Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jomadondan chiqqan murdaning qotilligi bo‘yicha ikki nafar shaxs ushlandi — Bosh prokuratura

Jomadondan chiqqan murdaning qotilligi bo‘yicha ikki nafar shaxs ushlandi — Bosh prokuratura

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Qibray tumanida sayohat jomadonidan murda topilgani, marhum Oliy sudning sobiq xodimi ekaniga oid xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi («qasddan odam o‘ldirish», 97-modda) bo‘yicha ikki nafar shaxs qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, marhum Sh.A. shu yilning 7-avgust kuni ertalab shaxsiy «Gentra» avtomashinasida o‘z uyidan Toshkent shahridagi Respublika Shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga (RShTYoIM) ko‘rikdan o‘tish uchun tanishi R.X. (1975-yilda tug‘ilgan) oldiga kelgan.

2009-yildan buyon RShTYoIM bo‘lim rahbari lavozimida ishlab kelayotgan R.X. o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan Sh.A.ni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida eski adovatlarni eslaydi, shuningdek, uning (marhumning) shu dargohda ishlovchi shar’iy xotini haqida gap ketib, ikki o‘rtada kelishmovchilik kelib chiqadi. Shifokor R.X. bemor odamga nisbatan qanday xatti-harakatlar qilinsa, oqibati o‘lim bilan tugashini mutaxassis sifatida yaxshi bilgani bois «raqibi»ning sog‘lig‘idan shikoyat qilib kelganligidan foydalanib, uni bo‘sh xonaga olib kiradi va tibbiyot kushetkasiga yotqizadi. Ayni jarayonda uning bosh qismiga qattiq tumtoq jism bilan bir marotaba urib, so‘ng bo‘g‘ib qasddan o‘ldiradi.

Jinoyatni yashirish maqsadida Sh.A.ning jasadini o‘zida mavjud bo‘lgan qora rangli sayohat jomadoniga joylab, tanishi A.M. (1964-yilda tug‘ilgan) yordamida o‘zining qora rangli «Gentra»sida Qibray tumanining «Sohibkor» hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanaliga tashlab yuboradi.

Shuningdek, ular marhumning qo‘l sumkasidagi 660 ming so‘m va 230 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, shaxsiy hujjat hisoblangan fuqarolik pasporti, haydovchilik va xizmat guvohnomalarini qaychi yordamida bo‘laklarga bo‘lib, suvga oqizib qasddan yo‘q qilishgani ham aniqlandi.

Tergov jarayonida R.X.ga tegishli avtomashinaning yukxonasi atrofida qirilishlar, undagi (yukxonadagi) va RShTYoIMdagi xonasining yer va devor qismlaridan olingan qonga o‘xshash dog‘lar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ayni paytda sudga bir necha ekspertizalar tayinlangan.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan qotillik va boshqa qator ayblovlar e’lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bosh prokuratura nazoratiga olgan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Toshkent viloyati prokuraturasi (o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi) tomonidan olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring