Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonun «Sovg‘a siyosati» degan alohida bob bilan to‘ldiriladi — Akmal Burxonov

Qonun «Sovg‘a siyosati» degan alohida bob bilan to‘ldiriladi — Akmal Burxonov

Akmal Burxonov.

«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi».

«Jinoyat kodeksi loyihasida «korrupsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda».

«Muhim o‘zgarish sifatida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda».

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bunday xushxabarlarni tez-tez eshitayapmiz.

9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish munosabati bilan yurtimizda «Aksilkorrupsiya haftaligi» o‘tkazilmoqda.

Mazkur haftalik doirasida bugun, 3 dekabr kuni «Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha «Hillton» mehmonxonasida Toshkent forumi» bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Malayziya, Xitoy, Gurziya, Sloveniya korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idora rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, 100 dan ortiq vazirlik va idoralar ishtirok etdi. 

— Endilikda, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-torojlikka yo‘l qo‘yish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish qilmishlari uchun 10 yilgacha (ilgari 5 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda, —dedi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov. — Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Akmal Burxonov jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berish asnosida Toshkent shahar hokimligiga qora rangli Mercedes-Benz avtomobili sovg‘a qilingani tekshirib ko‘rilgani va hech qanday qonun buzilishi bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tdi.

«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasida «sovg‘a» tushunchasiga aniqlik kiritilib, davlat xizmatchilari tomonidan sovg‘a olish va berish tartibini belgilovchi «Sovg‘a siyosati» deb nomlangan alohida bob bilan to‘ldiriladi.

Bundan tashqari, davlat organlarida korrupsiya holatlari va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida qonun bilan tartibga solinadigan Davlat xizmatchilarining odob-ahloq kodeksi ishlab chiqiladi va unda davlat xizmatchilari uchun cheklovlarning aniq ro‘yxati belgilanadi.

Tabiiyki jurnalistlarni, nima uchun doimo poraxo‘rlikda «mayda baliqchalar» ayblanishini «akulalar» esa ochiqlanmasligi, davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzilishlar kabi savollar ham qiziqtirdi.  

— Sardobadagi fojia va Jizzaxdagi qurilish bilan bog‘liq holatlarda viloyat darajasidagi rahbarlardan tortib, tuman darajasidagi rahbarlargacha javobgarlikka tortildi, — dedi A.Burxonov. —  Agentlik tomonidan o‘tgan davr mobaynida davlat xaridlari sohasida 24 ta manzilli o‘rganishlar o‘tkazildi va doimiy masofaviy monitoringlar amalga oshirildi. O‘rganishlar yakuni bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal etish uchun huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jami 60 ga yaqin so‘rovnomalar kiritilgan bo‘lib, ushbu so‘rovnomalar bo‘yicha 44 ta jinoyat ishlari va 24 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilishi ta’minlandi.

Tadbir doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organining o‘zaro hamkorligi natijasida ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan «Antikorrupsiya laboratoriyalari» loyihasi doirasida bajarilgan ishlar amaliy namuna sifatida taqdim etildi.

Yana O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiyaviy islohotlarni xalqaro hamjamiyat vakillariga yetkazishga qaratilgan «Uzbekistan Anti-corruption digest» jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring