Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir hikmat o‘qiyman xazonlardan... (video)

Yurtimizda oltin kuz mehmon. Shoir aytganidek «Oltin O‘zbekiston tuprog‘i bu kun, Bir pari faslning og‘ushida mast».

Kuzning sokin kunlarida bizning ahvol-ruhiyatimizda ham xotirjamlik, sokinlik hukmron bo‘ladi. Fe’l-atvorimizdagi bu og‘ir-bosiqlik, o‘ychanlik balkim mana shu kuz manzaralarining ta’siridir. Atrofingizga bir nazar tashlang. Qarang, sap-sariq yaproqlarga burkangan daraxtlar, shudgorlangan keng dalalar. Nogahon oldingizdagi mana bu daraxtning yaprog‘i «chirt» etib uzildiyu, oyog‘ingiz ostiga tushdi. Siz ketayotgan yo‘lakcha esa ana shunday xazonrezgi bilan to‘la. Ularni birma-bir bosib o‘tyapsiz. Har qadam tashlashingizda bir sas, bir sado eshitiladi. Siz hohlab, hohlamay bosayotgan ana shu yaproqlar oldin kurtak edi, so‘ngra barg chiqarib, ko‘m-ko‘k rangda tovlandi. Endi esa sap-sariq rangda oyog‘ingiz ostida ezilyapti va u bunga mahkum:

«Bir hikmat o‘qiyman xazonlardan men:

«Yashagin-u biroq yaproq bo‘lma sen».

Yaproqlarning havoda o‘ynab, yerga to‘kilishi, «xazonning taqdiri, so‘ngi shovqini» Sizni savollarga ko‘mib tashlaydi. Shunda Siz beixtiyor xayollar daryosiga g‘arq bo‘lasiz. TUG‘ILISh, YaShASh va O‘LIM. O‘zi yashashdan ne ma’no deb o‘ylab qolasiz. BOLALIK, YoShLIK va KEKSALIK. Men bu davrlarni odamzod umrining fasllariga o‘xshataman. Yoshimiz ulg‘aygan sari, bolalikni yoshlikni qumsaymiz, sog‘inamiz. Chunki bolalik yoshlikning beg‘ubor, betashvish kunlari ko‘z ochib yumguncha tez o‘tib ketadi. Shoir aytganidek, «O‘tgan esa – hamisha totlik...» Ana o‘sha totli damlar bizga bir umr armon bo‘lib qolaveradi. Kuz o‘qilmagan bir asar... unda talay siru- sinoat mujassam. ...Oltin Kuz Bahorning jonajon o‘rtog‘i. Odatda muhabbat,  ishq, sevgi haqida Bahor faslida ko‘p gapiriladi. Ana shu faslda qalblarda sevgi kurtagi ochiladi. Jo‘jani sanaydigan vaqt – Kuzga kelib, muhabbat meva beradi, ya’ni oshiq-mashuqlarning to‘ylari bo‘ladi. Yoz esa Kuzning ishongan akasi, Kuz akasiga erkalik qiladi:

«Ketgisi kelmaydi yozning bog‘laridan,

Kuzning qistoviga: «Hozir – der, – Kuzjon,

Rizolik olayin chirildoqlardan,

Ozgina sabr qil, sabr qil polvon».

Besabr Kuz esa tushar – u qirdan,

Yozga bildirmasdan o‘tar guzarni

Va sariq yaproqqa aylanib birdan

Taqqilata boshlar derazalarni.»

Kumush qish kuzning erkatoy ukasi, Kuz erkatoy ukasini ko‘p kuttirmaydi. U bargi xazonlarni yo‘llariga to‘shab, sochib ukasining oldiga peshvoz chiqadi...

Ha, bu hayot, bu borliq, fasllar – o‘qilmagan bir kitob. Kuzning o‘zi esa bir asar. Uni o‘qimoq, anglamoq uchun atrofimizga bir nazar solaylik. «Og‘ir xayollarga cho‘mgan bu fasl»ning tillo rang yaproqlari nimalar haqida shivirlayotgan ekan? Daraxtdan uzilib, shabodada unayotgan Kuz yaproqlari qanday sirli raqsni ijro etayotgan, qanday qo‘shiqni kuylayotgan ekan?...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring