Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuratura tahdidli audio Shuhrat G‘aniyevga tegishli ekanini aniqladi

Bosh prokuratura tahdidli audio Shuhrat G‘aniyevga tegishli ekanini aniqladi

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 10-dekabr kuni internet nashrlarida Farg‘ona viloyati hokimi, senator Sh.G‘aniyevga tegishli hamda tahdid mazmunidagi tarqalgan audioyozuvdagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani Avtoshohbekati yonidagi avtomobil yo‘lida to‘planib turgan taxminan 20-30 nafar fuqarolar tomonidan elektr va gaz ta’minotida uzilishlardan norozilik bildirilayotganligi aks etgan videolavha tarqalgan.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Sh.G‘aniyev Quva tumanidagi holat bo‘yicha tuman hokimiga yuzlangan holda muomala madaniyatidan chetga chiqib, tahdidiy va qo‘pol so‘zlar ishlatgan. Ushbu holat noma’lum shaxs tomonidan yozib olinib, tarqatilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda joriy yilning 2-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Sh.G‘aniyev tahdidiy va qo‘pol so‘zlarni ishlatganligi aniqlandi.

Sh.G‘aniyevning so‘zlarida inson hayotiga va sog‘lig‘iga tajovuz qiladigan real tahdid, ya’ni ularni amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asoslar mavjud emasligini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi.

Biroq, Sh.G‘aniyev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, Davlat boshqaruvi  organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari talablarini buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga xat yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura tomonidan internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 2019-yil 14-dekabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotgani bo‘yicha bayonot bergandi.

Unga ko‘ra, o‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot berilishi ma’lum qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring