Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Tojikistondan paxta tolasini qay tartibda sotib olishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston Tojikistondan paxta tolasini qay tartibda sotib olishi ma’lum qilindi

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Dushanbe shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilishdan so‘ng har ikki davlatning tegishli vazirliklari, idoralari va tadbirkorlari ishtirokida beznes forum bo‘lib o‘tdi. Forumdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov OAV uchun intervyu berdi.

— Tojikiston bilan tovar ayirboshlash bo‘yicha muzokaralar turli sohalarni qamrab olmoqda. Tekstil, farmatsevtika, oziq-ovqat, qurilish mahsulotlari, neft va kimyo, mashinasozlik hamda boshqa sohalarda hamkorlik kuchaytiriladi.

Mashinasozlik borasida UzAuto va Tojikistondagi xususiy kompaniyalardan biri o‘rtasida kelishuv imzolanadi. Ushbu kompaniya Tojikistonga avtomobil olib kirish bilan shug‘ullanib kelgan. Endilikda hamkorlik yangi bosqichga chiqadi va shu yerning o‘zida yengil avtomobillar yig‘ilishi rejalashtirilmoqda.

Tojikistondan alyuminiy, elektr energiyasi, paxta tolasi, ruda, sement va yana turli mahsulotlar sotib olish mumkin. Tojik alyuminiysi yurtimizdagi mashinasozlik va boshqa ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Eng muhimi — har ikki tomonning o‘zaro iqtisodiy munosabatlari tizimli ko‘rinish kasb etadi. Buning uchun juda ko‘p muloqotlar o‘tkazilyapti, doimiy aloqada bo‘lib turibmiz. Shu maqsadda Dushanbeda «O‘zbekiston savdo uyi» ochilishi rejalashtirilgan. Xuddi shunday, Toshkentda ham Tojikistonning savdo uyi ishga tushiriladi. Bu muassasalar Showroom formatida doimiy ravishda ishlaydi va har ikki davlat tomonidan eksport qilinadigan mahsulotlar ko‘rgazmasi doimiy ravishda o‘tkaziladi. Tadbirkorlar, iste’molchilar va importyorlar bemalol kelib, o‘zi qiziqish bildirayotgan mahsulotni ko‘rishi, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘li bilan ushlab ko‘rishi va shu yerning o‘zida shartnoma imzolashi mumkin.

E’tiborli jihatlardan biri — O‘zbekiston Tojikistondan paxta tolasi sotib oladi. Yurtimizdagi tekstil korxonalarining quvvati oshib bormoqda va qayta ishlash uchun xom-ashyo yetishmovchiligi boshlangan. Shu bois Tojikistondan paxta tolasini import qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hozircha sinov tariqasida 10-20 ming tonna tola sotib olinadi. Hammasi yaxshi ketgan taqdirda, savdo hajmi oshiriladi.

O‘zbekiston ikki yildirki paxta tolasini eksport qilishni batamom to‘xtatgan. Paxtamiz kamida ip-kalava ko‘rinishida xorijga sotilmoqda. Ayni vaqtda ip-kalavaning eksport narxi bir kilogrammiga 1,5 AQSh dollari atrofida bo‘lib turibdi. Yana bir-ikki yildan so‘ng ip-kalavani ham sotishni to‘xtatib, tayyor mato va boshqa ko‘rinishdagi mahsulotlarni eksport qilishga tayyorlanmoqdamiz. Paxtani shunchaki xom-ashyo sifatida sotgandan ko‘ra qayta ishlab, tayyor mahsulot, aytaylik, kiyim-kechak ko‘rinishiga keltirilsa, 15-20 barobar ko‘proq foyda keltiradi, — deydi Laziz Qudratov.

Eslatib o‘tamiz, hamkorlik doirasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 700 million AQSh dollaridan oshishi kutilmoqda. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkich 1 milliard AQSh dollaridan oshishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring