Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

11 yildan buyon aravachaga mixlangan bola: «Men Vatanni onam kabi sevaman!» (video)

Nozimjonning singlisi loy bilchigan, o‘nqir-cho‘nqir hovlidan akasi o‘tirgan aravachani ayvon tagigacha zo‘rg‘a sudrab bordi. Sovuqdan qo‘lchalari muzlagan, yuzlari qip-qizargan. Shunga qaramasdan, shosha-pisha akasining egnidan tushib ketayotgan to‘shak bilan uning ochiq qolgan qo‘l va bo‘yinlarini ehtiyotkorlik bilan o‘rab qo‘ydi.

– Sovqotibsan-a, singiljon?!

– Yo‘g‘-ye, akajon, men sovqotmadim.

– Seni ham qiynab qo‘ydim...

– Hecham qiynalmadim. Sizga she’r aytib, raqsga tushib beraymi? — izillab qolayotganini akasiga sezdirmaslik uchun so‘zladi Nargiza.

Akasidan javob kutmay, Nargiza qo‘shiq xirgoyi qilib, raqsga tusha ketdi. Nozimjon singlisining harakatlarini ko‘rib quvonsa-da, qarsak chalolmasdi. Bilinar-bilinmas ko‘zlari namlandi. Shu topda endigina tandirdan uzgan nonlarini qo‘yniga to‘ldirgancha, ularning oldiga onasi kelib qoldi. Bir qo‘lda non, bir qo‘lda o‘g‘li o‘tirgan aravachani sudrab uyga olib kirish uchun qiziga yordamlashgan bo‘ldi. Kutilmaganda aravachaning bir oyog‘i «qarsillab» sindi. Nozimjon «voh»lab yubordi. O‘g‘lining bu «voh»idan onasining joni qirq bo‘lak bo‘ldi. Aksiga olib, otasi ham ishda. Bu sovuqda hamma uy-uyida. Ona kuymalandi. Singil yig‘lab-siqtadi. Nozimjonning butun tanasi qaqshasa-da, irodasini tetik tutdi: «Men yaxshiman, ona!».

Onaizor 16 yoshli bolasini dast ko‘tarib, uyga olib kirdi. Ko‘chadagi sovuq shamol qo‘lbola pech karnayidan chiqadigan tutunni ichkariga qaytargani bois, uy burqsib ketgandi...

Nilufar o‘g‘lini to‘shakka o‘rab-chirmab, pech yoniga ohista qo‘ydi. Qiziga ehtiyot bo‘lib turishni tayinladi. So‘ng televizor murvatini buradi-da, yana mol-holiga qarash uchun chiqib ketdi. Shu payt televizor ekranida «Nuqta» degan yozuv gavdalandi. Unda bir necha daqiqa shift tasviri namoyon bo‘lib turdi. Bu orada Nozimjonning singlisi «boshqa kanalga olaylik»lab, akasiga erkalik qildi. Ammo Nozimjon ekrandan ko‘z uzmas, singlisiga: «Jim, kut. Jim, kut», — deya takrorladi. U xuddi bir nimani sezdi, shekilli, lavhaga «kirib ketgudek» bo‘lib termuldi, ko‘zlaridan beixtiyor yosh sizib chiqdi. Bir necha daqiqalardan so‘ng kadrda to‘shakda mixlanib yotgan bola tasviri namoyon bo‘ldi: kadrdagi bola ko‘zlarini shiftga boqqancha, ma’yus yotardi... Kadr ortidan bir qizning: «Ushbu film dunyoni titratgan va Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan», degan ovozi eshitildi. Akasining «Jim, kut. Jim, kut», deyishi sababini tushungan Nargiza yig‘lab yubordi. Pechka yonida to‘shakda o‘rab qo‘yilgan akasi filmning oxiri qanday yakunlanishini sezganini his qildi, uni kelib ohista quchdi: «Mening akam, o‘zimning akajonim!»...

Nozimjon elektron aravachali bo‘ldi

«Shu bu yil qish izg‘irinli, sovuq keldi-da. Sovuqdan omon-eson chiqish uchun ko‘p jonhalak bo‘ldik. Aksiga, Nozimjonimning nogironlik aravachasi singan, yirtiq-yamog‘ini «yamab-suyab», zo‘rg‘a sudrardik. O‘g‘lim o‘n yildan ortiqroq vaqt ta’mirga muhtoj aravachada «kun ko‘rdi». Men oddiy o‘qituvchiman. Turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatchi. 4 nafar farzandimiz bor. Ammo, topgan-tutganimizning ko‘p qismini Nozimjonning salomatligini tiklash uchun sarflab kelyapmiz. Shu bois, o‘z kuchimiz bilan sotib ololmaganmiz-da», — dedi Nozimjonning onasi biz bilan suhbatda.

Nozimjon Ro‘zimamatov — Romitan tumanining Qoqishtuvon mahallasida tug‘ilgan. Oilada 4 nafar farzandning to‘ng‘ichi. Bolaligida chalingan dard tufayli nogironligi bor. Shunday bo‘lsa-da, u tengdoshlariga o‘rnak bo‘la oladigan darajada aqlli, faol, intiluvchan, eng muhimi, juda irodali.

Robototexnika, bino maketlari yasash bilan shug‘ullanadigan Nozimjonning buyurtmalari ham anchagina. Unga yon-atrofdagi maktablar, hattoki, oliy ta’lim muassasalaridan ham fanga, qurilishga oid maketlar yasash uchun buyurtmalar kelib tushadi. Shuningdek, u hozir kompyuterda dasturlashni o‘rganmoqda. Qolaversa, uyali aloqa telefonlarini tuzatish, turli bazmlar, tug‘ilgan kunlar uchun videolavhalar tayyorlashga ham qiziqadi.

Nozimjon uzoq yillar oddiy nogironlar aravachasidan foydalanib kelishga majbur bo‘lgan. Yaqinda unga tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi tomonidan elektron aravacha berildi. Shundan so‘ng, u mustaqil ravishda o‘zi ko‘chaga chiqish, uka-singillari bilan aylanish, o‘rtoqlari bilan ko‘rishib turish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

«O‘n yildan ortiqroq vaqt davomida oilamdagilarga og‘irligim tushmasdan, mustaqil «yurish»ni orzu qilib yashadim. Boshqa tengdoshlarim qatori o‘z oyoqlarimda istagan joyimga borib kelolmasman, ammo bu elektron aravacha menga do‘stdek qadrdon bo‘lib qoldi. Endi tashqarida, ko‘chalarda o‘zim ham bemalol harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Xursand bo‘lganim, meni o‘ylaydiganlar bor ekan. Bunga javoban endi maqsadlarim uchun harakatdan to‘xtamayman. Agar Alloh taqdirimga yozgan bo‘lsa, arxitektor bo‘lishni maqsad qilganman», — deydi Nozimjon.

Onasining aytishicha, Nozimjon bolaligida hamma tengdoshlari qatori sog‘lom va tetik bola bo‘lgan. Tumandagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 1-sinfga borgan. Biroq, unda maktab borganining ilk yilidayoq oyog‘ini o‘ziga bo‘ysundirolmay, yiqilib tushish odati paydo bo‘la boshlagan.

«Bu xastalik — tug‘ma, deb baholandi. Unga Dyushenn miodistrofiyasi, ya’ni zo‘rayib boruvchi mushaklar distropiyasi tashxisi qo‘yilgan. Xastalik bolaginamning organizmida yashirin kezgan ekan, xabarsiz qolganmiz. 2013-yildan buyon Toshkentning turli davolanish maskanlariga qatnaymiz. Shu yil ahvoli judayam og‘irlashdi. Suyaklar yemirilishi va bukrilik alomatlari tezlashib, og‘riqlari kuchaydi. Bolamni har ko‘rganda, yurak-bag‘rim izillaydi. Nailoj, Alloh bergan xastalik ekan. Shunisigayam shukr, ko‘z oldimizda tirik va bor bo‘lsin, ilohim. Irodasi juda kuchli. Eng og‘riqli va og‘ir jarayonlarni bosib o‘tdi. Kelgusida arxitektura va kompyuter texnologiyalari sohasini egallamoqchi. Robototexnikagayam qiziqishi juda baland. Rasmlar chizish, plastlindan tabiatning go‘zal va betakror manzaralarini yaratishniyam yaxshigina egallagan. O‘zi uyda yolg‘iz qolgan paytlari toki biz ishdan qaytguncha, turli qo‘l mehnatlari bilan bizga «syurpriz»lar tayyorlab, xursand qiladi», — dedi Nilufar Saidova o‘g‘lining qiziqishlari haqida so‘zlar ekan.

Keraksiz buyum va matolardan sayqallangan «mo‘’jiza»lar

Ikkinchi sinfdan uyda ta’lim olishni boshlagan Nozimjonning robototexnika yo‘nalishiga qiziqib qolishida elektron o‘yinchoq mashinasining sinib qolishi sabab bo‘lgan. Ilk ishni shu mashinani tuzatishdan boshlagan. Bora-bora singan yelim o‘yinchoqlar, plastilin, gugurt donalari, daraxt shoxlariyu jalyuzi parda qoldiqlari va boshqa keraksiz buyumlardan foydalanib, o‘z ijodkorligini sayqallay boshlagan.

Nozimjon Parij minorasidan tortib, Buyuk Britaniyaning mashhur qo‘priklarigacha yasagan. Ayniqsa, toshlardan yasagan ko‘l va betakror tabiati bor maketlari ko‘pchilikka manzur bo‘lgan.

E’tiborimizni tortgani, Nozimjon robototexnik vositalar hamda turli bino maketlarini keraksiz buyum va matolardan tayyorlab, ularni sayqallab, daromadga ham ega bo‘lmoqda. Chunki Nozimjonda turli buyumlar yasashi uchun maxsus robototexnik buyumlar bo‘lmagan. Oilada esa unday buyum va vosita to‘plamlarini xarid qilish imkoni tug‘ilmagan.

«Allohga shukur, to‘rt nafar farzandimiz bor. Dadamiz davlat xizmatchisi. Men ham maktabda o‘qituvchiman, faqat o‘g‘limning qarovsiz qolmasligi uchun kam dars soatlari olganman. To‘g‘risi, topgan daromadimizning qariyb, 50-60 foizidan ko‘prog‘ini Nozimjonning salomatligini tiklashga sarflaymiz. Dori-darmon vositalarini Moskvadan buyurtma orqali juda qimmat narxda xarid qilib olamiz. Ozgina imkonimiz kengayishi bilan, albatta, o‘g‘limizga rabototexnik vositalar yasashi uchun barcha kerakli to‘plamlarni olib beramiz», — deydi ona vazminlik bilan.

Shu holatdayam hayotga intilish va yashashdek istaklaridan to‘xtamaydigan o‘g‘lining qiziqayotgan sohasi uchun zarur vositalarini xarid qilishga imkoni yo‘qligini iymanib so‘zlagan ona muammo va tashvishlari haqida hech qachon hech kimga murojaat qilmagan. Bolalarini birovdan kam qilmaslik uchun tomorqada tirishib mehnat qilgan. Turmush o‘rtog‘i bilan ham davlat ishida, ham tomorqa-o‘charda sovuqni sovuq, issiqni issiq demay ter to‘kkan, mehnat qilgan. Tomorqada yetishtirilgan hosillar xarididan topilgan ozmi-ko‘pmi daromadni o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Nozimjonning salomatligini tiklashga sarflab kelishgan. Maoshlar esa oila va boshqa bolalari xarajatiga ishlatiladi.

«Ota-onamning men uchun qayg‘urib, kecha-kunduz ishlashini bilaman. Ularga yordam bo‘lsin uchun ro‘zg‘orga ozmi-ko‘pmi daromad keltirishga harakat qilaman. Gohida televizorda yoxud internetlarda ota-onasiga ozor yetkazib, ularni mushkul ahvolga solib qo‘yayotgan tengdoshlarimni kuzataman. Ularga «ota-onangizni asrang-avaylang, chunki hech kim ular kabi siz uchun qayg‘urishmaydi», degim keladi. O‘zim esa, salomatligimdagi muammo bois, ota-onamga ko‘p-ko‘p yordam bera olmayotganim uchun gohida yolg‘iz qolsam, yig‘layman. Ammo, ko‘z yoshlarimni ularga ko‘rsatmaslikka harakat qilaman. Ular mening yashashim uchun bor dunyolarini sochishyaptimi, demak, men ham shunga javoban iroda va qat’iyatimni mustahkam tutishim kerak», — deydi Nozimjon.

Nozimjon ko‘pincha ertak kitoblar o‘qiydi. Ertak qahramonlari bilan o‘zini baxtiyor his qiladi. Juda sekin va past tovushda so‘zlaydi. Beozor, tabiatan vazmin bola. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, qarash va fikrlashlari sog‘lom, orzu-o‘ylari osmon qadar.

«Otam harbiy sohada ishlaydi. Men ham uningdek bo‘laman, uningdek Vatanga xizmat qilaman. To‘g‘ri, bunga jismonan imkoniyatim yetmas, ammo, o‘zim yasagan va kelgusida arxitektura sohasida yaratuvchanliklarim bilan Vatanga xizmat qilaman», — deydi umid bilan bog‘dagi o‘yinqaroq kapalaklarga termulgancha Nozimjon.

«Obod mahalla»dan chala «qolgan»  suv va yo‘l ta’miri

Nozimjon bilan suhbatni ularning hovlisi, yam-yashil tomorqalaru ko‘chalarini sayr qilib, davom ettirdik. Elektron aravachada sayr qilar ekan, u bundan mamnunligini yana bir karra eslatadi. Ushbu aravacha yaqindagina berilgan bo‘lishiga qaramay, g‘ildiraklari biroz yemirilgan.

Ma’lumot o‘rnida: Qoqishtuvon mahallasi 2021-yilda «Obod mahalla» dasturiga kirgan. Biroq, yirik xalqaro ahamiyatga yo‘l yoqasidan ularning darvozasigacha bo‘lgan, ancha balandlikdan pastga qarab yo‘naltirilgan yo‘lak shag‘al bilan to‘ldirilgan. U ham «Obod mahalla» tomonidan emas, xonadon egasi  tomonidan shag‘allashtirilgan. Toza ichimlik suvi esa mahallaning sanoqli xonadonlariga kirib kelgan. Quvur tortib, yetkazib berilmagan. Mahalla go‘yoki toza ichimlik suviga moslashtirilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik aholi suvni sotib oladi.

«Voy, bu muammolarni qayerdan ko‘rdingiz. Axir, biz hech qachon hech kimga murojaat qilmaganmiz. Faqat umrbo‘yi o‘g‘limizga shifo so‘rab, Allohga iltijo qilib keldik. Bizga «gap» kelmasin», — deydi ayol sigir-buzog‘iga qarab kelib, boshiga tang‘ib olgan ro‘molini to‘g‘rilab qo‘yar ekan.

Soddadil qishloq ayoli hatto o‘zini qiynab kelayotgan muammolarni aytishgayam iymanadi. «Yo‘q, suv bor!», — deb qo‘yadi. Aslida «Obod mahalla»ning bizga ma’lum bo‘lmagan qaysidir hujjatidagina balki oyoq cho‘zib yotgandir: «har bir xonadonga kirib borgan toza suv quvuri». Mutasaddilar bu masalalarga e’tiborni oshirishi zarur!

Mahallada «Ayollar daftari»ga kiritilgan Nilufar Saidova bir martalik moddiy yordamga ega bo‘lgan. Bu oilaga uzoq yil «xizmat ko‘rsatgan», ishlab-ishlamaydigan muzlatgichni ochib, undan uyutilgan qatiqni olayotgan Nilufarga razm solamiz:

– Hech o‘zingiz uchun yashaganmisiz?

– Bolalarim uchun harakat qilayotganimizning o‘zini o‘zimiz uchun yashash, deb bilaman, — deydi u. Qo‘li qadoq, sabrlari tosh ayolning irodasiga tahsin aytamiz.

Nozimjonning onasi tomorqada yetishtirgan meva-chevalarni yuvib kelib, bizga ham tortiq qilar ekan, tandirga o‘t yoqishi kerakligini aytdi. Biz ham mevalarni tatib ko‘rgan ko‘yi ayolga ergashdik. Mol-holi, qo‘y-echkisi boylangan molxona oldida atrofi supurib tozalab qo‘yilgan chiqindixonaga ko‘zimiz tushdi. «Iya, xandak (yama) molxonadami?», — so‘radik beixtiyor.

Ma’lum bo‘lishicha, qishloqda chiqindixona yo‘q. Chiqindi tashish mashinasining esa bu xonadonga kelmaganiga ancha bo‘lgan.

«Bir gal chiqindi tashuv manishinasida notanish, to‘g‘rirog‘i, bizning vaziyatimizni bilmagan haydovchi kelgandi. «Uyda o‘g‘ling borga o‘xshaydi, ovozi eshitildi. Ayt, chiqsin, yordamlashsin!», – dedi. Uning bu gapi yuragimni teshib o‘tganini o‘zim bilaman – jonim, opa. O‘g‘lim bu ko‘yda bo‘lmasa, boshimdan tillolar sochardi», — o‘ksib so‘zladi Nilufar.

Umr bo‘yi qiyinchiliklar jonidan o‘tsa-da, hech kimga «churq» etmay kelgan Nilufar shundan keyin chiqindi tashish mashinasiga xabar bermaganini jimgina so‘zladi.

Kun issiq. Harorat 40 darajadan oshgan. Quyosh jaziramasida tandir olovi taftida non yopishning ham o‘zi bo‘lmas. Non yopishga tayyorlangunga qadar supra boshida suhbatni davom ettirdik. 11 yoshli qizi Nargiza ham onasiga qarashdi. She’rlar aytib, qo‘shiq xirgoyi qildi. Akasini yaxshi ko‘rishini, akasining eng yaqin dastyori ekanini so‘zladi.

Suratga tushish uchun kelgan mahalla faoli

Shu topda biz s’yomka jarayonlarini o‘tkazayotgan bu hovliga sipo kiyingan bir ayol kirib keldi. O‘zini Qoqishtuvon mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Shahnoza Hasanova, deb tanishtirdi.

Hali tanishib, salomlashib ulgurmagan ham edik, u: «Tez-tez meni rasmga tushiring. Vaqtim yo‘q. Ishim ko‘p. Voyaga yetmagan bir qizning chiqargan «ishkali» masalasida mahallaga tuman prokurori kelyapti», — deb qoldi  buyruqnamo. Biz ham hayrat, ham o‘y bilan unga tikildik. «Nega o‘ylanyapsiz, tezlashtiraylik!» — dedi ayol yana allaqanday asabiylik bilan. «Siz o‘z ishingizni qilib, bemalol suratga tushib ketishingiz mumkin. Ammo, biz sizni buyrug‘ingiz bilan suratga olishga majbur emasmiz!», — dedik kesatib.

Faol ayol hovuridan tushib, Nozimjonning qayerda ekani, uning haqida aytadigan so‘zlari borligini bildirdi. Uning «aytadigan gaplari»ga qiziqib, uy ichkarisida surat chizib, turli buyumlar yasab turgan Nozimjonning yoniga kirdik.

Shahnoza Hasanovaning aytishicha, Nozimjon haligacha «Yoshlar daftari»ga kiritilmagan.

– Qonun talabi bo‘yicha o‘zi yoki onasi borib ariza topshirishi kerak edi, shu paytgacha. Lekin bular tomonidan «Yoshlar daftari»ga kirish uchun murojaat kelib tushmagan, — dedi u.

– Siz aytayotgan qonunda yozilmagan insoniylik tushunchalari ham bor! Siz Nozimjonning ahvolidan xabardorsiz. O‘sha arizani o‘zingiz yoki yoshlar yetakchisi birgalikda o‘z tashabbusingiz bilan kelib yozdirib olsangiz malol bo‘larmidi? — dedik.

Shahnoza Hasanovaning aytishicha, «Yoshlar daftari»ga kirgach, Nozimjonga bir martalik yordam puli ajratiladi hamda u davlat tomonidan o‘n kunlik yotib davolanish imkoniga ega bo‘ladi.

Yoshlar yetakchisi xizmat safari bilan poytaxtga ketgani bois, bu vaziyatda u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Shahnoza Hasanova bizga yana bir karra suratga tushishini eslatdi.

«Nozimjonning holidan tez-tez xabar olib turamiz. U iqtidorli, aqlli bola. Onasi «Ayollar daftari»ga kiritilib, bir million ikki yuz ming so‘m miqdorida bir martalik yordam puli olgan. Oziq-ovqat mahsulotlari ham keltirib berganmiz», — dedi u suratga olinishi jarayonida.

Jismoniy nuqsoni bor yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salomatliklarini ta’minlash, huquq-manfaatlarini himoyalash, yordamga muhtojlarga ko‘maklashish azaliy qadriyatlarimizdan sanaladi. Biroq, mahalla faollari tomonidan «ko‘ringan» bo‘lib, suratga tushib ketishlaru, sanoqli marta berilgan oziq-ovqat mahsulotlarining takror-takror aytilaverishi uni qabul qilgan fuqarolarning insoniy qadriyatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Nima ham derdik, mahalla faollarining bunday «surat»larga tushib, bir xil tartibda bergan intervyulariga ko‘nikkanmiz.

– Opa, Nozimjon issiq nonni tandirboshida suvga bo‘ktirib yeyishni yoqtiradi, — deya shu topda xona eshigidan bosh suqdi bizni ham tandir boshiga chorlagan bo‘lib Nilufar.

Olov haroratda olovda cho‘g‘langan tandirboshiga bordik. Nozimjonga va bolalarga qo‘shilishib, biz ham issiq kulchalarni suvga bo‘ktirib-bo‘ktirib yedik. Bolaligimiz onlari yodga tushdi. Bolalarga issiq non bilan pomidor yeyish ham bolalikning zavqi ekanini kulishib aytdik.

– Menga yoqdi. Issiq kulchani suvga bo‘ktirib, pomidorga qo‘shib yeyish juda mazali ekan, — kuldi Nozimjon.

Hazil-mutoyibali latifalar aytildi, bolalikning shirin xotiralari yodga olindi.

Borlaringizga shukr. Bolamning yuziga qon yugurdi. Anchadan beri miriqib kulmagan, dildan yayramagan edi, — qo‘lidagi tandirpo‘shakni yechar ekan so‘zladi Nilufar.

Quyoshga hamohang oftobdek toblangan ona arava sudrab ketayotgan o‘g‘li ortidan umidlanib, jovdirab qaraydi. Onaning nigohlari 11 yil davomida aravachada borayotgan shu dilbandi bilan izma-iz yurgan. Bu nigohlarini boshqa yoqqa qaratishdan cho‘chib, yaproqdek titrab yashagan. O‘zi yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zini unutgan, erta keksaygan: sochlariga oq tushib, ko‘zlari ma’yuslangan onaizor armonlarga berilib-berilib so‘zlaydi:

– Ko‘ksimni ezib, kuydirib kelayotgan bolamning dardi-tig‘i oldida  quyosh tig‘i nima bo‘libdi, opa. Hali o‘g‘limning O‘zbekistonga bel bog‘lab xizmat qiladigan arxitektor bo‘lib yetishishiga, o‘zi istagan oliygohlarda tahsil olishiga ishonaman.

Armonlari yuragida otashlanib, olovlanib borayotgan Nozimjonga yuzlanamiz.

«Men uchun onam-otam dunyodagi eng aziz ne’mat. Ayniqsa, onajonimni juda-juda yaxshi ko‘raman. Xuddi shuningdek, men Vatanni ham onam kabi sevaman. Ukam, singillarim mening eng yaqin do‘stlarim. Bugun ular aslida, mening himoyamda bo‘lishi kerak. Ammo... ularning menga g‘amxo‘rliklari evaziga o‘zim o‘zlashtirayotgan robototexnika, rasm chizish, veb-dizaynerlik sohasi, maketlar yasashni ularga ham o‘rgataman. Ota-onamning kamini to‘ldiradigan shaxslar bo‘lib yetishishsin. Men yaqinlarimni ular meni sevgandek sevaman», — ko‘zlarida nur chaqnasa-da, nigohida dard chayqalgan Nozimjonning so‘zlarini tinglar ekanmiz, ko‘zlarimiz beixtiyor yoshlandi.

Og‘risa dardini, g‘am cheksa «oh»ini yaqinlariga sezdirmay umrguzaronlik qilib kelayotgan, Yashash va Hayot mezonini shior, deb bilgan Nozimjonni metindek iroda, sabotning o‘zi qo‘llasin, deymiz.

Yurtimizda imkoniyati cheklanganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashlariga imkoniyatlar yaratish maqsadi ustuvor. Toki, ular Yangi O‘zbekistonda e’tibordan chetda emasliklarini, shu jamiyatga, davlatga kerak ekanliklarini his etishsin.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring