Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erini o‘ldirish uchun «killer» yollagan asakalik ayol qayta qamoqqa olindi

Erini o‘ldirish uchun «killer» yollagan asakalik ayol qayta qamoqqa olindi

Foto: «Kurieronline.ru»

Shu yilning fevral oyida erini o‘ldirish uchun 50 ming AQSh dollariga odam yollagan asakalik O. D. (1984-yilda tug‘ilgan) qo‘lga olingani xabari berilgandi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi «i» bandi (qasddan odam o‘ldirishga tamagirlik niyatida suiqasd qilish) bilan sudga oshirilgani, biroq JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Andijon viloyat sudi tomonidan sudlanuvchi O. D. ozodlikka chiqarib yuborilganidan ham xabardorsiz.

Shu o‘rinda izoh shart: JIB viloyat sudi sudlanuvchini aybsiz deb, qamoqdan ozod qilgani yo‘q. Balki O. D.ning harakatlari 25,97-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilishdan tashqari JKning 57-moddasini (jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, belgilangan mazkur jazosini shartliga almashtiradi (JK 72-modda) va 2 yil sinov muddati berilishi natijasida ayol sud zalidan ozodlikka chiqariladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi Andijon viloyat prokuraturasining protesti va jabrlanuvchining shikoyati asosida JIB viloyat sudi apellatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, sudlov hay’ati tomonidan viloyat prokurori protesti qisman qanoatlantirilishi natijasida birinchi bosqich sudi hukmi o‘zgartirildi. Ya’nikim, sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasi tartibida belgilangan 2 yil sinov muddati bekor qilinib, tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashi belgilandi. Va u sud zalidan qamoqqa olindi.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu O. D.ning birinchi marta sudlanishi emas. Mahkuma ilgari tuhmat qilish (2010-yil) va o‘zimboshimchalik (2017-yil) ayblovlari bilan ikki marta sudlangan. Shuningdek, unga nisbatan qasddan badanga shikast yetkazish alomatlari bilan jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilgan bo‘lib, faqat taraflarning (2019-yil) yarashgani munosabati bilan «ish» tugatilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring