Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Abdulla Oripov ham u kishiga ixlos qo‘ygan edi» – Ziyolilar avtohalokatda vafot etgan taniqli ulamo haqida

«Abdulla Oripov ham u kishiga ixlos qo‘ygan edi» – Ziyolilar avtohalokatda vafot etgan taniqli ulamo haqida

Taniqli ulamo, peshqadam faqih Yorqinjon domla Fozilovning vafoti munosabati bilan mamlakatimiz ziyolilari o‘z xotiralari bo‘lishib, mahzunlik izhor etmoqdalar.

«O‘zbek xalqining noyob gavharlaridan biri, faqih, voiz, zohid, hofizi Qur’on, taqvodor olim hamda balog‘at, mantiq, aqida ilmlari mutaxassisi Yorqinjon domla Ho‘qandiy domlamizdan ayrilib qoldik. Bu juda katta yo‘qotishdir. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Olim vafot etsa, qiyomatgacha o‘rni to‘lmaydigan bo‘shliq paydo bo‘ladi», deb bejiz aytmaganlar. Yorqinjon domlamiz ana shunday katta bo‘shliq qoldirib ketdilar», – deb yozadi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi jome’ masjid imom noibi, taniqli qori Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

Qayd etilishicha, Yorqinjon domla O‘zbekiston, Hindiston hamda Misrdagi peshqadam olimlardan islomning turli yo‘nalishlarida puxta ilm olgan. 

«Yorqinjon domla toshqin daryo, bo‘lganda ham, ilmu hikmatga to‘la daryo edilar. Suhbatlashib to‘ymasdingiz. O‘ta beg‘ubor, betakalluf, ulfatnishin, sertabassum, hazilkash, zarofatli inson edilar. Qaysi mavzudan gap boshlasangiz, u kishidan o‘sha haqida tesha tegamagan ma’lumot olardingiz. Hamisha yonlarida bir xalta kitob olib yurardilar. Bo‘sh qolishlari bilan mutolaaga berilardilar», – deb xotirlaydi Hasanxon qori.

Ta’kidlanishicha, marhum ulamo adabiyotning ham bilimdoni bo‘lgan, forsiy, turkiy she’riyatdan ko‘plab baytlarni yod bilgan.

«U kishi hozir bo‘lgan majlisda so‘z bir fiqhdan, bir aqidadan bo‘lar, hali fuzuliyxonlik, hali navoiyxonlikda suhbatlashardik. Tarix, xususan, yaqin tariximiz haqida ko‘p ma’lumotga ega edilar. Xotirasi o‘ta kuchli, zakovati o‘ta tez kishi edilar. Fikrlarini juda ham ravon yetkazar, so‘zlarini oson uqtirardilar. Xullas, suhbati taryok, o‘zi jonga malham  inson edilar. Shoir Abdulla Oripov ham u kishiga ixlos qilib qolgan, u kishi ham zabardast shoir bilan adabiyotda basma-bas suhbatlasha olar edi», – deydi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi jome’ masjid imom noibi.

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon ham Yorqinjon domlaning mumtoz adabiyot borasida nuktadon olim bo‘lganini ta’kidlaydi.

«Azon.uz» ta’sischisi, atoqli ulamo Mubashshir Ahmad esa marhum olim butun umrini din xizmatiga bag‘ishlaganini ibrat o‘laroq ko‘rsatadi: «Ustoz Yorqinjon qorining qisqa va yorqin hayotlari bizga ibrat bo‘ldi. Juda go‘zal hayot kechirdilar, Allohni hech unutmadilar va xizmatidan charchamadilar».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham taniqli ulamo, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani «Said Ahmadxon hoji» jome masjidi imom-noibi Yorqinjon qori Fozilovning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirar ekan, marhumning islom yo‘lidagi xizmatini yuqori baholagan.

«Yer torayib boryapti, do‘stlar! Yaxshilarimiz birin-ketin bizni tashlab ketyapti... Huvillagan dunyoda jurmu isyonlarimiz bilan yolg‘izlanib qolyapmiz. Yana bir sevikli do‘st, inimizdek aziz bir zot ketdi! Rasululloh alayhissalomning bir sevikli ummati ketdi! Bu xabar... osmonlar qulab tushgandek... Robbim! Sen har narsani bilguvchisan! Sen hikmat sohibisan! Huzuringga olgan bandang biz bilgan odamlarning eng yaxshisi edi... Eng yaxshimizni olding, Alloh! Jannatingda mehmon qilgin! Bizlarni Havzi kavsar bo‘ylarida uchrashtir! Robbim...» – deya iztirob va dardga to‘la satrlar bitdi shoir va publitsist Alisher Nazar.

Yurtimizdagi yana ko‘plab ulamolar Yorqinjon qorini go‘zal xotiralar bilan yodga olgan. Ularga ko‘ra, taqvo sohibi bo‘lgan marhum olim ortidan qori farzandlar, yuzlab shogirdlar qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni Yorqinjon qori Fozilov Qirg‘iziston Respublikasi hududida avtohalokat oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, Botken viloyati hududida, O‘sh–Botken–Isfana yo‘lining 158-kilometrida «BMV» rusumli avtomobilning g‘ildiragi chiqib ketgan va mashina ag‘darilgan. Avariya oqibatida 43 yoshli Yorqinjon qori Fozilov vafot etgan.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring