Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Masalaning u tomoni ham ko‘rilyapti, bu tomoni ham...» - Bosh prokuratura yosh bolalarini qiynagan otaga oid xabarlarga munosabat bildirdi

«Masalaning u tomoni ham ko‘rilyapti, bu tomoni ham...» -  Bosh prokuratura yosh bolalarini qiynagan otaga oid xabarlarga munosabat bildirdi

Jizzaxda 2 yashar o‘g‘lini hasharotlarni o‘ldiruvchi vosita bilan zaharlab, xotinining birinchi turmushidan bo‘lgan 8 yoshli bolani  muntazam kaltaklab kelgan shaxs haqida xabarlar chiqqandi. Oradan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha  otaga nisbatan  IIB xodimlari tomonidan  jismoniy kuch ishlatgani xususida xabarlar yoyildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov har ikki holat yuzasidan «Xabar.uz» savollariga javob berar ekan, Namanganning Chust tumanida doimiy ro‘yxatdan o‘tib, Jizzaxning Forishida dehqonchilik bilan shug‘ullangan M. I.ning (40 yoshda) voyaga yetmagan bolalarga nisbatan qilgan johilona xatti-harakatlar  tasdig‘ini topganini qayd etdi. Xususan, 2 yoshli M.M.ni hasharotlarga qarshi qo‘llaniladigan «nurel» kimyoviy vositasidan zaharlangani rost. Zero, tergovga qadar tekshiruv jarayonida ikki yashar bolada mustaqil ravishda kimyoviy vosita saqlanayotgan idishni ochib, undagi suyuqlikni ichish imkoniyati yo‘qligi aniqlagan. Eskpertiza xulosasida bolaning zaharlanish holati hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatiga tenglashtirilgan.

Bundan tashqari M.I. 8 yashar o‘gay o‘g‘lini yillar davomida muttasil qiynab, do‘pposlab kelgani ham rost bo‘lib chiqdi. U bolani ichib, mast bo‘lgan payda urib kelgani aytiladi hujjatlarda. Goh uxlab yotganda o‘yg‘otib, jismoniy kuch ishlatgan bo‘lsa, goh yo‘q joydan bahona topib kaltaklab kelgan. Bir necha oy burun esa u bolani o‘zlari vaqtincha istiqomat qilib kelgan chaylada, kechki ovqat paytida so‘kib, haqoratlab, ustiga qaynab turgan suv sepib yuborgan. Voyaga yetmagan bolaning bandanidagi kuygan izlar shunga dalolat qiladi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, shaxsan  Forish tuman prokurori  M. I. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-modda (voyaga yetmagan shaxsni qiynash) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Mazkur modda bilan aybdor deb topilgan shaxs uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolananishi mumkin.

Bu endi sud vakolatidagi masala.  Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

 - Endi ayblanuvchiga nisbatan jismoniy kuch qo‘llanganiga oid ijtimoiy tarmoqlarda taqalgan xabarlarga kelsak. Bunday xabarlar ayblanuvchining yaqinlari tomonidan tarqatilgani ehtimoli yuqori. Biroq kim tarqatgan yoki ayblanuvchi kim bo‘lmasin, uning muayyan huquqlari bor. Shu bois tarmoqda tarqalgan xabarlar tegishli tartibda o‘rganilyapti. Boshqa bo‘lishi mumkin emas, - dedi kunlik axborotlarga izoh va javob beraverib-beraverib, charchoqdan yaxshigina «surobi tortilgan»  Hayot Shamsutdinov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring