Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘qonda sodir etilgan shov-shuvli jinoyatlar bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Qo‘qonda sodir etilgan shov-shuvli jinoyatlar bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Foto: O‘zA

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi Qo‘qon shahridagi «Shedevr» va Dang‘ara tumanidagi «Marokash» nomli choyxonalarda sodir etilgan jinoyatlar va ular bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblov hukmini chiqardi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Dastlabki tergov organi tomonidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan ayb e’lon qilingan jinoyat ishi sud majlisida qonunda belgilangan 4 oy ko‘rildi.

Sudlanuvchilarning bir nafari suddan yashiringani uchun jinoyat ishining unga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilib, ehtiyot chorasi qamoqqa almashtirilib, qidiruv e’lon qilingan edi.

Sud sudlanuvchilarning 1 nafarini bezorilik ruhida uchta odamni qasddan o‘ldirishga suiqasd qilish, qonunga xilof ravishda qurol saqlash va bezorilik jinoyatlari sodir etgan deb, avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 16 yil muddatga, o‘q otar qurolini qonunga xilof ravishda o‘tkazish jinoyatini sodir etgan 1 nafar shaxsga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

O‘q otar qurolini qonunga xilof ravishda saqlash jinoyatini sodir etgan 1 nafar shaxsga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 4 yil 4 oy muddatga, muqaddam sudlangan va sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash davrida bezorilik jinoyati sodir etgan 9 nafar shaxsga nisbatan avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shib 5 yil muddatga, bezorilik jinoyati sodir etishda faol ishtirok etgan 4 nafar shaxsga avval sudlanmagan bo‘lsalarda 5 yil, 2 nafariga esa 4 yil muddatga, boshqalarning undovi bilan bezorilik jinoyati sodir etgan 18 nafar shaxsga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi va ularning 2 nafari sud zalidan qamoqqa olindi.

Hukm e’lon qilingandan so‘ng raislik qiluvchi sudya hukm mazmuni, sudda keltirilgan ayrim vajlar bilan qo‘shilmaslik sabablari, jazo tayinlashda e’tiborga olingan holatlar va hukmdan norozi taraflarning shikoyat qilish huquqlarini tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 fevralidan 6 fevralga o‘tar kechasi Qo‘qon shahridagi «Shedevr» choyxonasida bir necha yoshlar o‘rtasida ommaviy to‘polon ro‘y bergan edi. Unda qatnashchilardan biri miltig‘i bilan janjal ishtirokchilarga qarata ikki marotaba o‘q uzishi sabab uch nafar yigit tan jarohati olgandi. 

Ushbu ommaviy to‘polon o‘sha paytda shov-shuvlarga sabab bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbirlar olib borilgan va voqea ishtirokchilarining barchasi qo‘lga olingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring