Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaqin qarindoshlarning ishonchnomasiz avtomashina haydashi masalasida rasmiy izoh berildi

Yaqin qarindoshlarning ishonchnomasiz avtomashina haydashi masalasida rasmiy izoh berildi

Garchi endilikda yaqin qarindoshlar ishonchnomasiz avtomashina boshqarishi mumkinligi haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, eski namunadagi sug‘urta polislari blanki bilan yurib bo‘lmasligi muammosi yuzaga kelgani haqida mulohaza yuritilgandi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, ushbu masalaga O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB izoh bergan.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 915-son qaroriga asosan, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) ushbu transport vositasidan mustaqil foydalanishi va boshqarishi mumkinligi belgilanib, yangi namunadagi sug‘urta polisi blankalari ham tasdiqlangan.

Haqiqatdan ham, hozirgi kunda sug‘urta kompaniyalari tomonidan yangi namunadagi sug‘urta polisi blankalarini chop etish va amalga kiritish bo‘yicha muammo mavjud.

Ta’kidlash lozimki, mazkur muammoning yechimi topilishidan eng avvalo biz manfaatdormiz. Chunki, yo‘l patrul xizmati inspektori bilan haydovchi o‘rtasidagi munosabatlarning qay tarzda shakllanishi ham shunga bog‘liq.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi mazkur muammoni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rayotganligini ma’lum qilamiz.

Muammoga e’tibor qaratganingiz va uning yechimini tezlashtirishga qo‘shayotgan hissangiz uchun Sizga hamda masalaga bee’tibor bo‘lmagan barcha yo‘l harakati ishtirokchilariga minnatdorlik bildiramiz», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB izohida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring