Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolalar nevropatologi: karantinda alamingizni bolalardan olmang — ularni nevrozga giriftor qilasiz

Bolalar nevropatologi: karantinda alamingizni bolalardan olmang — ularni nevrozga giriftor qilasiz

 3-4 yoshli Nigina tinimsiz tirnoqlarini kemiradi, dugonamning 10 yoshli qizi esa kiprik va sochlarini yulib qo‘ymaydi. Bir qo‘shnimning o‘g‘li 7 yildan beri o‘rnini ho‘llab qo‘yadi. Erta tili chiqqan va ravon gapirib hammani o‘ziga qaratgan Sherzodjon esa kutilmaganda duduqlanib gapiradigan bo‘lib qoldi. Mana, bolada nevroz rivojlanayotgani nimalarda ayon bo‘ladi?..

Mazkur mavzuda bolalar nevropatologi Sevara Raupova bilan suhbatlashdik.

– Ayting-chi, nevrozning yosh bilan bog‘liq ko‘rinishi qanday rivojlanadi?

– Bolalik davridagi nevroz yoshga nisbatan har xil ko‘rinishda kechishi mumkin. Masalan, kichik yoshdagilarda, ya’ni 3-4 yoshdagi bolalarda mononevroz holati ko‘p uchraydi. Bunga uyqu buzilishi, ishtaha yo‘qolishi, logonevroz – duduqlanish, qo‘rqib qolish yoki qandaydir ixtiyorsiz harakatlar kiradi: tirnoq kemirish, ko‘zni pirpiratish, oyog‘ini qimirlatib o‘tirish va boshqalar. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, ota-ona farzandini «yomon hulqi» uchun tergaydi, hatto, urib-turtib nazorat qilishga urinadi, lekin hech biri yordam bermaydi. Ana shunda yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak, balki, bu nevrozdir?!

«Yomon hulq»ga quyidagi belgilar xos:

bola sababsiz tez-tez injiqlanadi;

yon-atrofida qandaydir o‘zgarish bo‘lsa, bundan ta’sirlanadi: o‘tkir ovozlar asabiga tegadi, yangi noqulay kiyim va o‘zgargan ob-havo ham yoqmaydi;

odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda qolgisi kelmay yig‘layveradi;

bolani har xil qo‘rquvlar ta’qib qilayotgandek tuyulaveradi;

bitta joyda jim o‘tirolmaydi; tez chalg‘iydi, o‘yinlardan darrov zerikadi;

ixtiyorsiz harakatlar qiladi: tirnog‘ini kemiradi, yuzini tirnaydi, sochini, kipriklarini yuladi, tomog‘ini qirib-qirib qo‘yadi, ko‘zlarini pirpiratadi va hokazo.

Kattaroq bolalarda, tibbiyot tili bilan aytganda, tizimli nevroz ko‘p kuzatiladi. U organizmning umumiy ta’sirlanishi, ya’ni bosh miya asab tizimining umumiy reaksiyasi bilan namoyon bo‘ladi. Buni balog‘at yoshiga yetgan bolalarning umuman gapga quloq solmasligi, asabiylashib, bir pastda yig‘lashi, jahli chiqib baqirib ketishi misolida ko‘rishimiz mumkin. Odatda bunaqa bolalarni tez-tez bosh og‘rig‘i bezovta qilib turadi.

Qaysidir holatlarda nevrozni organizm himoyasi deb ham bilishimiz mumkinmi?

– Har qanday nevroz zamirida biror sabab yotadi. Buni organizmning himoyasi yoki stressga reaksiyasi deb ham tushunish mumkin. Ko‘pincha ota-onalar «Bolam asabiy bo‘lib qoldi, tinchlantiruvchi dori yozib bering, do‘xtir», deya murojaat qilishadi. Shunday vaziyatlarda men ularga: «Xo‘p, tinchlantiruvchi dori yozib berdim, uni bolangiz 1-2 oy qabul ham qildi. Lekin siz nevrozga olib keluvchi sababni topib, uni oila muhitidan yo‘qotmas ekansiz, bolangiz to‘liq tuzalmaydi», deb tushuntirishga harakat qilaman. Keyin savol-javob qilib, anamnez yig‘ishni boshlayman. Odatda ularning oilaviy muhitida albatta muammo chiqadi. Kamida ukasi dunyoga kelib, unga e’tibor ajratilmay qo‘yilgani oydinlashadi. Yoki noto‘liq, ya’ni ota-ona ajrashgan, shuningdek, ko‘p janjallashadigan oilalar ham shular sirasiga kiradi.

Shu o‘rinda nevrozning jismoniy kasalliklarga xos alomatlari ham borligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz:

tez-tez bosh yoki qorin og‘rig‘i bezovta qiladi;

bola doimiy yo‘taladi va bezovtalik hayajonlangan vaqtda kuchayadi;

hojatga yetib borishga ulgurmaydi (3 yoshdan oshganda), peshob tutib turolmaslik (enurez);

yaxshi yeb-ichmaslik;

bezovtalanib uxlash;

qo‘rquv va hokazolar.

Oilada nevrozga start berildi, kompyuter o‘yinlari esa uni rivojlantiradi. Bu fikrni qanchalik asosli deb bilasiz?

– Buni bugungi kunning dolzarb masalasi desak ham bo‘ladi. Hozirgi paytda kompyuter, turli gadjetlar bolaning eng yaqin do‘stiga aylanyapti. Lekin aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Bilasiz, men bolalar shifoxonasida ishlayman va ish yuzasidan, ayniqsa, ertalabki tekshiruvga kirganimdayoq onalarning o‘z telefoniga tikilib yotganiga, bolalarning planshet o‘ynab o‘tirganiga guvoh bo‘laman. Demoqchi bo‘lganim, bu yerda onani chalg‘itadigan ishlar yo‘q. Ya’ni ovqat pishirish, uy tozalash yoki tirikchilik tashvishi deganlaridek… U deyarli butun vaqtini farzandiga ajratsa bo‘ladi. Biroq, ming afsuski, buning aksini kuzatamiz. Xo‘sh, qani o‘zaro muloqot, qani o‘zaro munosabat?! Aynan shu tariqa nafaqat oila a’zolari, balki ona bilan bola ham bir-biridan uzoqlashib ketaveradi. Natijada oiladan mehr-e’tibor ko‘rmagan farzandlar shirin so‘zlarga uchib (ayniqsa, qizlar), yo‘lidan adashadilar. Ona esa qachon, qayerda xatoga yo‘l qo‘yganini anglolmay ko‘ksiga urib qolaveradi. Ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi uzilish aslida sekin-asta rivojlanib boruvchi jarayon. Ya’ni borgan sari ingichkalashib, keyin birdan uziladi va aloqa yo‘qoladi…

– Nevrozni boshdan kechirayotgan bolaga qanday yordam berish mumkin?

– Men bir narsani ta’kidlashdan sira charchamayman. Buni mijozlarim ham yaxshi bilishadi. Bola parvarishida, avvalo, atrof-muhit, oila deb atalmish qo‘rg‘onning tinchligini ta’minlash zarur. Shunday qilingki, bola ota-onada o‘z do‘stini topsin. Nima uchun biz shifokorlar ko‘proq onalarni asosiy o‘ringa qo‘yamiz, chunki otalar asosan ishda bo‘lishadi va farzandlariga kam vaqt ajratishadi. Lekin oila baxti to‘kisligi, bolalar tarbiyasi mukammalligida ota o‘rni ham juda muhim. Demak, ular ham farzandlariga albatta vaqt ajratishlari shart. Ikkinchi o‘rinda stressga olib kelgan sababni yo‘qotish zarur. Bundan tashqari, bolaga ko‘proq vaqt ajratib, u bilan birga bo‘lish, toza havoda sayr qilish, suv muolajalarini o‘tkazish ham ayni muddao.

– Bilishimizcha, nevroz hatto ibratli oilalar farzandida ham uchrar ekan. Masalan, qattiq qo‘rquv sabab…

– To‘g‘ri, ibratli oilalarda ham nevrozni orttirib olgan bolalarni uchratib turamiz. Lekin ulardagi nevroz qisqa vaqt ichida o‘tib ketadi. Chunki bunday oilalarda ona e’tiborli bo‘ladi, bolasida muammo borligini vaqtida sezib, mutaxassisga murojaat etadi. Shuningdek, o‘zi ham farzandiga har tomonlama yordam berishga harakat qiladi, bor e’tiborini unga qaratadi. Qarabsizki, jarayon tez orada ortga qaytadi.

– Nevroz qaysi davrlarda ko‘proq kuzatiladi?

– Bu o‘rinda bolaning rivojlanish davri bilan bog‘liq bir necha bosqichlarni aytib o‘tish mumkin. Uni biz kritik davr deymiz. Birinchisi – 2-3 yosh, ikkinchisi – 6-7 yosh, uchinchisi – 12-13 yosh, keyingisi – 16-17 yosh. Shu davrlarda bolalarning stressga ta’sirchanligi yuqoriroq bo‘ladi va nevroz holatiga olib kelish xavfi ham ortadi.

– Nevroz boshlanib, bolani mutaxassis ko‘rigiga olib borish vaqti yetganini nimadan anglash mumkin?

– Ona e’tiborli bo‘lsa, farzandida nevroz boshlanganini albatta payqaydi va darrov mutaxassisga murojaat qiladi. Bu yerda maqsad qanaqadir dori-darmon yozdirish bo‘lmasligi kerak. Agar ayol o‘qimishli, o‘z ustida ishlaydigan ona bo‘lsa, tibbiy adabiyotlarni titkilab, o‘qib-o‘rganib o‘zi ham bolasini ushbu holatdan olib chiqib ketishi mumkin. Nevrozning zo‘rayganlik alomati – bolada uyqu buzilishi, tez-tez kasalga chalinish bilan namoyon bo‘ladi. Hammamizga ma’lum, barcha kasalliklar asabdan deyiladi. Stressga uchragan tanada immunitet pasayib, odam turli xastaliklarga moyil bo‘lib qoladi, jumladan, bolalar ham shunday. Yana ishtaha buzilib, ozishni boshlaydi, injiqlanadi va hokazo.

Shu kungacha qabulimda bo‘lgan bemor bolalarning 60 foiziga nevroz tashxisini qo‘ysa bo‘ladi (har xil turini). Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, nevroz – bu funksional holat. Ya’ni bosh miyada zararlanish bo‘lmaydi. Agar vaqtida chora ko‘rilsa va bartaraf etilsa, o‘tib ketadi.

– Ayni kunlarda mazkur kasallik bilan bog‘liq vaziyat qanday? Ya’ni kuchayganmi yoki ota-onalar uyda ko‘proq bo‘layotgani uchun kamayganmi?..

– Men bugungi karantin davrida, har birimiz uchun sinovli damlarda nevrozning yanada kuchayib borayotganidan juda afsusdaman. Ota-onalarning asosiy shikoyatlari ham aynan nevrozdan bo‘lyapti. To‘g‘ri, buni tushunish mumkin. Ayni kunlarda nafaqat bolalar, balki kattalarga ham qiyin. Lekin biz kelajagimiz davomchilari uchun yashayotganimizni, hayot ularsiz qiziq emasligini unutmasligimiz darkor. Ko‘p holatlarda ko‘ramiz, eshitamiz, ota-ona karantinda zerikkanidan, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirolmaganidan asabiylashyapti va o‘z jahlini bolaga sochyapti. Bu – noto‘g‘ri. Bunday o‘ylab qarasak, bolalarning g‘ayrati biznikidan ancha ko‘proq, ular energiyasini qayerga sarflashni bilmayapti, ko‘chaga chiqa olmayapti. Bog‘chadan, o‘quv markazlari, sport to‘garaklaridan qolib ketyapti. Demak, biz ularni hadeb tergayvermay, aksincha, yuzaga kelgan kamchiliklar o‘rnini to‘ldirishga harakat qilishimiz zarur.

Masalan, oilaviy o‘yinlar tashkillashtirish mumkin. Yodimda bor, bolaligimda ota-ona bilan oilaviy loto o‘ynardik. O‘zim esa bolalarim bilan birga monopoliya o‘ynab turardik. Zamona zayli bilan hozirda stol ustida o‘ynaladigan o‘yinlarning turi juda ko‘p. Bundan tashqari, kichikroq yoshdagi bolalar bilan qanaqadir sport shaklidagi o‘yinlarni tashkillashtirsa bo‘ladi. Hatto uy yumushlarini ham o‘yin shaklida olib borish mumkin. Misol uchun, oddiy ovqat tayyorlash jarayonini ham. Faqat erinmaslik kerak. Agar ayni paytda farzandlaringizni siz ota-onalar qo‘llab-quvvatlamasangiz, unda kim yordam beradi. Axir ularning sizdan boshqa suyanadigan, ishonadigan odami yo‘q-ku?!

– Agar ota-onalar, yurtdoshlarimizga alohida murojaatingiz yoki maslahatlaringiz bo‘lsa, marhamat…

– Rahmat. Avvalo, fursatdan foydalanib, barcha ota-onalarga aytadiganim, farzandlaringizdan muhabbatingizni, vaqtingizni, e’tiboringizni ayamang! Ular xotirasida bolalik oltin davrdek muhrlanib qolsin. Bu esa albatta siz ota-onalar qo‘lidadir.

Bilasizmi, bizning o‘zbek oilalarida: bolani tug‘dim, yedirdim-ichirdim, kiydirdim bo‘ldi, degan qarash bor. Aslida eng qiyini bolani shaxs sifatida katta qilishdir. Misol uchun, menga yahudiylarning bola tarbiya qilish asoslari juda yoqadi. Ular farzand ko‘rganidan boshlab, uning miyasiga: sen eng aqlli bolasan, sen eng chiroyli bolasan, sen eng sog‘lom bolasan, sening hamma ishing o‘xshaydi va sen hammasining uddasidan chiqasan, degan fikrlarni singdirishadi. Qarang, qanday go‘zal yondashuv. Bizda esa buning aksiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Mabodo siz farzandingizni doimiy urishaversangiz, «Uni qilma, bunga tegma, juvonmarg bo‘lgur, anavi qo‘shnining bolasi yaxshi, sen nega bunaqasan, falonchining o‘g‘li yoki qizi sendan ming marta aqlli» deb katta qilsangiz, undan irodali shaxs chiqmasligi tayin. Biroq barchamiz bolajonlarimiz, kelajagimiz egalari bilan faxrlanishni, ularning yuqori cho‘qqilarni zabt etishini xohlaymiz. Shunday ekan, istagimiz ro‘yobi uchun ham hozir, ayni daqiqalardanoq bola tarbiyasiga to‘g‘ri yondashaylik, ulardan mehrimizni, e’tiborimizni aslo ayamaylik!

– Bergan ma’lumotlaringiz va tavsiyalaringiz uchun katta rahmat!

Sh.ISROILOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring