Kimni qisqartirsam ekan? (hajviya)
Ertalab xatlarni olib kirgan kotibaning xonamda bir oz ushlanib qolishidan ajablandim.
– Ishim sizni qoniqtiradimi? – dedi u hayron boqishimga javoban.
– Nega bu haqda so‘rayapsiz? – battar ajablanlim men.
– Iltimos, oldin ayting.
– Qoniqtiradi, albatta.
Darhaqiqat, kotibaning bir oz uyatchanligi, yaxshi muomalasi, pardozni me’yoridan oshirib yuborishini e’tiborga olmaganda, xushsuratligi, choy olib kirganda choynak jo‘mragining ichigacha tozalanganidan chiqargan xulosam – ozodaligi, umuman, Xudo undan kotibalarga xos xislatlarni ayamaganligidan, qilcha bo‘lsa-da, e’tiroz bildirolmasdim.
– Vazirlikdan xodimlarni qisqartirish haqida buyruq kelgan, – kotiba stol ustiga hozirgina qo‘ygan qog‘ozlarga ishora qildi. – Meni qisqartirisharmikan, deb xavotirlandim. Shuning uchun... – u so‘zini tugatmay, ovchining rahmini keltirgan himoyasiz ohu kabi chiroyli ko‘zlarini yerga qadadi.
Men qog‘ozlar orasidan buyruqni oldim. Unda idora xodimlarini o‘n foizga qisqartirish haqida ko‘rsatma yozilgan edi. Buyruqqa «reja-iqtisod va kadrlar bo‘limi hamda kasaba uyushma qo‘mitasiga, taklif kiritish uchun», deb yozdim-da, imzo qo‘yib kotibaga uzatdim.
– Xotirjam bo‘ling, sizning joyingiz qisqarmaydi. Buyruqni tegishli xodimlarga yetkazing. Tushdan keyin taklif bilan kirishsin.
Kotiba qalin surma tortgan ko‘zlari bilan menga minnatdor boqar ekan, nozli ohangda «rahmat» deb eshikka yo‘naldi. Ortidan qarab qolar ekanman, ohista qadam tashlab yurishi chiroyli oyoqlarini siqib turgan tor shimining choklari so‘kilib ketmasligi uchun ko‘rilgan ehtiyot chorasidek tuyuldi menga.
Xatlarni ko‘rib ulgurmay, rahbarlar uchun maxsus o‘rnatilgan telefon jiringladi. Hokimiyatdan bizning sohaga birkitilgan mutaxassis ekan. Quyuq salom-alikdan so‘ng ishlarning qanday borayotgani bilan qiziqdi. Gap orasida idoramizning moliya bo‘limida jiyani ishlashi, unga ustozlik qilishimni aytdi. Bu xodim zehnli bola ekan, uyaltirib qo‘ymasmish.
– Sizlarda ham qisqarish ekan-da, – dedi u gapining oxirida. – O‘znikilarni ehtiyot qilish kerak.
Ma’lumotning bunchalik tez tarqalishi meni hayron qoldirayotgandi. Hokimiyatga kim yetkazdi ekan? Yoki ularga ham bu haqda yuqoridan ko‘rsatma berilganmikan?
Navbatdagi qo‘ng‘iroq ma’muriy idoradan bo‘lib, ta’minot bo‘limidagi xodimning ishda qolishini so‘rab qilingan buyruq ohangidagi iltimos edi. Kazo-kazolarni bezovta qilayotgan bu xabar idoramizdan chiqqanini isbotlab turardi.
Tushgacha barcha xodimlarimning oshna-og‘aynilari katta-katta lavozimlarda ishlashi menga ma’lum bo‘ldi. Uylab qarasam, qo‘ng‘iroq qilganlarning birortasiga yo‘q demabman. Og‘ir ahvolda qoldim. Yo‘l qo‘ygan ehtiyotsizligimdan asabim buzildi. Kayfiyatim yo‘qligi bois tushlik ham tatimadi, hisob.
Tushdan keyin reja-iqtisod va kadrlar bo‘limi boshliqlari hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisi tayyorlagan taklifni ko‘rib, tutaqib ketdim. Qisqartiriladigan uchta xodimning birinchisi kotiba, qolgan ikkitasi moliya va ta’minot bo‘limlari mutaxassislari bo‘lib, va’da bergan odamlar oldida mening yuzim shuvit bo‘lishi turgan gap edi.
– Kotibasiz ishlash mumkinmi? – dedim kadrlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan o‘rta yoshlardagi ayolga deyarli o‘shqirib. – Qabulxonani karvonsaroy qilmoqchimisiz?
Ayol boshini egdi. Mengacha ikki-uchta kotibaning boshini yegan bu ayol nima uchundir kotiba bilan mensimay munosabatda bo‘ladi. Jamoada xotin-qizlar oz bo‘lgani uchun bunday muomalasini idoradagilar ularning o‘zaro raqobatiga yo‘yishardi.
– Kotibalik qisqaradi, kotiba emas, – gapga qo‘shildi kal boshini har soniyada qashishi bilan jig‘imga tegayotgan reja-iqtisod bo‘limi boshlig‘i.
– Nima?!. Qanday?.. Tushuntirib gapiring.
U shtatlar ro‘yxati yozilgan qog‘ozni menga uzatdi. Kotiba va ikkita mutaxassis qisqargani ko‘rsatilgandi qog‘ozda.
– Xo‘sh? – dedim hech narsaga tushunmay.
– Kotibalik qisqaradi, lekin ish yurituvchi degan xodim shtatini kiritamiz. U o‘tgan yili qisqargan edi. Xuddi shu tarzda moliya bo‘limidan bir shtatni qisqartirib, hisob-kitob bo‘limiga...
– Tushunarli, lekin uchta xodim qisqartirilishi kerak. Vazirlikka nima deb javob yo‘llaymiz?
– Uchta xodim qisqaryapti-ku, – gapga aralashdi kadrlar bo‘limi boshlig‘i. – Mana buyruq.
Men u uzatgan buruq bilan topshiriqning bajarilgani haqidagi vazirlikka tayyorlangan xatni olib, o‘ylanib qoldim. Bu ko‘zbuyamachilikdan boshqa narsa emasdi.
– Bunday qisqarish birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Har yilgi tadbir, – boyadan buyon bir so‘z demay, xotirjam o‘tirgan kasaba uyushma qo‘mitasining raisi menga dalda berdi. – Har yili uchtadan xodimni qisqartirganimizda hozir biz bu yerda o‘tirmagan bo‘lardik.
Uning qiqirlab kulishi reja-iqtisod va kadrlar bo‘limlari boshliqlarining iljayishi bilan quvvatlangan bo‘lsa-da, mening hali ham bezovtalikdan qutulib ulgurmagan qiyofam avvalgi holatga qaytarishga majbur etdi.
– Boshqa taklif yo‘qmi? – dedim qo‘limda tutib turgan buyruq va xatga imzo chekishdan ikkilanib.
– Yo‘q.
Bu so‘zni uchalasi aytdimi yoki bittasimi, anglay olmadim. Men stol tortmasidan asabni tinchlantiruvchi dori olib, tilimning tagiga tashladim.
– Ish yurituvchiga aytaymi, choy bersin.
– Kerak emas, – dedim kadrlar bo‘limi boshlig‘ini to‘xtatib, so‘ng uning bu gapni kinoya bilan aytmaganiga ishonch hosil qilib, qog‘ozlarga imzo chekdim.
Xurshid Nurullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter