Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tungi futbol kasri (hajviya)

Tungi futbol kasri (hajviya)

Tuni bilan futbol ko‘rib, sevimli jamoasining mag‘lubiyatidan asabi buzilgan, ustiga-ustak ishdan kechikishi sababini ham shunga yo‘ygan do‘xtir yigit qabulxonada yoshi o‘tganroq ayol bilan erkakni ko‘rib ajablandi. Bir xayoli qabulni orqaga surmoqchi bo‘ldi, lekin Gippokrat qasami yodiga tushib, ayolni xonaga kiritmoqchi edi, erkak tixirlik qilgani uchun unga ham ruxsat berdi.

Xonaga kirishgach, ularni eshik yonidagi o‘rindiqqa o‘tirishga taklif etdi. O‘zi esa devordagi ilgakda osig‘liq xalatini olib kiydi va suyanchig‘iga sochiq tashlangan kursiga qarab yurarkan, yo‘l-yo‘lakay savol berdi:

– Nima gap, onaxon?

– Bola masalasida kelgandik.

– Bu yerga boshqa masalada kelishmaydi, – do‘xtir beixtiyor tiliga kelgan gap beo‘xshov hazil ekanini sezib jiddiylashdi. – Bezovta qilmayaptimi?

– Bezovta ham gapmi? – gapga qo‘shildi erkak.

– Otaxon, siz aralashmang, – tanbeh berdi do‘xtir. – Yosh qirqdan o‘tgach, bola onaga og‘irlik qilishini bilmasmidingiz.

– Kampir oltmishda, – yana gapga qo‘shildi erkak. – Bu yoshda bolaga qarashning o‘zi bo‘ladimi?

Do‘xtir ayolning ko‘zi atrofiga shoxlar otgan va bo‘ynida ikkita halqasimon ajinga tikilib, uning yoshini noto‘g‘ri chamalaganini sezdi.

– Istamagandik, – dedi ayol ham gap ohangida pushaymonligini yashirmay. – Qizim saqlamasalaring bo‘lmaydi, deb turib oldi.

– Himoyalanish kerak edi, – achindi do‘xtir. – Qancha vaqt bo‘ldi? Ko‘zga tashlanmasligiga qaraganda to‘rt-besh hafta...

– To‘rt oy bo‘ldi, – do‘xtirning gapiga bo‘ldi ayol.

– Olti oy, – aniqlik kiritdi erkak.

– Olti oylik bo‘lsa, bilinardi! Rivojlanishdan orqaga qolganmikan?

– Biror chora ko‘rmasa bo‘lmaydi, – erkak do‘xtirning tushunarsiz gaplaridan asabiylashdi.

– Endi kech, – ojizligini ifodalamoqchi bo‘lgandek do‘xtir qush qanotini ochgan kabi, qo‘llarini ikki yonga yoydi, – yana uch oy chidaysizlar.

– Nega uch oy? – ayol xavotirini yashirmadi.

– O‘n-o‘n besh kun farq qilishi mumkin, – do‘xtir ayolni tinchlantirmoqchi bo‘ldi.

– Bugundan gapiring, bugun nima qilish kerak? – erkak toqatsizlandi.

– Onaxon yaxshi ovqatlansin. Qonlari kamaygan bo‘lishi mumkin.

– Ovqatning nima aloqasi bor? Siz bolani nima qilishni ayting, – dedi erkak fig‘oni qaynab.

– Bolaning bezovta qilgani onaxonning yaxshi ovqatlanmaganidan bo‘lsa kerak? – do‘xtir o‘zini bosishga qancha harakat qilmasin, asabiylashdi.

– Qizimizga xabar bergandik, u kamida bir yil ishlamasam bo‘lmaydi, deydi, – ayol iltijo bilan do‘xtirga tikildi.

– Qizingiz qayerda? – yana qizini tilga olganidan do‘xtir ajablandi.

– Kuyov bilan xorijga ishlagani ketishgan. Kelib bolaga o‘zlari qarashsin.

– Bizning shu yoshimizda bolaga qarash osonmi? – erkak bu gal hovuridan tushib, gapga qo‘shildi.

– Yana boshqa farzandlaringiz bormi? – do‘xtir erkakning ovozi pasaygani uchun tovushini ko‘tarmay savol berdi.

– Ikki opasi bor qizimning. Lekin ular bolaga qarashni istashmadi.

– Ha, qiyin bo‘larkan sizlarga.

Do‘xtir boshqa qanday maslahat berishini bilmay, ko‘zini stol ustidagi daftarga tikdi.

Shu payt eshik ochilib xonaga ko‘hlikkina qiz kirdi. Uning besaranjom ko‘zlari va qizarib ketgan yuzi xonadagilarning e’tiborini tortdi.

– Kiraverishda bir tirmizak menga gap otdi, – dedi o‘zini yig‘idan arang tutib tutgan qiz.

– U bizning nevara, – dedi erkak gunohkorona ohangda. – Tartibga olmasa bo‘lmaydi.

Do‘xtir azbaroyi qizga rahmi kelganidan erkakka yuzlandi:

– Chaqiring-chi bu yoqqa.

Erkak xonadan chiqishi bilan do‘xtir ayolga parda bilan to‘sib qo‘yilgan xona chetiga o‘tishini so‘rab, qizga topshiriq berdi.

– Onaxonni nazoratdan o‘tkazing.

Qiz bir do‘xtirga, bir ayolga qarab, hayron bo‘lganicha parda orqasiga yo‘naldi.

Ortidan kirgan ayol bilan past ovozda savol-javob qilarkan, eshikdan erkak nevarasini olib kirdi.

– Salom qani? – dedi do‘xtir ikkala qulog‘iga ham musiqa eshitish moslamasini taqib olgan o‘spirinning sabza urgan mo‘ylovi va antiqa uslubda pardoz berilgan sochiga tikilib.

Yigitcha hali javob bermay parda orqasidan piqirlagan kulgi ovozi eshitildi va avval oppoq xalat kiygan hamshira, ortidan ayol ko‘rindi. Do‘xtir bir muddat oldin yig‘lamoqdan beri bo‘lib turgan hamshiraning kulgi yashiringan yuziga savol nazari bilan qaradi.

– Siz o‘ylagan bola mana shu shumtaka ekan, – dedi kulib hamshira. – Qariyalar qo‘shni binoda joylashgan voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaga kelishgan ekan. Adashib bizning poliklinikaga kelib qolishibdi.

Hamshira shu gaplarni aytarkan, kulgisini to‘xtatib qolish uchun qo‘li bilan og‘zini berkitdi. Erkak boshqa joyga kelib qolganidan xijolatda, ayol esa do‘xtir qo‘ygan tashxisdan iymanib, yuzi qizargan, o‘spirin jazodan qutulgani ayon bo‘lgan bois yana musiqa eshitishga tutingan edi. Faqat kechasi kam uxlagani oqibatida bo‘lib o‘tgan voqeaning mohiyatini hali to‘liq anglab yetmagan do‘xtirning qiyofasidan hech nimani anglab bo‘lmasdi.

Xurshid Nurullayev

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring


    Izohlar mavjud emas