Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lezviya yutishga uringan mahkum yana 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Lezviya yutishga uringan mahkum yana 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Illyustrativ foto

Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi 1-son jazoni ijro etish koloniyasida 2016 yildan buyon jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum tartibni qo‘pol ravishda buzgani uchun qo‘shimcha 7 yildan ziyod muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi sudyasi Ubaydullo Allayev ma’lum qildi.

Toshkent shahrida tug‘ilgan 35 yoshli mahkum E.M. 2006-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi JK turli bandlari bilan ayblanib, qator yillar davomida ketma-ket axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tab kelgan. Bosqinchilik va o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilgan E.M. Jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tuman sudining 2016-yildagi hukmiga ko‘ra, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

E.M. joriy yilning iyulida jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik jinoyatini sodir etgan. Fe’l-atvori, yurish-turishidan tashqari, oddiy insoniylik tamoyillarini ham unutgan E.M. o‘z xatti-harakatlari bilan koloniyada umumiy tartibni o‘tab kelayotgan boshqa mahkumlarni ham norozilikka chorlashga uringan. Jazoni o‘tash tartibi talablarini muntazam ravishda buzib kelgan mahkum ogohlantirish intizomiy jazosini,  5 kecha-kunduz intizomiy bo‘linmaga kiritish jazosini hamda 27 kecha-kunduz karser intizomiy jazosini olgan.

U oshxonaga saf tortib borayotgan saf orqa qismiga o‘tib, koloniya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, nojo‘ya so‘zlar bilan ularni haqoratlagan. Qolaversa, boshqa mahkumlarni ham koloniya xodimlariga quloq solmaslikka chaqirishga uringan. Mahkumlar o‘rtasida nosog‘lom muhitni shakllantirishga harakat qilgan E.M. safdan olib chiqilib, alohida xonaga kiritilgan. Shunda E.M. suv ichgisi kelayotganini aytadi. Koloniya xodimi suv keltirganida mahkum cho‘ntagida yashirincha saqlab yurgan lezviyani chiqarib, og‘ziga soladi uni yutib yuborishini aytadi. Koloniya xodimlari lezviyani og‘zidan chiqarsa, unga hech qanday jazo berilmasiligini aytishganida «Qo‘llaringdan nima keladi senlarni, aytganlaringni qilmayman, baribir, nima qilsang qil, bu zonadan to‘yib ketdim, muammo qilib beraveraman», — deya og‘zida ushlab turgan lezviyani chiqargan. Shunda xodimlar E.M.ga chaqqonlik bilan tashlanib, qo‘llarini kishanlab, yerga yotqizishadi. Mahkumning cho‘ntaklaridan qurilishda ishlatiladigan o‘tkir tig‘li 3 ta pichoq ham topilgan.

Sud-tergov ishlari davomida so‘roq qilingan boshqa mahkumlar ham E.M.ning koloniyada doimiy ravishda jazoni o‘tash tartiblarini o‘ta qo‘pol ravishda buzib kelishini, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasligini bildirishgan.

Sudlanuvchi mahkumga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 60-moddasiga (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) asosan, ilgarigi hukm bilan tayinlanib, o‘talmay qolgan 7 yilu 13 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga qisman qo‘shish yo‘li bilan yana 7 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mahkum tayinlangan jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring