Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bizga «Zirapcha» teleko‘rsatuvi kerakmi?

Bizga «Zirapcha» teleko‘rsatuvi kerakmi?

Sevimli telekanalida namoyish etilayotgan ijtimoiy tajriba loyihasi (O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamkorligida) — «Zirapcha» ko‘rsatuvining ayni paytda to‘rtinchi mavsumi qo‘yilmoqda.

14 nafar ayolning taqdiri. Ilk marta ushbu ko‘rsatuv ekran yuzini ko‘rganida juda ko‘pchilik bizga, bizni mentalitetimizga shunday ko‘rsatuv kerakmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan va bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. «O‘zini o‘zi sharmanda qilishning nima keragi bor» yoki «qizlarni taqdiri, ularning qilgan xatolariga o‘zlari aybdor, axloqsiz qizlar qatnashadi», deb bu ko‘rsatuvni bir shoudek qabul qilganlar ham yo‘q emasdi. Vaqt esa oliy hakam, bugun biz shuni ko‘rdikki, jamiyatimizda qizlarning hayotini oddiygina shouga aylantirib bo‘lmaydi.

Feruza Umarova —Toshkent viloyatilik,  yoshi 27da, ammo hali nafaqat pasporti, balki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘q ayol. Maktabga bormagan, umrida partada o‘tirib ko‘rmagan ayol, hujjati yo‘qligi uchun Namanganda dugonasining to‘yiga borayotganda postdan ortiga qaytarib yuborilgan ayol... Uning sakkiz yoshli farzandi bor, maktabga chiqolmayapti, chunki unda ham shaxsini tasdiqlovchi hujjat yo‘q, onasi hujjatsiz bo‘lgach, bolasi ham hujjatsiz. Hujjatsiz insonni aldash, tashlab ketish ham qanchalar oson.

 «Bu qizlar televizorga chiqishga, dardini doston qilishga uyalmasmikan», degan savolni Eshmatdan tortib Toshmatgacha, Oysha buvidan tortib Oydin xolagacha qo‘li bilan nuqib ko‘rsatayotganlarga shunday savol bergim keladi: Bunday taqdirli ayollar sizning mahallangizda, sizning qishlog‘ingizda, qarindoshlaringiz orasida yo‘qmi?

Xo‘sh, osmoni musaffo O‘zbekistonda nahotki maktabga bormagan, hujjati bo‘lmagan odamlar ham bor va ular televideniyaga borishgacha majbur bo‘lishsa?! Aytingchi, atrofdagi barcha mas’ullarning, mahalladoshlarning befarqligi, mas’uliyatsizligi tufayli hujjatli bo‘lolmagan, savodsiz qolib ketgan qizning hayoti chiroyli, baxti butun bo‘lishi mumkinmi?

Doimo ichib, chekadiganlarni, ayniqsa o‘rindiqlarda yotib qolgan ayolni ko‘rsak ijirg‘anib o‘tib ketamiz, uni ayblaymiz. Ammo «Zirapcha»ga kelgan Qimmatoy kabi ichkilikka berilishiga nima sabab, degan savolni hech qachon o‘zimizga berib ko‘rmaymiz. Ya’ni insonning qalbini ko‘rmagunimizcha u haqda hech qachon yaxshi fikrda bo‘lmaymiz. Bu ko‘rsatuv bizga nima uchun kerak? Har bir insonda boshqalarga nisbatan empatiya—o‘sha odamning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rish hissi paydo bo‘lishi uchun, boshqalarni qalbiga kirib borishimiz uchun, har qanday yomonlikka sababchi bo‘ladigan odamlar borligini bilishimiz uchun, agar atrofdagilar yomon bo‘lmasa hech kim onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmasligini anglashimiz uchun ham kerak.

Nimaga xorij kinolarini mazza qilib ko‘rasiz, nima uchun jinoyatchini ham tushunishga harakat qilasiz. Chunki ularning asarlarida inson qalbiga kirib borishadi. Inson nima uchun jinoyatga qo‘l urishi sabab va oqibatlari o‘rganiladi.  Bizda shunday ko‘rsatuvlar, kinolar, kitoblar yo‘q. Nega? Chunki go‘yoki biz andishali xalqmiz, dardimizni doston qilishimiz kerak emas. Nima bo‘lsa uy ichida bo‘lishi kerak. Ammo dardini doston qilmagan ayollarga kim rahmat deydi? Kimdir ular jim yurgani uchun yordam qo‘lini cho‘zadimi, tushunadimi, eshitadimi, hayotini izga solishi uchun maslahat beradimi, boshini silaydimi. YO‘Q! Shunday ekan, o‘zingiz yordam berolmaganingizdan keyin, ular hayotini izga tushirib olishlari uchun to‘sqinlik qilmang.

Ma’lum bo‘lishicha, kastingda uch mingdan oshiq qizlar bo‘lgan.  Uch ming juda katta raqam, qatnasholmayotgani, o‘z dardi bilan o‘zlari qolayotgani qancha. Demak, bunday qizlar, e’tibordan chetda qolayotgan ayollar, onasi ishonmayotgan, tushunishni istamayotganlar, qaysidir erkak tomonidan tajovuzga uchragan, o‘gay otasi bolalar uyiga topshirishga majbur qilingan qizlar yurtimizda juda ko‘p ekan-da.

Nega bu qizlar omma oldida dardini dasturxon qilayapti deb o‘ylaysizlar? Ularga shu yerga kelish oson bo‘lganmi? Birinchi qadamni tashlash-chi? Oxirgi umidi, ilinji shu yer bo‘lgan bo‘lsa-chi, o‘z joniga qasd qilishni oxirgi chora deb emas, mana shu maktabda yashab hayotini izga tushirishga harakat qilishning, yaxshi tomonga o‘zgarish uchun izlanishning nimasi yomon? 

Ichkilikka berilgan Qimmatoy shunday deydi: «12 yoshimda meni bolalar uyiga topshirib yuborishgan, men hech kimga kerak emasman, mendan hamma yuz o‘girgan deb o‘ylardim. Lekin o‘zimda kuch topdim, oxirgi boradigan joyim shu yer, ertaga qo‘llarim qaltiroq bo‘lib biror joyda ichib o‘lib ketsam, nom nishonsiz bundan ham og‘ir ko‘rgulik bormi...»

Mana jizzaxlik Noila. Aldanib nikohsiz farzandni dunyoga keltiradi. Uni aldagan yigit uylanish o‘rniga qizalog‘ini tortib olmoqchi bo‘ladi, olti oy qo‘rqqanidan hech qayoqqa chiqolmaydi, uyda qamalib o‘tiradi. Ikkinchi turmush o‘rtog‘i qizi yig‘lasa qulog‘ini tagiga kelib baqirarkan, Noila erkakka «nega baqirasiz, kar bo‘p qolishi mumkinku» desa, «qizing baqirsa nega men baqirmasligim kerak», deb ustida kularkan. Noila oxiri bu uydan ham bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘ladi, o‘zi shunday eslaydi: «Yo‘ldan o‘tayotganimizda qizim Oyshaning og‘zini qo‘lim bilan bekitdim. Oniy lahzalarda uni o‘lishini istadim, meni muammolarimga mana shu otasiz dunyoga kelgan qizaloq sababchi deb o‘yladim va keyin o‘zimni ham o‘ldirmoqchi edim»...

«Onam ikkinchi bor boshqaga turmushga chiqdi. O‘gay otam meni yetimxonaga topshirish kerak deganida 7 yosh edim», deydi Kristina mehribonlik uyiga qanday borib qolganini eslarkan. Uning onasi bilan uchrashuvini ko‘rsatishdi.  48 yoshli ayol, 60 yoshdan oshgan onaxonni eslatadi, uni yuzidagi ajinlaridan hayoti og‘ir bo‘lganini, yana bir ayolning taqdiri naqadar ayanchli bo‘lganini anglash qiyinmas. Kristina taqdiri onasinikiga o‘xshash ayanchli bo‘lib qolmasligi uchunam ko‘rsatuvga kelgan. Ko‘rsatuvgacha ularni hech kim eshitmagani, ularni shu ahvolga tushishiga hissa qo‘shganlar oramizda ekanligi, bugun internetda o‘tirib qiz bolani hayosi bo‘lsin deyotganlar ekanligi taassuflanarli. 

Ferideni otasi onasini qiz tuqqani uchun tashlab ketgan. Qizaloq yillar davomida boshqalardan sen dunyoga kelmaganingda hammasi yaxshi bo‘lardi, degan ta’nalar bilan katta bo‘lgan...

Qizlarning har birining taqdiri bir kino bo‘lgulik, bir asar bo‘lgulik...

Ayol ayolni tushunmasa...

Bu ko‘rsatuvda deyarli erkaklar yo‘q. Ekspertlar barchasi ayollar — psixolog ham, maktab direktori  ham, loyiha prodyusseri ham. Ularda imkoniyat bor bu ayollarni chiroyli hayotga qaytarishga, o‘zlarini baxtli his qilib yashashlariga. Mavsum tugagunicha barcha qizlar juda yaqin odamlaringizga aylanib ketadi. Kulsa kulasiz, yig‘lasa qo‘shilib yig‘laysiz. Xo‘sh, bunday taqdirli ayollar qayerdan paydo bo‘ladi? Avvalo, menu sizning loqaydligingizdan.

Ayollarimiz orasida yutuqlarga erishayotganlari ham ko‘p. Ammo ular o‘sha yutuqlaridan qanday foydalanyaptilar. Mahallasidagi biror shunday holatga tushib qolgan ayolga qo‘l cho‘za olayaptimi, dardini eshita olayaptimi?

Yaqinda Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Senat raisi (u kengashga ham rais) Tanzila Norboyeva bejizga davlat mukofoti, jumladan, Zulfiya yoki Mo‘’tabar ayol mukofotini qo‘lga kiritgan xotin-qizlarning keyingi faoliyatidan qoniqmayotgani haqida gapirmadi. Norboyevaning e’tiroz bildirishicha, ular o‘z hududlarida xotin-qizlar muammolarini hal qilishda hech qanday samarali faoliyat olib borishmayapti.

Men ham ularga savol bergim keladi: Aytingchi, yutuqlarga, hayotda har tomonlama bekamu ko‘st bir qadam oldindagi ayollar opa singillarimiz mana shunday holatda yursa siz rostdan ham mo‘’tabar ayol hisoblanasizmi, o‘zingizni Zulfiya unvoniga munosibman deb o‘ylaysizmi? Balki siz bunday ko‘rsatuvlarni ko‘rishga, vaqtimni sarflashga arzimaydi, deb o‘layotgandirsiz? Yo‘q aynan sizlar shunday ko‘rsatuvlarni ko‘rishingiz kerak. Bu ko‘rsatuv har bir yurtdoshimiz ko‘rishga, xulosa chiqarishga arziydi. Chunki ko‘rsatuvda urib turgan ona yuragi, millatni tarbiyalaydigan ayol qalbi bor. Ko‘rsatuvni ko‘rish asnosida millat ayollarining  taqdiri bunday bo‘lishiga o‘zlari emas, aynan biz kabi qizini tushunishni istamayotgan ONAlarning, mahallaning, bugun internetda ularning chiqishlarini qoralayotgan ERKAKlarning, otalarning katta hissasi borligini anglaysiz.

Shu yurtda yashab turib biror joyda ism familiyasi qayd etilmagan, ammo O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan Feruzaga hujjat beradiganlar darhol ishga kirishib ketdi ko‘rsatuvdan keyin. Aynan Feruzaga o‘xshagan ayollarni muammolariga e’tibor qaratish uchun ham, nafaqat ko‘zi, balki qalb ko‘zi ko‘rlarga muammoning qay darajada chuqurligini ko‘rsatishning boshqacha yo‘li yo‘q.

Bu ko‘rsatuvni ko‘rgach, ona sifatida, qo‘shni sifatida, mahalla faoli sifatida, o‘qituvchi sifatida yana bir bor sergak bo‘lasiz. Ota uyida ajrashib kelgan, bollaridan alamini olayotgan qo‘shningizning qizini ayblab tashlashni emas, uni qalbiga quloq tutgingiz keladi, men borman, menga ishonishingiz mumkin deb qo‘l cho‘zgingiz keladi. Xonadoningizda voyaga yetayotgan qizalog‘ingizga ishonishni, bag‘ringizga qattiqroq bosishni xohlaysiz.

Xo‘sh, bu ko‘rsatuv ishtirokchilarga nima beradi? O‘zlarini xatolarini anglab yetishlariga imkon beradi. Bir lahza bo‘lsa ham o‘zini ayoldek his qilishga ko‘maklashadi, muammolarini hal qilish uchun avvalo ularni yaqinlari qo‘l uzatadi, ular esa o‘sha yaqinlarining qo‘lini itarmaslikni o‘rganadi...

Xo‘sh, bizga «Zirapcha» ko‘rsatuvi kerakmi? Nafaqat kerak, bunday ko‘rsatuvlarni ko‘paytirish lozim. Ayolni qalbini  tushunish uchun ham, biz yomonga chiqarib jamiyatdan chetlatayotgan har bir   insonning katta qalbi, uning ham baxtli bo‘lishga haqqi borligini ham anglab yetish uchun kerak. Qarang-chi? Mahallangizda, qo‘ni-qo‘shnilaringiz, qizingizni sinfdoshlari orasida hamma bu yomon deb chetga chiqarib qo‘ygan, o‘z dardi bilan kurashib, sirtida jilmayib ichida to‘la dard bilan yashayotganlar bormi? Siz unga hozirdanoq e’tibor qarating, chin dildan gaplashing, unga ishonch bildiring, aminmanki qizingizdek, singlingizdek uni tushuna boshlaysiz. Dardlari uchun ham, azoblari uchun ham ularni yaxshi ko‘rib qolasiz, o‘z qizingizdek, BIR AYoLdek, bir onadek...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring