Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

12 yildan buyon ijarama-ijara yurgan aktyor gastarbayterlik qilsinmi?

12 yildan buyon ijarama-ijara yurgan aktyor gastarbayterlik qilsinmi?

Kollaj: «Xabar.uz»

Xabaringiz bor, yaqinda aktrisa Gavhar Sharipova fojiali tarzda halok bo‘ldi. Uning vafoti haqidagi noxush, ta’bir joiz bo‘lsa, dahshatli o‘lim xabari ko‘pchilikni larzaga soldi. Aktrisani yaqindan bilganlar og‘ir ahvoli haqida ma’lum qilishdi.

39 yoshda dahshatli o‘lim!

«Nihoyatda achinarli holat, – deydi Gavhar Matchonova FBdagi profilida. – Ko‘z oldimga uning qiynalib yurgan paytlari keladi. Onasidan xafa, kino olamidan xafa. U Moskvaga yo‘l oldi, ammo bo‘lmadi. Qo‘nimini topmadi, qaytib keldi. Nihoyatda yupun kiyimda, ko‘zlari javdirab turardi bo‘sag‘ada. Yordam so‘rab keldi o‘shanda. Odamlardan, yaqinlaridan, sevgisidan la’nat va nafrat! Hayotdan soviganligini sezdim. Shu daraja qiynaldi u, hech kimdan rahm, mehr ko‘rmadi. Nihoyatda vijdonli, pok qiz edi. Kinoga tushish uchun or bildi yalinishni, kimningdir mashuqasi bo‘lishni. Hamma joyda go‘zalligi pand berdi. Kimga bormasin shu taklif to‘xtatardi orzularidan. Pulsizlik, ishsizlik, xo‘rlik, moddiy yo‘qchilik sindirdi uni. Qancha bastalagan qo‘shiqlari bor edi. Hammasi qolib ketdi. Yaxshi yor topmadi. Farzand ko‘rmadi. 39 yoshida mudhish o‘lim olib ketdi yoshgina jonini.

O‘zini, ayollik nomusini himoyalab, shu fazilati-la hayotdan, bu dunyodan qutuldi. Esiz Gavhar!..»

Ha, aktrisa yosh ketdi. Ehtimol boshqa kasbni tanlaganida hayoti o‘zgacha kecharmidi? Qiynalmasmidi, iztirob kechmasmidi...

Kaftni to‘ldirmagan pul

«Men bilgan haqiqatlar» ko‘rsatuvida mashhur rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev dangalini aytdi: «Ilgari aktyorlar rol talashardi, bosh rolni o‘ynashni xohlashardi. Bugun rol taqsimlaganda esa, o‘zlarini chekkaga tortishadi. Kichik rollar bilan kifoyalanishadi. Chunki bosh rollarning tashvishi ko‘p, spektaklning boshidan-oxirigacha turish kerak. Kichik rollar tekkanida esa to‘y-hashamga borib tirikchiligini qilaveradi».

Iste’dod, kasbga sodiqlik qayda qoldi? San’at uchun fidoyilik tushunchasi shunchalik eskirdimi? Nahotki bu so‘zlar kitoblaru, ekranlarda qolib ketgan bo‘lsa?! Tirikchilik, maoshlarning ozligi, yashash uchun har ko‘yga tushish shu qadar «qon-qonimiz»ga singib ketdimi? Shubhasiz, kasbga sadoqat kerak, biroq do‘ppini qo‘lga olib yaxshilab bir o‘ylab ko‘raylik: kim ham butun umr qiynalib yashashni, yuk mashinasidan sakrab o‘lib ketishni istaydi?

Qiynalayotganlar faqat aktrisalar emas. Bu kasbdagi erkaklar ham moddiy jihatdan ozurda! Aktyorlarning abjirlari, «shustriy»lari to‘yma-to‘y yurib, o‘rtakashlik qiladi, pul ishlaydi. Kasbiga sadoqatli iste’dod egalari esa chiroyli rollarni orzu qiladi, intiq bo‘lib maoshini kutadi, ammo kafti pulga to‘lmaydi. Oilasida kutayotgan ayoliga, shirinlik ilinjida tikilgan bolalarining ko‘zlariga qaray olmaydi. Dod-voy qilmaydi – osmon yiroq, yer qattiq!

Boshi berk ko‘cha

Teatr aktyorlaridan biri kaminaga iltimos qildi:

«Iltimos, menga yordam bering. «Xabar»da bir chiqish qilib bering, qiynalib ketdim.

Men teatrda birinchi toifali drama artisti vazifasida faoliyat yuritaman. Davlat tadbirlarining barchasida ishtirok etaman. Ishimni judayam yaxshi ko‘raman. Ammo iqtisodiy qiyinchilik tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. 12 yil oilam bilan ijarama-ijara yashab charchadim. Shahardan ketdim. Hozir qishloqdan teatrga qatnab ishlayapman. Bir yarim million so‘m maosh olsam, to‘rt yuz mingi yo‘l kiraga ketadi, oila, bola-chaqamga yetmaydi... Otam birinchi guruh nogironi, davolatish uchun kamida to‘rt-besh million so‘m pul kerak. Farzandlik burchimni ado etolmayapman. O‘zimni eng keraksiz insondek his kilaman...»

Bu aktyor ishga hammadan erta kelib, kech ketadi. Moddiy nochorligi tufayli gohida teatrda tunab ham qoladi, ko‘pincha tushlik qilmaydi. U rollar ustida ishlab iste’dodini charxlasinmi yoki biri ikki bo‘lmayotgan oilasini, kasalmand otasini o‘ylab xunobi chiqsinmi? Kim yordam beradi? Bir yarim million so‘m maosh bilan 25 foizlik boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirib bo‘ladimi?

Madaniyat vazirligi shunday muammolar borligini bilarmikan? Biladi! Teatrlar shu vazirlik tasarrufida, axir! Xo‘sh, nega soha odamlari qiynalishi kerak? Ular haqida, eng avvalo, vazirlik o‘ylashi, moddiy jihatdan ta’minlash yo‘llarini izlashi zarur emasmi?

Foydasiz dardi hol

«2017-yili prezident qabulxonasiga murojaat qilib, turar-joyga muhtojligimni yozdim, arizamni viloyat uy-joy masalari bo‘yicha hokim o‘rinbosariga jo‘natishdi, – deydi bu aktyor. – Xullas, menga boshlang‘ich to‘lovsiz uy-joy berilmasligini aytishdi... 2018 yili prezident qabulxonasiga qayta murojaat qildim, yana o‘sha javob! To‘g‘ri, boshlang‘ich to‘lov to‘lanishi kerak, ammo men qanday qilib, qayerdan to‘lashim mumkin? Maoshim haminqadar bo‘lsa!»

Nima qilsin bu yigit? Sevimli kasbini tashlab, Rossiyaga ketsinmi, gastarbayterlik qilsinmi? Axir o‘z ishiga nisbatan nonko‘rlik bo‘lmaydimi?

«O‘zimni jamiyat uchun eng keraksiz insondek his qilyapman. – deydi u. – Nima uchun yashayotganingni ham bilmay qolarkansan, kishi...»

Bu aslo boqimandalik emas, balki qalb nolasi, yurak iztirobi! Ijara uyda yashab yurgan boshqa aktyorlar ham bor. Ular artistligiga borib kulib turishi mumkindir, biroq botinida dilgirlik, sitam. Nega maoshdan-maoshgacha sarson-sargardon bo‘lishlari kerak? Ahvol shu zaylda ketsa, Sharipova kabilar fojiasi davom etaveradi...

Arzi-hol qilgan aktyor oxirida fikridan qaytdi. «Men haqimda chiqsa, rahbariyat birorta tadbirga yaqinlashtirmaydi, spektakllarimdan qolib ketaman», – dedi u. Aytishicha, baribir foydasi yo‘q. Necha-necha kishilar yozib yomonotliq bo‘lib qolishgan, xolos...

Yosh aktyorga jabr qilmaslik uchun ham uning ism-familiyasini keltirmadim. Biroq qalb nolasidagi, ayniqsa, bir jumla xayolimdan ketmadi: «baribir foydasi yo‘q».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring