Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahkum qiynoqdan vafot etgani inkor qilindi

Mahkum qiynoqdan vafot etgani inkor qilindi

Videolavhadan skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasi (Sangorod)da qiynoqqa solingan mahkum F.Xidirov vafot etganligi haqida xabar tarqalgandi.

Mazkur xabar ortidan «Xabar.uz» darhol Bosh prokuratura bilan bog‘landi va mahkama matbuot xizmati holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlab yuborilganini bildirib, rasmiy bayonot berilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Biroz muqaddam e’lon qilingan rasmiy bayonotga ko‘ra, aniqlanishicha, mahkum Xidirov Farrux Anvarovich 2020-yil 03-iyun kuni Navoiy viloyatida joylashgan 11-son jazoni ijro etish koloniyasidan davolanish uchun O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining Mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonasiga keltirilib, sil kasalliklar bo‘linmasiga davolanish uchun joylashtirilgan.  

Qayd etilishicha, 2020-yil 18-iyun kuni soat 05:45da shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u vafot etgan.

Mahkum F.Xidirov 27.11.1975-yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan. Muqaddam to‘rt marotaba sudlangan.

So‘nggi, ya’ni 5-marotaba 18.10.2010-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Shifokorlarning bergan tibbiy xulosasiga ko‘ra, marhum mahkum F.Xidirov ikkala o‘pka yallig‘langan sili, surunkali virusli gepatit (S), o‘pka yurak yetishmovchiligi hamda boshqa bir qator inson hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalingan bo‘lib, ularning aksariyati uning salomatligiga birmuncha avvalroq jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazib yuborgan.

Xususan, uning shifoxonada vafotiga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan inson hayoti uchun o‘ta xavfli kasalliklarning surunkali kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar sabab bo‘lgan.

Mahkum F.Xidirovning o‘limi holati yuzasidan Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, uning vafot etganligi holatida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 26.06.2020 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

«O‘z navbatida, O‘zbekiston qonunchiligida yolg‘on va noto‘g‘ri axborotlarni tarqatganlik uchun tegishli javobgarlik belgilanganligini, shuningdek har bir fuqaro o‘z huquqlari qatorida majburiyatlarini ham to‘liq anglab yetishi lozimligini bildirib o‘tamiz», deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring