Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zsanoatqurilishbank Xalqaro moliya korporatsiyasining Global savdoni moliyalashtirish dasturiga qo‘shildi

O‘zsanoatqurilishbank Xalqaro moliya korporatsiyasining Global savdoni moliyalashtirish dasturiga qo‘shildi

Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) O‘zsanoatqurilishbankka mamlakat iqtisodiyotini COVID-19 pandemiyasi ta’siridan himoya qilishga ko‘maklashish bilan mahalliy eksportyor va importyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 20 mln. AQSh dollari miqdorida savdoni moliyalashtirish liniyasini taqdim etmoqda. Bu xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan ta’sis etilgan O‘zsanoatqurilishbank ishtirokidagi savdoni moliyalashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha uchinchi dasturdir.

O‘zsanoatqurilishbank mamlakatning ikkinchi yirik banki sifatida ushbu dasturga qo‘shilgan holda o‘zining filiallar tarmog‘i, mijozlar bazasi va amaliyot tuzilmasidan mahalliy korxonalarning savdoni moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishda qo‘llashi mumkin.

– Mazkur bitimning imzolanishi Bankning turli iqtisodiyot segmentlarida mijozlarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy strategiyani yaqqol namoyon etmoqda, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Boshqaruvi Raisi Saxi Annaklichev. – Valyuta bozori liberallashtirilgandan so‘ng, Bank savdoni moliyalashtirish yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirishda yordam beradigan, shuningdek, ko‘plab xalqaro moliya institutlari va banklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali moliyaviy resurslar bazasini kengaytiradigan yangi mahsulotlarni taqdim etish choralarini ko‘rdi.

XMKning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Kassandra Kolbert ta’kidlashicha, savdo o‘sishni rag‘batlantirishning eng kuchli usullaridan biri bo‘lib, iqtisodiy barqarorlikni tiklash va pandemiya davrida ishchi o‘rinlarini saqlab qolishga xizmat qiladi. Ushbu bitim Bankning o‘zbek mahsuloti importyorlari, distribyuterlari va eksportyorlarini qo‘llab-quvvatlashga hamda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili hisoblangan savdo sektorini rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanligini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumot uchun, Xalqaro moliya korporatsiyasining 5,5 mlrd. dollarlik Global savdoni moliyalashtirish dasturi rivojlanayotgan bozorlarda banklarning savdo majburiyatlarini kafolatlash orqali xavfni kamaytirishga yordam beradi.

XMKning mazkur dasturi 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xalqaro moliya korporatsiyasi savdo amaliyotlarini moliyalashtirish bo‘yicha 71 mingdan ziyod kafolatlarni chiqardi. Bu bilan turli sektorlar, shu jumladan, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi sektori, sog‘liqni saqlash ham ko‘plab boshqa sohalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Xalqaro moliya korporatsiyasining savdoni rivojlantirish borasidagi faoliyati doirasida dunyoning 90 dan ziyod mamlakatida umumiy qiymati 190 mlrd. AQSh dollarilik savdo amaliyotlari qo‘llab-quvvatlangan.

Bugungi kungacha Bank Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining savdoga ko‘maklashish bo‘yicha dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jumladan, Bank Osiyo taraqqiyot bankining 2018, 2019 va 2020-yillardagi «O‘zbekistondagi eng faol hamkor banki» sifatida hamda savdoni moliyalashtirish bo‘yicha dasturlar doirasida 2020-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining «O‘zbekistondagi eng faol bank-emitenti» deb e’tirof etilgan.

Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring