Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukrainadagi urush tufayli qashqadaryolik tadbirkorga qo‘llanilgan 262 mln so‘mlik jarima bekor qilindi

Ukrainadagi urush tufayli qashqadaryolik tadbirkorga qo‘llanilgan 262 mln so‘mlik jarima bekor qilindi

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qashqadaryo viloyatidagi shu’basi «Zafar» (nomi o‘zgartirilgan) fermer xo‘jaligi (keyingi o‘rinlarda - tadbirkor) huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilindi.

Aniqlanishicha, tadbirkorning Ukrainadagi hamkorlari bilan tuzgan tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan 212 406 AQSh dollari miqdorida debitor qarzdorligi yuzaga kelgan.

Mazkur holat fors-major (yengib bo‘lmas kuch) ta’sirida yuzaga kelganligini inobatga olmasdan Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi debitor qarzdorlikning 10 foizi – 21240 AQSh dollari (262 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llash to‘g‘risida 15.04.2024 yilda Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritgan.

«Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 111-moddasiga ko‘ra, norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran bir yuz sakson kun o‘tganidan keyin ko‘pi bilan qirq besh kunda (kichik tadbirkorlik sub’yektlari uchun to‘qson kunda) tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilishni ta’minlamagan rezidentlar respublika budjeti daromadiga aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran uch yuz oltmish kundan besh yuz qirq besh kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 10 foiziga teng miqdorda qo‘shimcha ravishda jarima to‘laydi. Yengib bo‘lmas kuch ta’siri yuzaga kelganda aktivlarni repatriatsiya qilish muddati yengib bo‘lmas kuchning ta’sir muddatiga uzaytiriladi. Yengib bo‘lmas kuch ta’siri holatlari yuz berganligi ushbu hodisa o‘zida sodir bo‘lgan davlatning qonunchiligiga muvofiq vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.

«Ukraina Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi Qonunning 141-moddasiga ko‘ra, fors-major holatlarini belgilovchi vakolatli davlat organi Savdo-sanoat palatasi hisoblanadi.

Ukraina SSPning rasmiy saytiga 28.02.2022 yilda joylashtirilgan rasmiy xatga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga harbiy agressiyasi boshlangan 24.02.2022 yildan uning rasmiy tugash kuniga qadar shartnoma talablarini bajara olmay qolishi fors-major holat deb hisoblanadi.

Sud majlisida mazkur normalar mazmuni batafsil tushuntirilgan holda asoslovchi hujjatlar taqdim qilindi, natijada arizachi-soliq boshqarmasining arizasini qanoatlantirish rad etildi va tadbirkorga 262 mln so‘m jarima qo‘llanilmaydigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring