Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ma’qullandi, soliq turi 13 dan 9 taga qisqaradi

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ma’qullandi, soliq turi 13 dan 9 taga qisqaradi

«O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni Senat tomonidan ma’qullandi.

Ta’kidlanganidek, Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksini yangi tahrirda qabul qilish nazarda tutilmoqda. Kodeks O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida» 2018 yil 29 iyundagi Farmonini ijro etish uchun ishlab chiqildi.

Qonun iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini kamaytirishga, shuningdek soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi bo‘yicha soliqlar to‘laydigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida soliq yuki darajasidagi tafovutlarni bartaraf etishga qaratilgan. Shuningdek soliqlarni unifikatsiyalash, shuningdek o‘xshash soliq solish bazasiga ega soliqlarni birlashtirish orqali ular sonini maqbullashtirish, soliq hisobotlarini kamaytirish va soddalashtirish, operatsiya xarajatlarini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonun makroiqtisodiy vaziyat barqarorligini, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va uning daromadlarini shakllantirish barqarorligini ta’minlashga, soliq qonunchiligini soddalashtirishga, soliq munosabatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etishga, vijdonli soliq to‘lovchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa’ridan foydalanishga oid soliqqa oid normalar, shuningdek ularni hisoblash tartibi va ularni to‘lash muddatlari belgilanmoqda va ochib berilmoqda.

Nazorat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish va soliq tekshiruvlari turlarini kamaytirish nazarda tutilmoqda. Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra kelgusi yildan soliq turlari 13 dan 9 gacha qisqartirilmoqda. Xususan, yagona yer solig‘i, davlat boji, bojxona to‘lovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq turlari bekor qilinmoqda.

Soliq nazorati o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda, u soliq organlariga kameral, joyiga chiqqan holda tekshirish va soliq auditini vakolatli organ bilan kelishilmasdan tahlika-tahlil dasturi asosida amalga oshirish huquqini beradi. Soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilarni 42 ta mezon asosida 3 segmentga, ya’ni, «vijdonli», «shubhali» va «muntazam huquqbuzarlar»ga ajratgan holda ular bilan faoliyat tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalarda amalda bo‘lgan soliq qarzini debitor qarzdorlik hisobidan undirish tartibidan voz kechilmoqda.

Bundan tashqari, soliqlar va yig‘imlar, shuningdek boshqa majburiyatlarni hisoblash va to‘lash masalalari bo‘yicha axborot to‘plash uchun sayyor tekshiruv o‘tkazilishi belgilanmoqda. Sayyor tekshiruv yakunlari bo‘yicha soliq organi mansabdor shaxslari tomonidan ular amalga oshirgan harakatlar to‘g‘risida ma’lumotnoma tuziladi, uning nusxasi soliq to‘lovchiga beriladi. Sayyor tekshiruv o‘tkazishda soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlar hisoblanmaydi. Shu bilan birga, inson omili ishtirokisiz soliqlar to‘lanmasligi xavfi omillarini tahlil qilish natijalari asosida tanlab olingan barcha soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq auditini o‘tkazish belgilanmoqda.

Soliq bo‘yicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilmoqda, shuningdek soliq bilan bog‘liq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilanmoqda. Soliq organlari javobgarligi kuchaytirilmoqda, soliq auditi natijalari bo‘yicha ortiqcha undirilgan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish mexanizmi nazarda tutilmoqda. Shunga o‘xshash tarzda ortiqcha to‘langan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summasini hisobga olish (qaytarish) mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek soliq to‘lashni ta’minlashning yangi vositalarini joriy etish, shuningdek, soliq to‘lash muddatini to‘lov asosida kollegial organlarning (komissiyalarning) ishtirokisiz kechiktirish yoki uzaytirish tartibi nazarda tutilmoqda. Bunday huquq xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga berilmoqda. Soliq solinishdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashish bo‘yicha normalar, shu jumladan «bitimlarni qayta malakalash», «soxta va qalbaki bitimlarni» bekor qilish, tovlamachilik bitimlariga chegirmalarni bermaslik bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.

Transfert narx shakllantirishni nazorat qilish normalari, «o‘zaro bog‘liq shaxslar» va «o‘zaro bog‘liq shaxslar o‘rtasida nazorat qilinadigan bitimlar», «nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi» (NChEK) tushunchalari joriy etilmoqda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan soliq to‘lovchi tomonidan nazorat qilinadigan chet eldagi yuridik shaxsni soliqqa tortish tartibi ochib berilmoqda.

Shu munosabat bilan ayrim tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan faoliyat amalga oshirilishi bilan bog‘liq «soliq to‘lovchilarni konsolidatsiyalashgan guruhi» (SKG) tushunchasi va ularni soliqqa tortishning xususiyatlari kiritilmoqda.

Shuningdek soliqlarni hisoblash mexanizmini va to‘lash tartibini takomillashtirish, shuningdek soliqqa tortishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Muhokama vaqtida Kodeksning qabul qilinishi soliq qonunchiligi normalarini qo‘llashni imkon qadar soddalashtirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring