Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Prezident qaroridagi vazifa 20 oydan buyon bajarilmayotgani uchun kim javob beradi?

Prezident qaroridagi vazifa 20 oydan buyon bajarilmayotgani uchun kim javob beradi?

Foto: «Xabar.uz»

Kuni-kecha davlat rahbari odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalarga bag‘ishlangan katta selektor o‘tkazganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Unda sohaga oid achchiq haqiqatlar aytildi, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Xususan, advokatura tizimidagi nuqsonlar ham tilga olingan. Masalan, quyidagi gapga e’tiboringizni qaratmoqchiman:

«Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo‘qligi bois ayrim tergovchilar o‘ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta’sir o‘tkazish hollari uchrab turadi. Masalan, Toshkent shahrida davlat tomonidan advokatlarga o‘tgan yili 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan (jami 746 ta shunday firma mavjud).

Shu sababli tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Bu dastlab poytaxtimizda eksperiment tariqasida joriy etiladi», — deyiladi Prezident matbuot xizmati bergan xabarda.

Ta’kidlash joiz, davlat rahbari tilga olgan ushbu masala advokaturaning juda ham og‘riqli joylaridan biri. Xalq tilida  «cho‘ntak» yoki «dejurniy» deyiladigan bunday advokatlar haqiqatdan odil sudlovda tomonlar tengligiga bolta uradigan illatdir.

Aslida muammoning yechimi uchun ilk qadamlar tashlab bo‘lingan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2018 yil 12 mayda «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5441-sonli Prezident qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan advokatura institutini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining 14-bandida gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatni avtomatik ravishda tanlash bo‘yicha maxsus elektron tizimni joriy etish vazifasi belgilangan.

Ushbu band ijrochisi sifatida ikkita tashkilot — Advokatlar palatasi va Adliya vazirligi belgilangan.

Ijro muddati 2018 yil 1 dekabr edi.

Lekin oradan 1 yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Prezident qarorida belgilangan ushbu vazifalar bajarilmadi, ya’ni advokatni avtomatik tanlaydigan elektron tizim yaratilmadi.

Balki shuning uchundir, davlat rahbari yana bir bor selektorda ushbu vazifa bo‘yicha topshiriq berdi.

Va ishonamanki, ana endi uning ijrosi tezlashib ketadi, tez orada mutasaddi tashkilotlar elektron tizim ishga tushgani haqida maqtanib gapirishni ham boshlasa kerak, balki.

Ammo meni boshqa savol o‘ylantiradi: nima uchun rasmiy normativ-huquqiy hujjat bo‘lgan Prezident qaroridagi band ijrosi salkam 2 yil paysalga solingan? Biror qarordagi vazifa bajarilishi uchun albatta Prezident uni majlisda og‘zaki aytib, shaxsan topshiriq berishi shartmi?

Ushbu band ijrosi bajarilmayotgani haqida 1 yil oldin Kun.uz saytida chiqqan maqolamda ham ko‘tarib chiqqandim. Ammo bu bo‘yicha na Advokatlar palatasi, na Adliya vazirligi biror izoh berganini ko‘rmadim.

Ko‘ramiz, bu safar kimdir nima uchun Prezident qarori ijrosi 20 oydan buyon kechikkanligiga izoh berarmikin.

P.S.: Agar shu tizim qarorda belgilangandek o‘z vaqtida yaratilganda, balki o‘tgan davr mobaynida yuzlab fuqarolarimizning huquqlari yetarli darajada himoya qilingan bo‘larmidi, kim bilsin...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring