy axborot vositalarining bir-biriga bo‘lgan «ishonchimi» bu yoki hamkorlikning yangicha ko‘rinishimi?

Shu yilning 15-fevral kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Qarorga ko‘ra «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlari va usullarini joriy etishga, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarini ta’minlashga qaratilgan normalar ijrosini so‘zsiz va sifatli ta’minlash barcha darajalardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbari ushbu vazifalar amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Bu yerda yana bir masala ochilib qolyapti: ushbu qarorda matbuot xizmatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarga bo‘ysunishi belgilangan. Demak, Bosh prokuratura rahbariyati ham Rashidjon Qodirov hibsga olingani bilan bog‘liq holatni yashirgan bo‘lib chiqib qolmaydimi?!

Shuningdek, yuqoridagi qarorda «davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining faoliyati, uning faoliyat sohasiga doir normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, axborot xizmati bilan doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish» kabi bir qator vazifalar belgilangan.

Qani xolis va tezkor axborot? Qani OAV bilan hamkorlik? Yoki Bosh prokuratura matbuot xizmati O‘zbekiston OAVni nazariga ilmaydimi?

Darvoqe, bu faqat Bosh prokuraturaga tegishli emas. Boshqa organlarning axborotni tarqatishga mas’ul boshqarma(bo‘lim)lari ham shu taxlit ish ko‘radi hamda ko‘pincha eng kerakli va muhim axborotni yashirishadi. Masalan, sobiq ichki ishlar vaziri Adham Ahmedboyevning hibsga olingani haqidagi xabarni olaylik. Bu haqda ham IIV hech kimga ma’lumot bermadi, yashirdi. Lekin «Ozodlik»ning IIVdagi «ishonchli manbalari» allaqachon bu xabarni ovoza qilib ulgurgandi.

Bugun esa Ahmedboyev haqida O‘zbekiston saytlarida hech gap yo‘q, qiziq. Undan ham qizig‘i, Bosh prokuratura nega kecha rad etib, bugun tasdiqlaganini rasman izohlamagan. Yoki Rashidjon Qodirov hozir aynan qayerdaligini ham aytmayapti, yana yashirishyapti! Uy qamog‘idami, «podval»dami, Toshturmada, qayerda? Har xil mish-mishlarning oldini olish uchun rasmiy axborot berish mumkin-ku!

Xullas, gap ko‘p. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga asosan biz ham o‘z faoliyatimizni ushbu qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiramiz.

Aytgancha, yaqinda bu qonunga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Mana, yaxshi o‘zgarishlardan bittasi: «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborotdan erkin foydalanish, mulkiy huquq, davlat organlarining noqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanadi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi».

Bu mavzuga yana qaytarmiz balki. Qaytgulik qilmasin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring