Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisodiy faollik borasida poytaxt peshqadam. Undan keyin...

Iqtisodiy faollik borasida poytaxt peshqadam. Undan keyin...

Foto: «DR»

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya asosida mamlakatning 14 ta hududi bo‘yicha 2021-yilning iyun va iyul oylari uchun «Hududlarda iqtisodiy faollik barometri» baholandi va hududlar reytingi tuzildi.

IFB joriy yilning ma’lum bir davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan hududlar o‘rtasida kuzatilgan iqtisodiy faollik darajasini ko‘rsatadi va u har oyda hisoblab boriladi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-iyul oylarida Toshkent shahri eng yuqori faollik barometri indeksi (0,707) bilan reytingda 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni Samarqand (0,613) va Sirdaryo (0,610) viloyatlari egalladi.

Iqtisodiy faollik barometri Navoiy (0,370), Surxondaryo (0,391) va Andijon (0,468) viloyatlarida nisbatan past bo‘ldi va ular mos ravishda reytingda past o‘rinlarni egalladi.

IFBni baholashda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlardan foydalanildi.

  1. Ishlab chiqarish faolligi – hududda sanoat mahsulotlari va iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, qurilish ishlari, xizmat ko‘rsatish va chakana savdo aylanmasi hajmlaridagi o‘sish sur’atlarini ifodalaydigan 5 ta ko‘rsatkich.
  2. Tadbirkorlik faolligi – faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub’yektlari, yangi tashkil etilgan va faoliyatini tugatgan kichik biznes sub’yektlari sonining o‘sish sur’atlari, faoliyat yuritmayotgan va faoliyati ixtiyoriy tugatish jarayonidagi kichik biznes sub’yektlarining ro‘yxatdan o‘tgan jami kichik biznes sub’yektlari sonidagi ulushini ifodalaydigan 5 ta ko‘rsatkich.
  3. Tashqa savdo faolligi – tovar va xizmatlar eksport-import hajmlarining o‘sish sur’atlarini ifodalaydigan 2 ta ko‘rsatkich.

IFBni hisoblashda nisbiy farqlar va o‘zaro taqqoslash uslublaridan foydalanildi va IFB ko‘rsatkichi integral indeksda ifodalandi. Bunda, «0»dan «1»gacha qiymatga ega bo‘lgan integral indeks qancha «1»ga yaqin bo‘lsa, joriy faollik darajasi shuncha yuqoriligini anglatadi va aksincha.

2021-yilning yanvar-iyul oylari uchun hisoblangan iqtisodiy faollik barometri (indeksda)

Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati ishlab chiqarish (0,749-0,861) va tashqi savdo faolligi (0,671-0,716) hamda Samarqand viloyati tashqi savdo (0,715) va tadbirkorlik (0,676) faolligi nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganligi sababli IFB bo‘yicha reytingda yuqori o‘rinlarni egalladi.

Navoiy viloyatida ishlab chiqarish (0,254) va tashqi savdo faolligi (0,395), Surxondaryo va Andijon ishlab chiqarish (0,273-0,402) va tadbirkorlik (0,367-0,469) faolligi omillari sababli ushbu hududlarda faollik barometri nisbatan past bo‘ldi.

Shuningdek, tadqiqotda 2021-yilning yanvar-iyul davrida yanvar-iyun davriga nisbatan IFBning o‘zgarishi baholandi.

Unga ko‘ra, ijobiy o‘zgarishlar Toshkent shahri (+0,043), Xorazm (+0,077), Farg‘ona (+0,040), Andijon (+0,039), Navoiy (+0,035) viloyatlarida kuzatildi. Buning natijasida, Xorazm (+4), Samarqand (+1), Farg‘ona (+1) va Buxoro (+1) viloyatlari IFB bo‘yicha tuzilgan reytingda o‘z o‘rinlarini yaxshilashga erishdi.

Shuning bilan birga, Sirdaryo (-0,033), Jizzax (-0,008) va Surxondaryo (-0,002) viloyatlarida IFBda pasayish kuzatildi.

IFBni har oyda hisoblash hudud iqtisodiyotini muntazam diagnostika qilish, faollik pasayishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni ya’shilash bo‘yicha choralar ko‘rish, hududlar o‘rtasida faol raqobatni yaratish, buning natijasida esa faollik barometrini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Iqtisodiy faollik barometrini hisoblash metodologiyasi va hisob-kitoblar bo‘yicha batafsil ma’lumot PMTIga murojaat etilganda taqdim etilishi mumkin.

Sherzod Otaboyev,

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, PhD

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring