Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

28 yoshli erkak yarim tunda o‘g‘irlab ketgan 12 yoshli qizni zo‘rlamoqchi bo‘ldi (Video)

28 yoshli erkak yarim tunda o‘g‘irlab ketgan 12 yoshli qizni zo‘rlamoqchi bo‘ldi (Video)

Foto: «Nasafnews»

Qamashi tumani «Qovchin» mahallasi Mang‘it qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.K. 28-avgustdan 29-avgustga o‘tar kechasi qishloqda istiqomat qiluvchi 2009-yilda tug‘ilgan qizni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda «Nasafnews» muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 1993-yilda tug‘ilgan erkak Sh.K. qizning o‘z hovlisi supasida uxlab yotgan vaqtda ko‘rpaga o‘rab, paxta dalasiga o‘g‘irlab qochgan.

Voqea haqida qizning onasi shunday deydi:

«Qizimning aytishi bo‘yicha, u erkak qizimni og‘zini yopib, ko‘rpaga o‘rab ko‘tarib ketgan. Qizim qo‘rqib uyg‘onib, «Kimsan, nima uchun meni og‘zimni yopyapsan?» deganda, «Agar baqirsang, hozir pichoqlab o‘ldirib tashlayman», deb qo‘rqitgan. Yo‘lda qizim tipirchilab, qochmoqchi bo‘lgan. Shunda qizimga tarsaki tushirib, sudray boshlagan. Keyin esa «yechinasan», deb qizimning boshiga ham urgan», — deydi qizning onasi S.E.

12 yoshli qiz onasining so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlik qilgan erkak Sh.K. shu kuni juda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgan bo‘lgan. Qizaloq paxta dalasidan qochib, uyiga qaytib kelib, onasini uyg‘otgan va bo‘lgan voqeani onasiga aytib bergan.

«Ertasi kuni qizimni shifokorlarga ko‘rsatdim. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, qizim sog‘lom ekan. Faqat miya chayqalishi va boshi hamda qulog‘idan lat yegani va shikastlangani ma’lum bo‘ldi».

«Allohimga ming shukur, qizim o‘sha nomardning qo‘lidan qochib qutuldi. Lekin hozirgi ahvoli yaxshi emas. Ikki kundan beri ovqatlangani yo‘q. Non bersak, yemaydi, «ko‘nglim ayniydi», deb aytyapti. Uxla desam, faqat yotadi. Uxlay olmaydi», — deya gapiradi qizning onasi.

«Hamma menga qizingni nomusini o‘ylamadingmi? deb aytdi»

«Hamma menga gapiryapti, «qizingizni kelajagini o‘ylang», deyapti. Men nega yashirib o‘tirishim kerak ekan? Mening erim hali ham har kuni yonimda. Hech qayerga ketgani yo‘q. Ammo boshqalarning turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlagani ketgan. Toshkentga ketganlari bor. Oylikka ishlaydi, 15 kunda bir keladigani bor. Ertaga u nomard mendan o‘tib boshqalarning bolalariga ko‘z olaytirmaydimi? Men qanday qilib bu jinoyatni yopib o‘tib ketishim kerak? Men bu holatni oshkor qilishim kerak. O‘zbekistonda shunday odam bor. Bilib qo‘yishsin. Men buni yopolmayman. Jazosini olishi kerak u erkak», — deydi qizning onasi S.E.

«Nasafnews» muxbiri holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rаhbari Iroda Rasulova bilan suhbatlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, S.E.ning 2021-yil 29-avgust kuni tuman IIB boshlig‘i nomiga yozgan arizasi tuman IIB navbatchilik qismida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

«Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida fuqaro Sh.K.ning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 1-qismida va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlanganligi sababli, mazkur holat yuzasida Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan yuqoridagi moddalar bilan fuqaro Sh.K.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishida gumon qilinuvchi Sh.K. O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda ushbu jinoyat ishi yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», — deydi biz bilan suhbatda Iroda Rasulova.

«Nasafnews» holat yuzasidan qizning onasidan videointervyu ham olgani, videoda voqea haqida aniq va ko‘proq ma’lumot berilgani aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring