Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Juma tabrigi sabab sudga chaqirilgan shaxs aybsiz deb topildi

Juma tabrigi sabab sudga chaqirilgan shaxs aybsiz deb topildi

Foto: «Xabar.uz»

Farg‘onada telefon orqali yuborgan juma tabrigi sabab ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilgan va sudga chaqirilgan fuqaro aybsiz deb topildi. Bu haqda advokat Behzodbek G‘aniyev o‘z kanalida ma’lum qildi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, 2023 yil 21 iyul kuni Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari olib borgan tadbirda Quva tumanida yashovchi fuqaro Azamat Tojiboyevga tegishli «Huawei» rusumli telefon xolislar ishtirokida tekshirilganda telegram orqali diniy mazmundagi materiallarni yaqinlariga tarqatish holati aniqlangan. Fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 184²-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Mazkur ish joriy yil 6 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahri sudida sudya A.Sheraliyev raisligida ko‘rib chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli xulosasida A.Tojiboyev tomonidan yuborilgan video xabarnoma diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirmasligi ko‘rsatilgan.

«Yaxshiyamki, juma tabrigiga qo‘shilgan videofayl Payg‘ambarimizga (s.a.v.) aytilgan salavot bo‘lib, ekspertiza xulosasiga ko‘ra diniy mazmundagi material hisoblanmas ekan», – deya holatga aniqlik kiritadi advokat B.G‘aniyev.

Sud A.Tojiboyevning harakatlari MJtKning 184²-moddasi bilan noto‘g‘ri malakalangan deya xulosaga kelgan. Shunga ko‘ra, ma’muriy ish tugatilgan.

Sud qarorida fuqarodan ashyoviy dalil tariqasida olingan uyali aloqasi vositasi egasiga qaytarilishi kerakligi ham ko‘rsatilgan.

Advokat B.G‘aniyev qayta-qayta ogohlantirishlarga qaramay,  hamyurtlarimiz o‘z juma tabriklariga haligacha turli diniy mazmundagi materiallarni qo‘shib jo‘natishda davom etayotganiga e’tibor qaratgan.

Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda diniy mazmundagi materiallar, jumladan, juma tabrigini tarqatish mumkin emas degan mazmunda ovoza tarqalgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu asossiz xabar ekani haqida bayonot bergan edi.

Musulmonlar idorasi, shu bilan birga, yurtdoshlarimizga diniy-ma’rifiy mavzuda faqat rasmiy va ishonchli ma’lumotlarni mutolaa qilish hamda yaqinlariga ulashish mumkinligini eslatib o‘tgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring