Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nukusdagi binoda gaz portlashi oqibatlari: bir kishining jasadi topildi, 5 yoshli qizaloq qutqarildi

Nukusdagi binoda gaz portlashi oqibatlari: bir kishining jasadi topildi, 5 yoshli qizaloq qutqarildi

Foto: FVV

Kecha, 29-yanvar kuni soat taxminan 16:15 larda Nukus shahrining «Temir yo‘l» mahallasi 22-kichik tumanida joylashgan 8/1-uyning 4-qavatida joylashgan xonadonlarning birida gaz va havo aralashmasining chaqnashi tufayli portlash sodir bo‘lgani haqida FVV xabar bergandi.

Oqibatda uydagi bir nechta xonadonlarning tom va pol qismlari o‘pirilib, 4-qavatdan 1-qavatgacha tushib ketgan.

Hodisa oqibatida 2 kishi: kuyish jarohati olgan S.Sh. (2003-y.t.) va Z.A. (2004-y.t.) zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga yotqizilgan edi.

FVV bugun qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan FVV qutqaruvchilari va tegishli idoralar xodimlari qidiruv-qutqaruv va binoning qulagan konstruksiyalarini tozalash ishlarini amalga oshirmoqda.

Vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq turli darajadagi jarohatlar bilan qutqaruvchilar tomonidan chiqarib olinib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.

Bino konstruksiyalari orasidan qidiruv-qutqaruv ishlari olib borish jarayonida bir kishining jasadi topilgan.

Ayni vaqtda binoning konstruksiyalarini tozalash ishlari davom ettirilmoqda. Voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring