Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Haydovchilik guvohnomasining muddati tugamagan bo‘lsa ham yangisiga almashtirish shartmi?

Haydovchilik guvohnomasining muddati tugamagan bo‘lsa ham yangisiga almashtirish shartmi?

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-son qaroriga muvofiq, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish tartibi belgilab berilgan. Biz bu haqda bir-necha bor ma’lumot bergan edik. Lekin shunday bo‘lsada hali-hanuz fuqarolarimiz haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish shartmi? Guvohnomamda amal qilish muddati ko‘rsatilmagan yoki muddati hali tugamagan bo‘lsachi? Unda nima bo‘ladi qabilidagi savollar bilan murojaat qilishmoqda. Shularni inobatga olgan holda biz bugun ana shu mavzuni yana bir yoritishga ahd qildik.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ayni vaqtda Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tasarrufida bitta Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi hamda Yangiyo‘l, Angren, Olmaliq, Chirchiq, O‘rtachirchiq shahar-tumanlarida Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari faoliyat olib bormoqda. Ularning barchasida tashrif buyurgan fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratishga harakat qilinmoqda.

Toshkent viloyati IIBB YHXB Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi inspektori Alisher Sheraliyev hozirda Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim va bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilayotganligini aytib, bunda uzundan-uzoq navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozliklar yo‘qligi, murojaat qilgan fuqarolarimiz juda qisqa vaqtlarda haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirib olishlari mumkinligini ta’kidlaydi.

Shuni aytish lozimki, 2020 yil 31 dekabrga qadar eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomalarini, berilgan sanasidan va amal qilish muddatidan qat’iy nazar, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirish shart. Chunki, belgilangan qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar kunidan boshlab eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi. Bu esa haydovchiga ancha noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Sababi, haydovchi transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargudek bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi)ga asosan chora ko‘riladi hamda huquqbuzarlik oqibatlari bartaraf etilguniga qadar transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yiladi.

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalariga ega bo‘lgan barcha haydovchilarga o‘z vaqtida yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalariga almashtirib olishlarini tavsiya etamiz.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring