Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Aqlni o‘g‘irlovchi toshlar

Aqlni o‘g‘irlovchi toshlar

Foto: «gazeta.a42.ru»

Olmos insoniyatga eramizdan avvalgi beshinchi asrlardanoq tanish bo‘lsada, so‘nmas shon-shuhrat va haqiqiy qadrga nari borsa besh-olti asr oldin erishgan. Bor yo‘g‘i no‘xotdek toshlar uchun qonlar to‘kilgan, urushlar ochilgan, avlodlar tanazzulga yuz tutgan. Sevimli yozuvchimiz Pirimqul Qodirov dunyoning eng mashhur olmoslaridan biri «Ko‘hinur»ning Mirzo Bobur va uning avlodlari taqdirida qay darajada muhim o‘rin tutganini ustalik bilan tasvirlagan. Haqiqatdan ham «Ko‘hinur» eng yirik bo‘lmasada o‘z tarixiga ko‘ra eng mashhur olmosdir. Bugun sahifamizda ana shu kabi toshlar haqida hikoya qilamiz.

Olmos faqat bir element – ugleroddan tashkil topgan yagona qimmatbaho tosh hisoblanadi. Fanga haliga qadar olmosdan qattiqroq modda ma’lum emas. Tabiatning mo‘’jizasini qarangki uglerodning yana bir shakli – grafit eng yumshoq moddalardan biri hisoblanadi. Olmosning bu xususiyati tarixda juda qiziq voqealarga sabab bo‘lgan. Uzoq vaqtga qadar zarba ta’sirida maydalanib ketgan olmoslar qalbaki sifatida chiqitga chiqarilgan. 476-yilda burgund gersogi Jasur Karl va fransuz qiroli Lyudovik XI o‘rtasidagi jangda qirol jangchilari Karlning chodiriga kirishga muvaffaq bo‘lishadi va u yerdagi ko‘plab qayta ishlangan olmoslar-gavharlarni qo‘lga kiritishadi. Ular toshlarning asl-aslmasligini bolg‘a yordamida urib tekshirib ko‘radilar. Gavharlar maydalanib ketganini ko‘rgan jangchilar ularni qalbaki deya baholab, hafsalalari pir bo‘ladi. Shu sinov bilan qanchalik asl toshlar yo‘qolib ketgani to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega emasmizu, lekin tarixning turli bosqichlarida turli xil odamlar xazinasining to‘ridan joy egallab, bugungi kungacha yetib kelgan eng mashhur olmoslar haqida ma’lumotlarni bugun e’tiboringizga havola etamiz.

* Hajmiga ko‘ra eng yirik olmos «Kullinan» deb nomlanadi. U 1905-yilda JARning Pretoriya shahri yaqinida topilgan. Vazni 3106 qirot(yoki 621 g)ga teng bu tosh, 9 mln. funt sterlingga baholangan. Bu olmos angliya qiroli Eduard VI ga sovg‘a qilingan. Ishlov berish natijasida «Kullinan» 105 qismga bo‘lib yuborilgan. Eng yirik bo‘lak 516,5 qirot (103,3 g) teng bo‘lib, « Afrika yulduzi» nomini olgan.

«Ko‘hinur» olmosi

* «Ko‘hinur» olmosi hech qachon pulga sotilmagan. Eramizdan avvalgi 56 yilda Hindiston hududida topilgan bu olmos 1304-yilda sulton Olovuddin tomonidan Malva shohidan makr-hiyla yo‘li bilan tortib olingan. 1526-yilda Bobur Mirzo Hindistonni egallaydi va «Ko‘hinur» uning o‘g‘li Humoyunning qo‘liga tushadi. Humoyun Mirzo quvg‘inda yurgan og‘ir kunlarida joniga oro kirgan Eron shohiga olmosni tortiq qiladi. Vaqt o‘tib Eron shohi «Ko‘hinur»ni Humoyun Mirzoga qayta tortiq qiladi. «Ko‘hinur» 1848-yilga qadar Hindistonda qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yuradi. Ingliz askarlari qo‘liga tushgan olmos Angliyaga o‘lja sifatida jo‘natib yuboriladi va qayta ishlanib Angliya qirolichasi tojiga o‘rnatiladi.

Angliya qirolichasi tojidagi «Ko‘hinur» olmosi. Foto: grol1410.livejournal.com

* Yana bir yirik «Regent» olmosi 400 qirot (80 g) vaznga ega bo‘lib, 1701-yilda Hindistonda topilgan. Madoras shahrining angliyalik gubernatori – sobiq dengiz qaroqchisi Tomas Pitt bu olmosni 20 000 funt sterling evaziga mahalliy bir zargardan sotib oladi va Londonga olib ketib, 1717-yilda Fransiya regentiga 125000 funt sterlingga sotib yuboradi. Shundan keyin bu olmos «Regent» nomini oladi. O‘z vaqtida bu olmos Napoleon qilichi sopini bezagan. Hozirgi kunda «Regent» qayta ishlangan va 27,35 g vaznga ega. Fransiyaning Luvr muzeyida saqlanadigan bu olmos 3 mln. dollarga baholangan.

* «Malta Rojasi» deya nomlanuvchi olmos 1787-yilda Borneo orolida topilgan. O‘ziga xos jihati qayta ishlanmagan bo‘lsada g‘aroyib noksimon shaklga ega. 73,4 g. Vaznli bu tosh juda chiroyli nur taratadi.

«Orlov» gavhari

* 200 qirotli (40 g) «Orlov» gavhari uzoq vaqt davomida Rossiya tojini bezab turgan. Bu brilliantning asosi bo‘lgan olmos ham XVI asrda Hindistonda topilgan. Oldiniga atirgul shaklida qayta ishlangan olmos 300 qirotli gavharga aylangan. Shohjahon Mirzo bu ishlovdan ko‘ngli to‘lmay yana qayta ishlashni buyurgan tosh vazni 200 qirotga tushib, hozirgi holatga kirgan. O‘n sakkizinchi asrda o‘g‘irlab ketilgan bu tosh turli yo‘llar bilan Ko‘hna Qit’aga –Amsterdam bozoriga kelib qoladi. Rus grafi Orlov 1773 yilda uni 400 ming rublga sotib oladi va Yekaterina II ga tortiq qiladi. O‘z davrida bu juda katta pul edi.

«Shoh» olmosi

* «Shoh» olmosi 90 qirot (18 g) vaznga ega va sariq rangda jilolanadi. 3 sm uzunlikka teng juda shaffof bu tosh taxminan 1450-yilda Hindistonda topilgan. 1591-yilda Nizomshoh olmosning bir tomoniga forsiyda: «Burxon-Nizomshoh Ikkinchi. 1000-yil» degan yozuvni yozdiradi. O‘sha yiliyoq Bobur avlodi bo‘lgan Akbar Nizomshohni yengadi va olmosni qo‘lga kiritadi. Akbarning avlodi Shohjahon Mirzo toshga «Shohjahon. 1051-yil.» degan bitik yozdiradi. Uning o‘g‘li Avrangzeb bu olmosni zumradlar bilan qurshab, o‘z taxtini bezatadi.

1738-yilda Nodirshoh Hindistonga hujum qiladi va bu olmosni Eronga olib ketadi. 1824-yilga kelib olmosning yana bir yuzasida navbatdagi - «Olampanoh Kadjar-Fath ali- Sultonshoh. 1242-yil» degan yozuv paydo bo‘ladi.

1829-yilda Tehronda rus diplomati va yozuvchisi A. S. Griboyedov o‘ldiriladi. Rossiya hukumati jinoyatchilar ayovsiz jazolanishini talab qiladilar. Munosabatlar sovuqlashishidan qo‘rqqan shoh oilasi shahzoda Xisrav Mirzoni Peterburgga shoh olmosini tortiq qilish uchun yuboradi va shu tariqa bu olmos ham Rossiya imperiyasi mulkiga aylanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring