Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda daxlsizlik huquqi bekor qilingan deputat qamoqqa olindi

Andijonda daxlsizlik huquqi bekor qilingan deputat qamoqqa olindi

Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati prokuror taqdimnomasiga ko‘ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilinganligi haqida tarqalgan xabarlar jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda.

Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan ayrim ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Xususan, Andijon shahar prokuraturasi tomonidan 2021-yil 3-mart kuni «Alliance R.C.» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228 va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov tegishliligi bo‘yicha Andijon shahar IIO Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Aniqlanishicha, «Alliance R.C.» MChJga Andijon shahar hokimining 15.07.2017-yildagi qarori bilan Andijon shahar, Bo‘ston dahasi, U.Yusupov ko‘chasida joylashgan 4.0 gektar yer maydoni ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shohobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog‘ yaratish uchun ajratilgan.

Biroq, «Alliance R.C» MChJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va me’yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan «Arxitektura me’moriy rejalashtirish topshirig‘i»ni sohtalashtirib, hokim qarorida ko‘rsatilgan 4 gektar yer maydoniga qo‘shimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qo‘shib olib, jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan.

Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan.

Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar yer maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yo‘qotilgan va davlat budjetiga 190,8 mln. so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Tergov harakatlari davomida «Alliance R.C.» MChJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputatidir. 

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazilgani va bunda deputat daxlsizligiga amal qilinmagani haqida xabar berilgandi. Ushbu voqeadan bir necha kun o‘tib bir guruh deputatlar Shuhrat Karimovning daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida qabul qilingan qaror noqonuniyligi yuzasidan Prezidentga murojaat bilan chiqishgan. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring