Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Retseptsiz «muolaja». Yoki qon bosimini ko‘tarishning prokurorcha usuli

Retseptsiz «muolaja». Yoki qon bosimini ko‘tarishning  prokurorcha usuli

Foto:«Xabar.uz»

Zamonaviy farmatsevtika turli xastaliklar, jumladan, qon bosimi tushib ketgan kishilarga dori-darmonlarning yuzlab turlarini taklif etadi. Qay birini tanlashni shifokor bilan maslahatlashsangiz kifoya – chunki bilib-bilmay ichilgan tabletka yoki olingan ukol teskari ta’sir etish mumkin-da.

Ammo qon bosimini ko‘tarish bo‘yicha Baliqchi tumani prokurori B. Usmonov «kashf etgan» tajribani shifokordan tavsiya olmay, barchaga birday qo‘llash mumkin. Va bu amaliyotda muvaffaqiyat ila isbotlandi. Buning uchun tuman prokuraturasiga biror-bir muammo, deylik, jamiyat hayotiga daxldor  masala bo‘yicha (shaxsiy masalada hech kimning ishi tushmasin!) murojaat qilsangiz bas.

Shunaqasi ham bo‘larkanmi? Bo‘lganda qandoq!

Mana,  bitta (yap-yangi!) misol

Baliqchi tumanidagi «Sarbon hamkor rivoji» xususiy korxonasi vakili Abdulnosir Qo‘chqorov tuman sobiq sud ijrochilari bo‘limi katta ijrochisining xatti-harakatlaridan yozg‘irib, o‘tgan yilning iyul oyida prokurorga murojaat etgandi deng! Da’vo hazilakam emas, arzgo‘yning vajlari tasdiqlangudek bo‘lsa, sobiq sud ijrochisi masalasi sudgacha chiqishi hech gapmas. Mayli, hozir gap shikoyat mavzusida emas. Aksincha, muallifning arizalariga tuman prokurorining munosabati xususida.

Xullas, 2020-yil 10-avgust kuni Baliqchi tumani sobiq prokurori T. Gafurov qahramonimizga xat yo‘llaydi: murojaatingiz o‘rganib chiqildi, ijrochining xatti-harakatlari yuzasidan Majburiy ijro byurosining (MIB) viloyat boshqarmasiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida taqdimnoma kiritildi, natijasiga qarab yana gaplashamiz!

O‘z navbatida MIB ham masalani zudlikda o‘rganib, sohaga doir qonunning naqd 4 ta moddasi talablari buzilgan, xizmat vazifalari suiiste’mol qilingan, ya’nikim shikoyat sababchisining harakatlariga huquqiy baho berish darkor, degan mazmunda xulosa yasaydi.

Kutilayotgan yakuniy natija chiqqunicha noyabr eshik qoqdi. Nihoyat, 10- noyabrda tumanning yangi prokurori B. Usmonov imzosi bilan ikki enli xabarnoma keldiki, unga ko‘ra, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmabdi?!

Arzgo‘y ham qaysargina ekan – prokuror nomiga yashin tezligida yana ariza yozidi:«siz aytganday bo‘lishi mumkin emas-yey, «delo»ga tikilgan hujjatlardan nusxa olsak, tanishib chiqaylik-chi, hay?».

Ish materiallari bilan tanishib chiqishiga ruxsat berildiyu, nusxa olishga kelganda, negadir rad etildi.

Qonundan sal-pal xabardor odam bunaqa munosabatdan so‘ng «Ha, endi bo‘pti-da!» deb qo‘l siltab ketaveradi deysizmi? Hecham-da: qaytanga, buzilgan haq-huquqini tiklash uchun kelgan joyidan yozdi-chizdini boshlaydi. Abdulnosir Qo‘chqorov ham jiddu jahd qildiki, ayni kunga qadar Baliqchi prokuraturasiga bor-yo‘g‘i mavzuga daxldor hujjatlardan nusxa olish masalasida naq besh marta – 2020-yilning 20 va 27-noyabr, 4 va 21-dekabr kunlari hamda shu yilning yanvar oyida yozma shaklda, kamiga bir necha bor og‘zaki murojaat qilganligiyoq uning shashti balandligidan dalolat. Biroq tuman prokurori B. Usmonovning fuqaroni kuttira-kuttira berayotgan javoblari «Aldasang tez alda, yo‘qsa, yolg‘on gapirayotganing bilinib qoladi», degan gapni yodga soladi. Ya’nikim, bir safar murojaatni javobsiz qoldirilsa, keyingi gal muallifning so‘ralayotgan hujjatlar bilan tanishib chiqqanligi pisanda qilinadi deng! Orada huquqshunos yollanib, advokatlik so‘rovi ham kiritildi: xat yozishdan erinmagan prokuror endi hujjatlar «viloyatga yuborilgan»ligini, u yerdan qaytgach, bemalol nusxa olish mumkinligini ma’lum qildi.

Prokurorning «ichimdagini top!» qabilidagi munosabatidan murojaatgo‘yda shubha-gumonlar chandon ortmoqda. Chunki orada yuqori turuvchi prokurorning ham eshigi taqillatilgan – B. Usmonovning 2020-yil 23-dekabr hamda 2021-yil 28-yanvar kungi javob xatlaridagi «hujjatlar hali viloyatdan qaytmaganligi» haqidagi vajlaridan farqli o‘laroq – viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Farhod Rahmonov (2021-yil 19-yanvar!) boshqacha gap aytadi: hujjatlar bizda emas, marhamat, tuman prokuraturasiga borib, o‘z hisobingizdan ko‘chirma olishingizga hech qanday monelik yo‘q!

Tumanda esa «sichqon-mushuk» o‘yini  davom etmoqda.

Ana endi Abdulnosir Qo‘chqorovning holatini ko‘z oldingizga keltiring: besh-o‘n varaq qog‘ozni deb necha oydirki sarson! Odamning xunobi oshadimi? Xunob bo‘lgach, qon bosimi ko‘tariladimi? Demak, past qon bosimi, tibbiyot tilida aytganda, gipotoniyaga chalingan bemorlar uchun bu «noyob amaliyot»ni ommalashtirish kerakmi-yo‘qmi?..

Piching-u istehzo o‘z yo‘liga! Ammo ayting-chi: joylarda sektorlarga rahbarlik qilayotgan hamkasblari qonun ustuvorligini ta’minlash barobarida, «temir daftar»ga taalluqli chora-tadbirlardan tortib ish o‘rni yaratishgacha mas’ullik qilayotgan bir kezda osh-non so‘rab emas, balki  toptalgan huquqini tiklash uchun eshik qoqayotgan fuqaroni oylab zir yugurtirayotgan tuman prokurori o‘z vazifasiga nechog‘li munosib? Aytish mumkinki, arzimas murojaatga fuqaroni «maymun qilib o‘ynatuvchi» qonun peshvosining o‘zi rahbarlik qilayotgan sektor hududining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarini vijdonan ado etishiga ham katta shubha  tug‘ilmayaptimi?

Nurillo No‘’monov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring