Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Kudbiyevning jurnalistga «siz hali yosh qizchasiz» deyishi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Sherzod Kudbiyevning jurnalistga «siz hali yosh qizchasiz» deyishi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Bugun, 17-yanvar kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Anjumanda jurnalistlardan biri Artel, «O‘zbekiston temir yo‘llari» va «Uzbekistan Uzrailways» kabi yirik kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgani natijasida davlat budjetiga tushmayotgan mablag‘lar kimning yelkasiga tushayotgani, ular nega mol-mulk solig‘idan ozod qilingani va ularning balansida qancha mol-mulk borligi haqida savol berdi.

«Oxirgi savolga javob bermayman: balansida qancha mol-mulk borligi soliq siri bo‘ladi. Buni bilmayman ham, bilganimda ham javob bermasdim.

Kimning yelkasiga tushyapti, deganda savol noto‘g‘ri qo‘yilyapti. Hech kimning yelkasiga tushgani yo‘q. Davlat fiskal va moliya siyosati doirasida qaysidir sohalarni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlarini beradi. Agar biz o‘sha soliq imtiyozlarini yashirib, e’lon qilmaganimizda, Soliq qo‘mitasiga aybdor sifatida qarashingiz mumkin edi. Biz hammasini ochiqchasiga e’lon qilyapmiz», – dedi Kudbiyev.

Jurnalist DSQ raisi javobidan qoniqmagach, «Bu mening gapim emas, xalqimiz sizdan to‘liq, batafsil javob kutyapti», – deb so‘raydi.

Jurnalistga javoban Sherzod Kudbiyev: «Bu javobdan qoniqish-qoniqmaslik sizning ishingiz, albatta. Ikkinchidan, siz hali yosh qizchasiz, xalq nomidan gapirishga ikki xil toifa shaxslarda huquq bor. Siz xalq nomidan gapirolmaysiz, buni kelgusida hushyor bo‘lishingiz uchun aytmoqchiman: xalq nomidan faqat prezident va deputat gapiradi, chunki ular xalq tomonidan saylangan. Boshqa odam xalq nomidan gapirishga huquqiy jihatdan ham, boshqa tomondan ham haqqi yo‘q», – deb javob berdi. Bu esa anjuman ishtirokchilarida e’tiroz keltirib chiqardi.

«Tanqidni o‘z o‘rnida qilish kerak. Aholi bizga savollari bilan yuzlanadi. Axir ularning hammasi ham savol bergani bu yerga kelolmaydi. Hozir kuzatyapmiz, faysbukda qo‘yilgan post ostida savollar berilyapti. U xalqning savollari. Ularning nomidan berilyapti. Qo‘pollashishning keragi yo‘q», – deydi blogerlardan biri.

Qo‘mita rahbari e’tirozdan keyin agar gaplari qo‘pol ko‘ringan bo‘lsa, uzr so‘rashini bildiradi.

Ushbu holatga tarmoqning taniqli faollari va blogerlari ham o‘z munosabatlarini bildirishdi.

«Savol asosli. Biroq qo‘mita raisi asosiy masala qolib, boshqa tomonga ketib qolibdi.

Mayli xalq nomidan kim gapirishi aniq bo‘libdi. Lekin aylanib o‘rgilib «Artel» bo‘yicha berilgan savolga javob bo‘lmadi. Balki bu savolga «Artel»ni o‘zi javob berar. Albatta, agar savollarga ochiq bo‘lishsa», deb yozdi deputat Rasul Kusherbayev. 

«Bugungi matbuot anjumani o‘z oldiga qo‘ygan vazifani bajara olmadi, DSQ o‘zini tushuntirolmadi, aksincha, raisi aytgan so‘zlar xayp bo‘lyapti.

Avvalo, janob Kudbiyev jurnalistning so‘zlarini kontekstdan uzib talqin qildi. Jurnalist o‘ziga kelgan savollarni o‘qib: «Bu mening gapim emas, xalqning gapi» dedi, kontekstda «mening gapim emas, odamlar so‘rayapti» degan ma’noda kelyapti. Uni uzib olib xalq nomidan gapirma deyish – so‘z o‘yini, savolga javob bermaslik asli. Bir so‘raganda javob bermay, qayta so‘ralganda yana so‘z o‘yini qilish omma oldiga chiqqan odamning ommaga nisbatan qo‘polligi deb talqin qilinishi mumkin.

Xalq xalq bo‘lib borib savol so‘rashidan qo‘rqish kerak aslida.

Umuman olganda, bugungi matbuot anjumanini maqsadli auditoriya bilan muloqot deb bo‘lmaydi...

Boshqattan boshqa muloqot kerak, maqsadli auditoriya bilan», deya munosabat bildirdi Shahnoza Soatova.

«Tadbirkorlarimiz jiddiy muammoga duch kelishmoqda. Buni jurnalistlar, blogerlar bo‘rttirayotgani yo‘q, muammo jiddiy, tadbirkorlar ayyuhannos solmoqda, OAV, jurnalistlar, blogerlar shunchaki xavotirga tushayotgan, oldida jiddiy muammolar yuz kelayotganini his qilayotgan tadbirkorlar fikrlarini sal qofiyaga solib e’lon qilayapti. Muammo jurnalistlar, blogerlarda emas. Muammo tadbirkorlar uchun qariyb ilojsiz va birtomonlama joriy qilingan ma’murchilikda, uni ishlab chiqqan va joriy qilayotgan ijrochilarda. O‘zbek xalqi dono xalq, u hamma narsa o‘tkinchi ekanligini biladi, lekin yana eski nuqtadan boshlash ozgina alamli, xolos. Bizga siyosiy yechim kerak», deb yozdi davletovuz kanali.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring