Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UzAuto Motors» & MQKQ: sud, hafsalasi pir deputatlar va umidvor jurnalist...

«UzAuto Motors» & MQKQ: sud, hafsalasi pir deputatlar va umidvor jurnalist...

«UzAuto Motors» AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) Maxsus komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilib, alal-oqibat yutib chiqqani ko‘pchilikning hafsalasini pir qilgani bor gap. Ijtimoiy tarmoqlarda suddan «muzaffar chiqqan» kompaniyani olqishayotganlar yo‘q darajada. Shundan kelib chiqilsa, «adolat qaror topdi deyish» kulgili hatto.

«UzAuto Motors» AJ ishlab chiqarayotgan shundoq ham qimmat avtomobillarning narxi yana oshirilishiga jiddiy e’tiroz bildirib, bu borada Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining qarori chiqishiga sababchi deputatlarning ham kechagi suddan keyin tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan ko‘rinadi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining haqparvar deputati Rasul Kusherbayev quyidagicha munosabat bildirdi: «O‘zavtomotors» va uni qo‘llab-quvvatlovchilarning harak(j)atlari zoye ketmadi. Ular shuni istashdi, shu bo‘ldi, ular «bo‘l» dedi, bo‘ldi, «bo‘lma», desa bo‘lmasdi.

Ularga qancha gul, pul, kuch, e’tibor kerak bo‘lsa hammasi muhayyo. Faqat odamlarning ishonchi va hurmatidan tashqari... Ammo ular uchun bir chaqalik qiymati yo‘q ishonch va hurmatsiz ham ular g‘olib, buyuk va tengsiz bo‘lib qolaverishlari mumkin. Chunki ular «eski O‘zbekiston» bo‘la turib «yangi O‘zbekiston»ni mag‘lub eta oldilar.

Xullas, yangi O‘zbekistondagi «eski O‘zbekiston»ga «g‘alaba» muborak!

Sudga esa gap ham yo‘q

Parlament quyi palatasining yana bir jonkuyar deputati Doniyor G‘aniyevning munosabatida umidsizlik ohanglari shundoq bilinadi: «UzAuto Motors»ga oid bugungi sud qarori mamlakatda monopoliyaga qarshi kurash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish borasida aytilayotgan barcha gaplar, kutilayotgan islohotlar ildiziga bolta urdi.

Garchi bundan ancha oldin sud qarori «olib-sotar» «UzAuto Motors» foydasiga chiqishiga oid taxminlarni bir necha manbalardan eshitcam-da, lekin noumid shayton deya odil sudlov qaror topishiga oxirigacha umidvor edim. Afsus, ming afsus...».

E’tiborlisi, parlamentning quyi va yuqori palatalaridagi boshqa ko‘psonli xalq vakillari haligacha churq etishgani yo‘q!

Jurnalist va huquqshunos Olimjon O‘sarov esa ancha optimist. Unga ko‘ra: «...bu hammasi tugadi, degani emas. Qo‘mitaga xayrixohlar bundan juda o‘ksinmasa ham bo‘ladi. Qo‘mita hali butunlay yutqazgani yo‘q. Birinchi instansiya sudida yutqazdi, xolos. Qo‘mita sudning ushbu qaroridan noroziligini bildirib, yuqori instansiya sudiga shikoyat qilish huquqi bor. Zero, Qo‘mita bu huquqidan foydalanishi va keyingi instansiya sudlarida hatto ishni o‘z foydasiga hal qilishi ham mumkin...»

Qaydam, qaydam...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring