Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Marhum Kubatinga nisbatan DXX xodimlari tomonidan jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmagan deb topishdi

Marhum Kubatinga nisbatan DXX xodimlari tomonidan jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmagan deb topishdi

A.Kubatin.

O‘tgan yili oktyabr oyida 40 dan ortiq tillarni bilgan tarixchi olim, turkiy xalqlar tarixiga oid uchta monografiya va saksondan ortiq ilmiy maqolalar muallifi Andrey Kubatin vafot etgandi.

Uning opasi Klara Saxarova o‘z intervyusida ukasi tuhmat sabab qanday qamalgani va hibsxonada qattiq qiynoqlarni boshidan kechirgani haqida hikoya qilib bergandi.

Klara Saxarova ukasining nohaq qamalgani uchun talab qilingan 560 million so‘m o‘rniga 462 ming so‘m miqdoridagi moddiy tovon puli to‘g‘risidagi sud qaroridan norozi bo‘lib, shikoyat arizasi yozmoqchiligini ham bildirgandi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Klara Saxarova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga shikoyat yo‘llagan.

U o‘z shikoyatida 2017-yil 25-martda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ukasi Andrey Kubatinga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov davomida A.Kubatinga DXX xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilishi natijasida u o‘zi sodir qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgani, 2017-yil 1-dekabrda esa Respublika Harbiy sudi hukmiga asosan JKning 157-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani haqida bayon etilgan.

Shuningdek, shikoyatda K.Saxarova A.Kubatin 2019-yil 26-sentyabrda jinoyat ishlari buyicha Toshkent viloyati sudi tomonidan oqlanib, ozodlikka chiqarilgani, 2020 yilda esa u «Covid-19» virusi bilan kasallanib, 2020-yil 27-oktyabr kuni vafot etganini ta’kidlab, ukasiga nisbatan tergov jarayonida ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazgan DXX xodimlari harakatlariga qonuniy baho berishni so‘ragan.

«Aniqlanishicha, mazkur murojaat yuzasidan 2021-yil 9-fevral kuni DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu tergov harakatlarida qatnashgan DXX xodimlari harakatlari qonuniyligini har tomonlama o‘rganib chiqish maqsadida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Ish materialaridan ma’lum bo‘lishicha, A.Kubatin 2017-yilning 10-aprelidan 2017-yil 14-sentyabrga qadar tergov hibsxonasida saqlangan.

Hibsxonaga joylashtirish va chiqib ketayotgan vaqtida uning badanida jismoniy jarohatlar kuzatilmagan, u sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday shikoyat bilan murojaat qilmagan va uning sog‘lig‘i, ruhiy holati mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu jinoyat ishi qonun doirasida o‘tkazilganligi hamda fuqaroga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmaganligi aniqlanib, natijasiga ko‘ra jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Marhum A.Kubatinga nisbatan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qarorni bekor qilish uchun asoslar topilmadi», deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring